Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida ikki uka opasi bilan spirtli ichimlik ichib o‘tirgan yigitni kaltaklab, uning o‘limiga sababchi bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 25-mart kuniga o‘tar kechasi tumanning “Chimqo‘rg‘on” mahallasida yashovchi turmushidan ajrashgan ayol yashash uyida Nurafshon shaharchasida istiqomat qiluvchi yigit bilan spirtli ichimlik iste’mol qilib o‘tirgan. Uy bekasining shu mahallada yashovchi ikki ukasi bundan xabar topib, xonadonga kelgan va hovlida bo‘lgan armatura bo‘lagi bilan yigitning chap chakka sohasiga, so‘ng oshxona pichog‘i bilan chap qo‘ltiq ostiga urib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.

Zafarobod tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 3-sektor shtabida o‘tgan yig‘ilishda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi va viloyat prokuraturasi tomonidan mazkur holat muhokamasi bo‘lib o‘tgan.

Muhokamada bir insonning o‘limiga sabab bo‘lgan omillar tahlil qilingan, oqibatlari tushuntirilgan. Mahalla faollari va nuroniylar holat yuzasidan fikrlarini bildirib, shu kabi mudhish holat takrorlanmasligi, qonunbuzilishlarga qarshi barcha birdek kurashishi lozimligini ta’kidlagan. Yig‘ilishda shu kabi mudhish holatlarning oldini olish hamda jamoat xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarlikni jilovlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berilgan.

Avvalroq Samarqandda 58 yoshli ayol va uning qizi o‘z uyida o‘ldirib ketilgani, Andijonda 53 yoshli mast mehmon sherigini pichoqlab o‘ldirib qo‘ygani, Buxoroda qo‘shni ayolni o‘roq bilan o‘ldirgan 71 yoshli erkakka hukm o‘qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.