Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanida ona va uning qizi o‘z yashash uyida o‘ldirib ketilganiga oid xabarlar tarqaldi. “Daryo” so‘roviga ko‘ra, Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov holat 10-mart kuni sodir bo‘lganini tasdiqladi.

Aniqlanishicha, 10-mart kuni tumanning “Esaboy” mahallasida istiqomat qiluvchi 58 yoshli N.A. va uning 21 yashar qizi V.D.ning murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyatni fosh etish uchun tezkor-tergov guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avval Namanganda odam o‘ldirganlikda gumonlangan shaxslar Toshkentda qo‘lga olingani, Andijonda shar’iy nikohdagi eri boshqaga uylanayotgani uchun uni o‘ldirgan ayol 10 yilga qamalgani hamda Jizzaxda mast holatda tanishini pichoqlab o‘ldirgan erkakka jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.