Hayot misoli kitob, bir sahifani takror va takror o‘qimaslik uchun varaqlash kerak. Sayohat ham shunga o‘xshaydi – bir xil umr kechirmaslik uchun tez-tez safarga otlanish shart. Bunda inson o‘zini kashf etadi, nega yashayotganini anglaydi, mabodo tabarruk qadamjolar ziyorati bo‘lsa, unda kecha, bugun va ertasi haqida o‘ylab, qalbi taskin topadi. Muqaddas mohi Ramazon arafasida Toshkent viloyatidagi mashhur “Zangiota” ziyoratgohiga qilingan sayohat esa mana shu haqiqatlarni takror tushunishga, o‘tayotgan umrni yana bir karra xomcho‘tlashga yordam berdi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Sayyoh bo‘lib bir kun

Hafta davomida ish va o‘qishdan ortmagan odam tuzukroq dam olgisi, keyingi haftani shiddat-la, kuchga to‘lib boshlagisi keladi. Sayohat (hatto kichik bo‘lgan taqdirda ham) noxush kayfiyat va charchoqlardan qutulishga, estetik zavq, ma’nan hordiq olishga eng bop usul. Harholda men uchun shunday. Shu niyatda metroga tushib, “Chilonzor” bekatidan chiqdim. Hamkasbimning aytishicha, men bormoqchi bo‘lgan maskanga arzon (2500 so‘m) va oson yetib olish uchun metro oldidagi “marshrutka”lar eng qulayi ekan. Hali besh daqiqa kutmasimdan yetib kelgan ushbu transport vositasiga yo‘lovchilar shosha-pisha chiqarkan, tezlashmasam, joy qolmasligini anglab, o‘zimga yarashmagan chaqqonlik bilan ularga qo‘shilib oldim. Yolg‘iz safarga chiqish — ortiqcha so‘zlardan tin olib, yaxshi bir hikoyani cheksiz tinglash yoki kuzatish imkonini beruvchi in’om. Yo‘l biroz uzoq.

Ulov odam bilan liq to‘la. Ko‘zlari qandaydir qiyinchiliklarni ko‘raverganidan kirtaygan, kaftlari og‘ir mehnatdan dag‘allashsa-da, ayolligini boy berishni istamay, egniga duxobadan ko‘ylak kiyib, lablariga qirmizi bo‘yoq surgan, tizzasidagi o‘g‘ilchasini quchoqlab olgan o‘rta yoshlardagi juvon yonida saqichini chapillatib chaynayotgan qizga onda-sonda o‘qrayib qarab qo‘yardi. Qarshimdagi amaki esa yonidagi yo‘lovchining Rossiya va Ukraina haqidagi uzuq-yuluq mulohazalariga uncha ro‘yxushlik bermay, “Nima bo‘lganda ham, urush yomon, nomi o‘chsin” deb qo‘ya qolardi.

Bir-biriga o‘xshamagan odamlarning o‘zini tutishi, gap-so‘zini kuzatgancha yarim soat o‘tib ketgani-yu, poytaxtdan taxminan 15 kilometr uzoqda joylashgan “Zangiota” ziyoratgohiga allaqachon yetib kelganimizni sezmay qoldim.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Ziyoratchilarning kelib-ketishini osonlashtirish maqsadida majmua yaqinida avtobus bekati joylashgan. Kiraverishda o‘tirgan xolaning aytishicha, bu yerga oldinlari tez-tez keladiganlar pandemiya, karantindan keyin kamnamo bo‘lib qolgan, hozir esa asosan Haj safaridan avval keladiganlar ko‘proq emish.

Parvardigor nazari tushgan inson

Foto: “My Tashkent.uz”

Amir Temurning shaxsan o‘zi ushbu zotga atab bino bunyod etishiga nima sabab bo‘lgan? Tarixi, millatining o‘tmishiga befarq bo‘lmagan har bir kishiga javob tariqasida ziyoratgoh hududida ma’lumotlar yozib qo‘yilgan. Lekin nimagadir uni o‘qiyotgan tashrifchiga ko‘zim tushmadi. Demak, mendan boshqa atrofimdagi hamma bu haqida allaqachon biladi yoki aksincha, shunchaki qiziq emas…

Foto: “My Tashkent.uz”

Turk-islom olamidagi mutafakkir, mutasavvif donishmandlaridan biri, Yassaviya tariqatining davomchisi Oyxo‘ja ibn Toj Xo‘ja XII asr oxirlarida Toshkentning Samarqand darvoza atrofidagi mahallada tug‘ilib, voyaga yetgan. Nasli arablardan, qorachadan kelgani uchun zangi (zanji), himmatli ekani sabab esa Zangibobo, Himmatiy degan nom olib, el orasida mashhur bo‘lgani manbalarda qayd etilgan.

Foto: “My Tashkent.uz”

Zangiotaning tug‘ilgan yili haqida taxminlar ko‘p. Bu haqida ziyoratgoh rahbari Abdulla Xoliqov shunday deydi: “Aslida Zangiotaning o‘lgan yili aniq — 1258-yil, ammo tug‘ilgan yili mavhum. Tarixga chuqur e’tibor bermaslik bizga sovet davridan meros. Manbalarni o‘rganib, u kishining o‘lgan yili va boshqa taxminlarni jamlab, juda aniq bo‘lmasa ham, haqiqatga yaqinrog‘ini olib, 1168-yilda tug‘ilgan degan ma’lumotda to‘xtadik va bukletga shuni kiritdik”.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Ammo yana bir jihati borki, devorga ilingan plakatdagi Zangiotaning tug‘ilgan joyi haqidagi ma’lumot, sayyoh va mahalliy aholi uchun o‘zbek, rus va ingliz tilida ziyoratgoh mutasaddilari tomonidan ishlab chiqilgan bukletdagidan farq qiladi. Ya’ni unda Zangiota Toshkent bilan Eski Qovunchi oralig‘idagi Zangiota qishlog‘ida dunyoga kelgan deb qayd qilingan. Boshqa bir manbalarda ham shunday ma’lumotni uchratish mumkin.

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Toshkent Islom instituti Ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri Obid Tangirovdan Zangiotaning tug‘ilishi bilan bog‘liq qaysi ma’lumot asosli ekani haqida so‘raganimizda, mutaxassis uning Toshkent hududidagi Samarqand darvoza va O‘qchi mahallalari atrofida dunyoga kelgani haqiqatga yaqinroqligi, qabri Zangiotada joylashgani sabab esa tug‘ilishi bilan bog‘liq qarashlar o‘zgargan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Buni u o‘sha vaqtda odamlar qishloq va shaharda yashagani, xususan, Zangiota o‘troq hayot kechirgani bilan tushuntirishga urindi. Shuningdek, u vaqtlarda Samarqand darvoza va O‘qchi mahallalari atrofida aholi yashagani, Toshkent shahrida Ming O‘rik qulab, Binkat markaz bo‘lganidan keyin o‘sha hududlar mahallalarga aylangani, Zangiotaning qabri joylashgan hudud esa dalali joylar bo‘lgani bilan asosladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Oyxo‘ja 25 yoshida Xorazmdan olib kelgan Anbar onaga uylangach, Zangiota qishlog‘iga joylashib, shu yerda muqim yashay boshlaydi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Abdulaziz Muhammadkarimovning “Toshkentnoma” kitobida Zangiotaning hayoti XIII asrning 20-yillarida mo‘g‘ul istilochilari Movarounnahrning eng yirik shahar va qishloqlarini kultepaga aylantirib, oddiy mehnatkash xalqni qullik iskanjasiga solgan davrga to‘g‘ri kelgani, shunday vaziyatda Zangiota va uning shogirdlari xalqning madaniy merosi, Islom dinini bosqindan saqlab qolish uchun savobli ishlarni amalga oshirgani haqida yozilgan.

Tarixshunos Obid Tangirov Zangiotaning ilm olish va bo‘lishishni kanda qilmaslik bilan birga podachilik bilan shug‘ullangani, hozir oddiy kasbdek tuyulgani bilan, o‘sha vaqtda aholi mollarini hammaga ham ishonib topshirmagani, o‘z navbatida, bunday mas’uliyatni bo‘yniga olishga har kim ham jur’at qilmaganini aytadi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Zangiota 1258-yilda vafot etgan. Zangiota va Anbar bibi maqbarasining qurilish ishlari XIV asrning 90-yillarida Amir Temurning farmoni bilan boshlanadi.

Tarixshunos Toshkentda avliyo zotlarga bo‘lgan hurmat yuqori bo‘lgani uchun XVIII asrga qadar mavjud to‘rtala daha nomi o‘sha yerlik avliyo zotlar nomi bilan, xususan, Beshyog‘och Zangiota dahasi deb atalganini keltiradi.

Tush sabab bo‘lib qurilgan qadamjo

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Necha avlod vakillari bilan yuzlashgan qadamjo tarixi bilan bog‘liq turli rivoyatlar mavjud. Ularning ko‘pida biz bilgan va bilmagan haqiqatlar yashirin. Tarixiy maskanlar asrdan asrga o‘tib kelarkan, ular haqidagi afsona va rivoyatlar ham og‘izdan og‘izga o‘taveradi.

Me’mor, rassom Shavkat Muzaffarning ta’kidlashicha, rivoyatlardan birida Amir Temur dastlab Ahmad Yassaviyga atab maqbara qurishga ahd qiladi, ammo nima uchundir ish hadeganda yurishmaydi. Sababini bilmay yurgan kunlari g‘aroyib tush ko‘radi. Unda nuroniy bir zot Yassaviyga maqbara qurishdan oldin Zangiotaning qabrini obod qilishi kerakligini aytadi.

“Toshkentnoma”da keltirilgan ma’lumotlar ham rivoyatning bejizga emasligini tasdiqlaydi. Unda Zangiota tug‘ilgach, uni ko‘tarib kelib Xoja Ahmad Yassaviyga ko‘rsatishgani va undan suyunchi so‘rashganida, suyunchiga “mendan oldin shu go‘dakka maqbara qurilsin. Sizlar meni hurmat qilib kelibsizlar, bu go‘dak mendan ham ulug‘ bo‘lsin” deyilgan.

Shu bois Amir Temur Ahmad Yassaviydan avval Zangiota ruhini shod etish niyatida maqbara tiklashga kirishadi. Bobosi boshlagan ushbu xayrli ishni nabirasi davom ettiradi — Mirzo Ulug‘bek 1420-yilda maqbaraning old qismiga naqshinkor peshtoq qurdiradi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Tarixchi azaldan O‘rta Osiyo, Dashti Qipchoq, Afg‘onistondan musofirlar tashrif buyurganini ma’lum qilgan ushbu majmuaga ayni vaqtda ham turfa insonlar: hassasiga suyangan qariyadan tortib, qiyqirib yurgan bolagacha kelib-ketadi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Darvozadan ichkariga kirgach, chap biqinda joylashgan eshikdan turli esdalik sovg‘alar, kitob va milliy buyumlar sotiladigan do‘konlarga chiqsa bo‘ladi. Ro‘mol o‘rash yo olishni unutgan xotin-qizlar o‘sha yerdan sharf yoki ro‘mol sotib olib, keyin ichkariga kiradi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Do‘konga chiqaverishdagi eshik tagida turgan amaki qadamimiz o‘sha tomonga ildamlaganini ko‘rib: “Baxtingni bersin, Hasan-Husanlar nasib qilsin, Allohning yo‘lida ojizlarga ham atab keting, qizim”, deb duo qilishga tushib ketdi. Hech kimdan sado chiqmagach, birdan o‘zgarib: “Ikki dunyoing obod, biring ikki bo‘lmasin”, — deb bisotidagi jamiki qarg‘ishlarini to‘kib soldi.

Tavba, g‘alati odamlar bor-a! Na kulishni, na yig‘lashni bilasan. Ruh buzilsa, uni davolab bo‘lmasligini eshitgandi-mu, amalda endi ko‘rishim. Pulni deb kimgadir til uchida baxt yoki aksincha, birinchi marta ko‘rayotgan odamingga uyalmay-netmay yomonlik tilash ham mumkin ekan.

Asrlar davomida turfa tarix-u, odamlarga guvoh bo‘lgan maqbara

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Katta bog‘, binolar majmuasi — masjid, madrasa, minora, shuningdek, Anbar bibi maqbarasini ham o‘z ichiga oladigan ansambl hududi chinnidek toza va fayzli.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Necha asrlik joy deb atalishiga aynan u sababchi ekaniga qaramay, hovlining janubida joylashgan Zangiota maqbarasi, tarix sinoatlarini ko‘z-ko‘z qilishni istamagandek, kamtarona qad rostlab turadi. Qah-qah otib kuladigan, baland ovozda gaplashayotganlar unga yaqinlashgach, ovozini pasaytirar, juvonlar esa boshlaridagi ro‘mol-sharfning bir uchi bilan ko‘ylagining oldi ochiq qismini yopmay turib ichkariga kirishga jazm qila olmaydi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Sir qoldiqlari saqlanib qolgan peshtoqli ayvon, yonma-yon qurilgan ziyoratxona bilan go‘rxonadan iborat maqbaradagi domlaning ovozi hovliga uzun-yuluq eshitilar, ichkarida joy qolmaganini bilgan ziyoratchilar esa ularning chiqishini sabr bilan kutib turardi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Ziyoratxonaning pastki gumbazi devor, burchaklardagi yirik va mayda ravoqlarga tayangani, tashqi gumbaz esa ichki gumbaz ustida baland aylana devorga biriktirilganini soatlab tomosha qilsa bo‘ladi. Qur’on oyatlarini eshitib ko‘ngil huzurni tuysa, zarhal gumbazning pastki bezaklariga tikilib, ko‘zlar yayraydi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Maqbaraga burchaklarida guldasta minoralari bo‘lgan portal-gumbaz konstruksiyalari ko‘rinishidagi darvozaxona orqali kiriladi. Ichkariga kirgan ziyoratchi aylana qilib qo‘yib chiqilgan o‘rindiqqa, ayrimlar esa cho‘kkalagancha yerga joylashadi. Domla tilovat qilishni boshlaydi, kimlardir pichirlagancha jo‘r bo‘ladi. Domla tugatganidan keyin esa hamma birgalikda yuziga fotiha tortadi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Kiraverishdagi ziyorat odoblari bilan bog‘liq eslatmada ichkariga kirib o‘tirgach, oyatlardan tilovat qilish kerakligi, niyatlar va hojat baroridan kelishini qabr ahli emas, faqat Allohdan so‘rash ta’kidlangani, maqbara va qabr toshlarini o‘pish, sham yoqish, qabrga qarab sajda qilish shirk amallardan ekaniga urg‘u berilganiga qaramay, o‘z bilganidan qolmaydigan tashrif buyuruvchilar borligi ham ko‘zga tashlanib, dilni xira qiladi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Ajoyib me’morchilik namunasiga termulib, maqbara qurilganidan buyon ko‘rinishi qanchalik o‘zgardi ekan, degan savol xayoldan o‘tadi. Bunga tarixchi: “O‘z vaqtida ta’mirlash ishlari olib borilgani hisobiga ham maqbara bugungi kungacha yetib kelgan”, deb javob berib, o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy ekaniga imo qiladi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Maqbarada kelib chiqishi bundan bir necha ming yil avval Misr, Bobil va qadimgi Sharqqa borib taqaladigan mayolika, ya’ni sirlangan koshinlar borligi diqqatni tortadi. O‘rta asrlarda ushbu texnikadan O‘rta va Markaziy Osiyo mamlakatlari ustalari ham foydalangan. Italiyaga esa Malyorka orolidan kirib kelib, XIV va XVII asrlarda keng tarqalgan. Mashhur haykaltarosh Luka della Robbia va uning jiyani Andrea mayolika mexanikasini bo‘rtma haykaltaroshlik (reliyef)da ishlata boshlagan.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Ushbu maqbarada esa mayolikaning ajoyib ranglar uyg‘unligi — moviy, ko‘k, zangori ko‘zni quvnatadi, unda islimiy va geometrik naqshlar ham bor. Rassomning tushuntirishicha, Markaziy Osiyo me’morchiligida koshinlar asosan Amir Temur davrida ishlatilgan. Shavkat Muzaffar maqbaraga qo‘shimcha me’moriy elementlar XVII—XX asrlarda qurilganini aytadi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Ularni tomosha qilarkanman, faqat bir o‘y tinchlik bermaydi: kelasi avlodlarga bizgacha yetib kelgan qadamjoni bus-butun, tarixini esa boricha yetkazaylik ishqilib...

Kelgan borki, ruhi yengillashadi

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Qo‘lida tasbeh ushlab, atrofni kuzatib o‘tirgan, ro‘molidan oq sochlari mo‘ralab turgan yangiyo‘llik Muqaddam aya Zangiotaga Xudoning nazari tushgan odam, deb ta’rif beradi. “O‘limidan keyin unutilib ketayotganlar qancha. Shunchalik aziz inson ekanki, uzoq-uzoqlardan odamlar kelib, ziyorat qiladi, bolam. Men ham har safar kelganimda qalbim taskin topib, ancha yengillashaman. Ikkita transportga chiqishim, ko‘proq yo‘lkira sarflashimga to‘g‘ri kelsayam, erinmay kelaveraman”, — deydi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Tebranma o‘rindiqda o‘tirib, quvlashmachoq o‘ynayotgan farzandlarini kuzatayotgan, shu yaqin mahallada yashaydigan Jamila kelinoyi esa ziyoratgohga chiqib, dam olishini aytadi: “Kundalik yumushlar bilan o‘ralashib, bemalol nafas olishga vaqt topilmaydi. Bolalarni domlaga dam soldirgani olib kelib, o‘zim sal tin olaman”.

Shu payt peshin namozi vaqti kirib, azon ovozi quloqqa chalindi. Uni eshitib, hovlida yurgan hamma, hatto bir-birini quvlab yurgan Jamila opaning bolalari ham cho‘kkalab o‘tirib, kattalardek sukut saqlay boshladi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Hovlida balandligi 31 metrga yetadigan minoradan taralayotgan namozga chaqiruv butun ziyoratgohni qoplab olgan. Avval ham minora bo‘lgan, ammo bunisi boshqa — yangi qurilgan.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Obid Tangirovning so‘zlariga ko‘ra, 1866-yil Toshkentda juda kuchli zilzila bo‘lgan. 1887—1888-yillari ta’mirtalab holga kelgan Zangiotaning qabri joylashgan go‘rxona qayta ta’mirlangan. XX asr, ya’ni 1914—1915-yillar atrofida qurilgan eski minora esa 2013—2015-yillardagi qayta ta’mirlash ishlari vaqtida olib tashlanib, o‘rniga masjid oldida 31 metr balandlikdagi hozirgi — yangi minora qurilgan.

Oxiri ko‘rinmayotgan ziyoratchilarni kuzatib, dam olish kuni bo‘lgani uchun odam gavjummi yoki doim shundaymi, deb so‘rasam, kadrlar bo‘yicha mutaxassis Hikmatillo Mirsobirov: “Shanba-yakshanba kunlari besh-olti ming, hafta kunlari ming-ikki ming ziyoratchi keladi”, deya javob berdi.

“Yiliga 100, 120 nafar xorijlik sayyoh asosan Turkiya, Pokiston, Afg‘oniston va Hindistondan kelib turadi. Ammo ularning soni pandemiyadan keyin ancha kamaygan”, — deya kiraverishdagi xolaning gapini tasdiqlaydi xodim.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Madrasa va masjid maqbaraning ikki tarafida joylashgan. Hovlidan turib qaraganda majmuadagi darvozaxonaning ortida zangori gumbazli, ikkita pastkam minora borligi shundoq ko‘rinib turadi. XVII asrda qurilgani aytiladigan, bir qavatli hujra, 2 ta darvozaxonadan iborat madrasa o‘z vaqtida talabalar uchun ziyo maskani bo‘lib xizmat qilgan. Uning yog‘ochdan o‘ymakor naqshlar bilan ishlangan eshiklari sharqona ertaklarda tasvirlangan va eski filmlardagi sahnalarni esga solardi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori 1870-yilda pishiq g‘ishtdan masjid qurdirilganini qo‘shimcha qiladi. Namozgoh masjidining peshayvonini qo‘qonlik Hoji Muhammad bezagan. Ustunli, devorlari girih va yozuvlar bilan bezatilgan peshayvonli masjidda ayol va erkaklar alohida xonalarga kirib namoz o‘qiydi. Ayollar namozxonasida chamasi 4-5 yoshlardagi qizaloq onasiga taqlid qilishi — o‘tirganda o‘tirib, turganida sakrab turib olishi tashqaridan ko‘rinib turardi.

Gap kor qilmas ziyoratchilar

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Naqshlarni tomosha qilib bo‘lgach, shimoli sharqdagi yana bir boshqa kichik darvozadan Anbar bibi maqbarasi va qabriston tomonga yurib chiqiladi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Ungacha bo‘lgan hududda joylashgan hovuzning shundoqqina oldiga taxtacha qo‘yilgan bo‘lib, unda hovuzga tanga tashlash mumkin emasligi yozib qo‘yilgan. Shunga qaramay, hovuz ichidagi tangalarni ko‘rib, ayrimlarning gapga tushunmasligi-yu tartib va qoidalarni qanchalik mensimasliklarini payqash mumkin.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Majmuaning janubi-g‘arbida joylashgan Anbar ona maqbarasi ham Amir Temur davri me’morchilik an’anasining yorqin namunasidir. Unga hovuz oldidan o‘tib boriladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bino vaqt o‘tishi bilan asl holatini yo‘qotgan, keyingi ta’mirlashlar sabab ancha epaqaga kelgan. XX asrga yaqin Mirzo Rustam ismli shaxs o‘z hisobidan maqbarani ta’mirlagan.

O‘z davrining bilimli ayollaridan bo‘lgan, xotin-qizlarga Islom dinidan ta’lim berish bilan birga doyalik ham qilgan Anbar bibi Qoraxoniylar davlati hukmdori Ibrohim Bo‘g‘roxonning qizi bo‘lgan.

“Zinapoyadagi ikkita prizmatik toshdan iborat qabr toshida Zangiota maqbarasi gumbazidan olingan mayolika parchalari tasvirlangan. Birinchi qabr toshi Anbar bibiga, ikkinchisi Ahmad Yassaviy izdoshi Hakim otaning onasi Ulug‘ Podshoga tegishli edi”, — deydi Shavkat Muzaffar.

Maqbara peshtoq, ziyoratxona va go‘rxonadan iborat. Ziyoratxona va go‘rxonaning usti qo‘shqavat gumbazli, qubbali toshdan, kichik doira shaklida yasalgan. Maqbaraga oq marmardan qabrtosh qo‘yilgan. Atrofiga arabiy xat va nafis naqshlar o‘yilgan. Maqbara dastlab ikki xonali bo‘lgan, keyinchalik uning oldiga peshtoq qurilib, koshinlar bilan bezatilgan. Peshtoq tayanchi uncha baland emas.

Xuddi Zangiota maqbarasida bo‘lganidek, Anbar ona maqbarasining yoniga kelgan tashrif buyuruvchilar ham o‘rindiqlarga o‘tirib tilovat qiladi. Faqat o‘rindiqlar maqbaraning ro‘parasida — tashqarida joylashgan bo‘lib, usti yog‘in-sochindan himoya tariqasida yopib qo‘yilgan.

Domlalardan biri o‘tirganlarga majmua tarixi haqida qisqacha ma’lumot berish bilan birga, qilinishi kerak va nojoiz amallar haqida ham ma’lumot beradi.

Gap orasida domla aksariyat kishilarning “Farzandim yo‘q, baxtim ochilmayapti”, deb ko‘pincha shirk amallarni bajarishiga alohida urg‘u beradi. Yig‘ilganlar uning gaplarini ma’qullab, boshini qimirlatgancha tasdiqlaganiga qaramay, turgandan keyin dugonasiga maqbara atrofida gir aylanib, niyatni aytaverish kerak, degan qiz e’tiborimni tortdi. Shunda yana bir bor tushundimki: yozgan, quloqqa quygan bilan odamning o‘zida bo‘lmasa, hammasi befoyda ekan.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Ichki darvozadan chiqaverishdagi chap tarafdagi binoga choyxona deb yozib qo‘yilgan. Ayrim manbalarda ziyoratgoh hududida avval halimxona bo‘lgani, tayyorlangan taomlar tashrif buyuruvchilarga tarqatilgani haqida ma’lumot bor. Ta’kidlanganidek, oldinlari ham mazkur joyga uzoq-uzoqlardan ziyoratchilar kelgan. Ularga qo‘li ochiq, saxiy insonlar tayyorlagan taomlaridan tarqatib, ehson dasturxonlari yozgani haqiqatga yaqin, deydi Obid Tangirev. Qolaversa, Muhammad Solih Xo‘janing “Tarixi jadidayi Toshkand” asarida XIX asrning oxirida pishiqchilik vaqtida qovun sayllari ham bo‘lgani qayd etilgan.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Bugun ham ushbu odat qaysidir ma’noda saqlanib qolgan. Majmuaga yaqin yerdagi mehmonxonaga joylashgan xorazmlik Farog‘at opa ziyoratchilar xohishiga qarab, Alloh yo‘lida qo‘y so‘ydirishi, etini xayr-ehson qilib, qolgan ma’lum qismini pishirtirib, shu yerda oilaviy tamaddi qilishlari mumkinligini aytadi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Oddiy bo‘lmagan joyda oddiy insonlar bilan suhbat, tarix va o‘zligimiz bilan bog‘liq ma’lumot, havas qilgulik kishilar-u, tartib-qoida nima ekanini hali yaxshiroq bilmaydigan bolalar, qilinishi zarur va nojoiz ishlar, o‘rganilishi keraku, voz kechish muhim sanalgan amallar haqida fikrlash imkonini berdi. Hozirda 43 nafar xodim ishlaydigan, barcha sharoit va qulaylikka ega maskanga buning uchun minnatdorlik bildirgan holda ortga qaytdim.

“Hech nima tafakkurni sayohatchalik boyitmaydi”

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Aslida hamma narsa birgina qarordan boshlanadi. Kunlarning oddiy o‘tmasligi, imkoniyat va sharoitdan kelib chiqib hayotni o‘zgartirishga qilingan qarordan. Ushbu qaror bilan hayotni rang-barangroq qilish ham uning ortidan tarix, qadriyatlarni, tartibni o‘rganish yoki aksincha o‘rganmaslik mumkin. O‘zini va hayotini o‘zgartirmaslik uchun esa shunchaki hech nima qilmaslik yoki mas’uliyatsizlikning o‘zi kifoya. Bilimsizlik, rivojlanishni istamaslik, hayotni mazmunli o‘tkazmasdan va shirk amallar ortidan quvish esa zulmatga yetaklaydi.

Jamila opaning farzandlari va umuman o‘sayotgan avlod atrofdagilardan azon aytganda o‘tirishni, hamma duoga qo‘l ochganda qo‘shilishni yo bo‘lmasa, hovuzga tanga tashlab, sham yoqishni, birovlarning mehnatini pisand qilmaslikni o‘rganishi yoki o‘rganmasligi biz kattalarga bog‘liq.

Fransuz yozuvchisi Emil Zolya aytganidek: “Hech nima tafakkurni sayohat qilishchalik boyitmaydi”. Shunday ekan, “Daryo”ning o‘lkamiz bo‘ylab kichik safarlarini kuzatib boring.