2022-yil 18-mart kuni Hindiston pop malikasi 57 yoshga to‘ldi. Quyida xonandaning muvaffaqiyat yo‘li hamda bugungi kundagi faoliyati haqida so‘z boradi.

Foto: Bollywoodtime

Alisha 1965-yil 18-martda Ahmadobodda tug‘ilgan. Uning haqiqiy ismi Sujata, lekin u karyera uchun Alisha taxallusini oldi. Aslida bu uning amakivachchasining ismi. Uning otasi Madxukar Chinay klassik qo‘shiqchi bo‘lgan. Onasi esa pianino chalgan. Ota-ona bolaligidan qizini qo‘shiqchi bo‘lishga tayyorlagan, ammo Alishaning so‘zlariga ko‘ra, dadasi uni klassik musiqa bilan tanishtirishga harakat qilgan va u ko‘proq G‘arb musiqasini yoqtirgan. Ayniqsa, The Beatles va Barbara Streyzandni sevib tinglagan.

Foto: Bollywoodtime

Alisha kino sanoatiga 19 yoshida kirib kelgan. U Mahesh Bhattning “Tug‘ilish” (1985) filmida Kumar Gaurav bilan birgalikda aktrisa sifatida debyut qilishi kerak edi, lekin keyinchalik rejissor fikrini o‘zgartirdi va Alisha aktyorlik karyerasi o‘rniga qo‘shiqchi sifatida faoliyatini boshladi.

Foto: Bollywoodtime

Uni musiqa olamiga bastakor Bappi Lahiri tanishtirdi, u bilan birga 1980-yillardagi filmlar uchun eng yaxshi albomlarni chiqarish orqali Bollivudda mashhurlikka erishdi: “O‘yna, o‘yna”, “Guru”, “Sevgi, sevgi, sevgi”, “Kommando” va hokazo. U 1984-yilda “Tarzanning sarguzashtlari” filmida qo‘shiqchi sifatida debyut qildi va u uchun beshta tarona yozdi. Bir yil o‘tgach, u “Sehr” deb nomlangan birinchi albomini chiqardi.

Foto: Bollywoodtime

Shundan keyin u ko‘plab mashhur mualliflar bilan ishlagan va pop musiqa olamida shov-shuvlarga erishgan yulduzga aylandi. Uning Kishor Kumar bilan birgalikda yozilgan “Hindiston janoblari” filmidagi qo‘shig‘iga aktrisa Shridevi yomg‘ir ostida ko‘k sarida raqsga tushdi va yilning eng ommabop qo‘shig‘iga aylandi.

Foto: Bollywoodtime

1995-yilda Alisha “Made in India” nomli yana bir yakkaxon albomini chiqardi, bu uning shuhratini mamlakat chegaralaridan tashqariga olib chiqdi. Shu bilan birga, xonanda bastakor va xonanda Anu Mallik bilan jiddiy kelishmovchilikka uchradi. Alisha uni zo‘ravonligi uchun sudga berdi, shundan so‘ng ular hech qachon birga ishlamaslikka qaror qildi. Garchi ba’zilar bu qo‘shiqchining albomini targ‘ib qilish uchun shunchaki reklamasi deb ta’kidlasa-da, Alisha va Anu 8 yil davomida birga ishlamadi.

Foto: Bollywoodtime

Biroq, 2003-yilda ular Shahid Kapurning “U qanday, muhabbat?” (2003) debyut filmida birga ishlash uchun bir jamoaga aylandi. 2005-yilda “Banti va Babli” loyihasi uchun “Kajra Re” qo‘shig‘ini kuylagan Alisha Chinayning karyerasi yangi cho‘qqiga chiqdi. Ayshvariya Ray va Amitabh Bachchan ishtirokidagi qo‘shiq xitga aylandi va Alisha eng yaxshi ayol qo‘shiqchi nominatsiyasida o‘zining birinchi va yagona Filmfare mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Foto: Bollywoodtime

Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, unga bu qo‘shiq uchun bor-yo‘g‘i 15 000 rupiy to‘langan. Bundan tashqari, Yash Raj Films litsenziya huquqini qo‘lga kiritdi va Alishaga ushbu kompozitsiyani o‘z konsertlarida ijro etishni taqiqladi. Alisha Bollivuddagi bunday vaziyatdan shunchalik hafsalasi pir bo‘lganidan intervyularning birida shunday dedi: “Men filmlar uchun qo‘shiq aytishni to‘xtatdim. Chunki qo‘shiq aytishga og‘zimni ochishim bilan boshqa birov pul ishlab olmoqda. Hindiston Gollivud etikasiga amal qilishi kerak. U yerda ijrochilarning huquqlari himoyalangan. Endi bu yerda hamma narsa o‘zgargandagina hind kinosida qo‘shiq aytganimni eshitasiz”.

Foto: Bollywoodtime

Xonandaning shaxsiy hayotiga kelsak, 1986-yilda u o‘zining menejeri Rajesh Javeriga turmushga chiqdi, ammo 9 yildan keyin ularning nikohi buzildi. Keyinchalik uning kanadalik musiqachi Romel Kazzua bilan munosabatlari haqida mish-mishlar tarqalgan bo‘lsa-da, u bilan turmush qurmadi va farzandi ham ko‘rmadi.

Foto: Pinterest

Xonanda umri davomida uzoq yo‘lni bosib o‘tgan bo‘lsa ham yolg‘iz hayot kechirmoqda, ingliz tilida qo‘shiqlar yozadi va ularga prodyuserlik qiladi. “Musiqa arenasiga qaytamanmi?” deya o‘ziga o‘zi bergan savolga xonanda shunday javob qaytardi: “Balki. Har 10 yilda men katta muvaffaqiyatga erishaman. Balki, yana omadim kelar”.

Foto: Bollywoodtime