Andijon shahrida 22-mart kuni mehmonga kelgan tanishlar o‘rtasidagi janjalda bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Tergov departamenti xabar qildi.

Qayd etilishicha, shu kuni A.R. (50 yoshli) hamda B.A. (53 yoshli) shaharning “Islomobod” mahallasida joylashgan M.M.ning (53 yoshli) yashash xonadoniga mehmonga kelgan. U yerda birgalikda spirtli ichimliklar iste’mol qilib, A.R. hamda B.A. mast holda bir-birini haqorat qilgan. O‘rtada janjal kelib chiqib, B.A. stol ustida turgan xo‘jalik pichog‘i bilan A.R.ning ko‘krak sohasiga bir marotaba urib tan jarohati yetkazgan. Oqibatda A.R. hodisa joyida vafot etgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida A.R.da ko‘krak qafasi o‘ng tomon sohasidan ko‘krak bo‘lig‘iga teshib o‘tuvchi sanchma kesma jarohat aniqlangan. Mazkur jarohat og‘irlik darajasiga ko‘ra, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari sifatida baholanishi ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan B.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘ladigan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.