Yevropa ittifoqida sanksiyalarga uchragan kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonovga tegishli ikkita vertolyot Fransiya hukumati tomonidan xatlovga olindi. Bu haqda Forbes xabar qilgan.

Dilbar yaxtasining uzunligi 156 metr, kemada ikkita vertolyot qo‘nish maydonchalari mavjud

Foto: Getty Images

Fransiya iqtisodiyot va moliya vazirligi Airbus EC-175 (bort raqami M-DLBR) hamda Eurocopter EC-155 (bort raqami M-DLBA) vertolyotlari xatlovga olinganini bildirgan. Airbus EC-175 22-mart kuni Le Kastelleda, ikkinchi vertolyot esa 25-martda Monte-Karloda ro‘yxatga olingan.

Forbes ochiq ma’lumotlarga tayanib, M-DLBR bort raqamli vertolyotning 13-noyabrda Le Kastelleda uchganini, bort raqami M-DLBA bo‘lgan Eurocopter EC-155 esa 1-mart kuni Monte-Karloda parvozni amalga oshirganini aniqlagan. Ikkala mashina ham Men orolida ro‘yxatdan o‘tkazilgan (Britaniya koronasining yurisdiksiyasi), ammo 3-mart kuni ularning registratsiyasi bekor qilingan. Bu havo kemasining bir yillik uchish sertifikatidan mahrum bo‘lishi va qaytadan ro‘yxatga olinguniga qadar parvoz qila olmasligini anglatadi.

M-DLBR vertolyoti Kayman orollarida Crystal Sky Limited kompaniyasi tomonidan, M-DLBA vertolyoti esa o‘sha orolning o‘zida— Margaux Aviation Limited tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Alisher Usmonovning vakili “RBK”ga biznesmen mol-mulkining katta qismi anchadan beri faoliyati yashirin bo‘lmagan trastlar ixtiyoriga o‘tkazilgani va ularni milliarderning o‘zi boshqarmasligini ma’lum qilgan.

“Vertolyotlar ham Alisher Usmonovga tegishli emas”, — deya qo‘shimcha qilgan “RBK” suhbatdoshi.

Avval Usmonovga tegishli Dilbar yaxtasi xatlovga olingandi. Yaxtaning uzunligi 156 metr, kemada ikkita vertolyot qo‘nish maydonchalari mavjud. 2016-yilda Yacht Harbour nashri Dilbar’ni dunyodagi eng sig‘imdor yaxta deb topgan.

Mart boshida Germaniya hukumati YI Alisher Usmonovga nisbatan sanksiya qo‘llaganidan so‘ng Dilbar’ga taqiq qo‘ygan, deyiladi Forbes xabarida. Kema Hamburgdagi qayta jihozlash korxonasida saqlanayotgandi.

Alisher Usmonov 28-fevralda YI sanksiyalariga uchragan. U “Metalloinvest” va “MegaFon” tegishli bo‘lgan USM Holdings korporatsiyasining asoschisi va asosiy aksioneri (49 foiz) hisoblanadi.

Yevropadagi amaldorlar Usmonovga nisbatan taqiqlar uning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan munosabatlari yaqinligi tufayli qo‘llanilganini bildirgan. Shuningdek, hujjatda Usmonovning Ukrainadagi urush siyosatini faol qo‘llab-quvvatlayotgani qayd etilgan.