So‘nggi yillarda O‘zbekistonda IT sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida mamlakatda bir nechta startap-loyihalar amaliyotga tatbiq qilinib, odamlar hayotini yengillashtirmoqda.

Startaplar amalga oshirilishining bir uchi mablag‘ga borib taqaladi. Shularni nazarda tutgan holda hamda IT-mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, O‘zbekistonda 2020-yilda hozircha mintaqada yagona bo‘lgan UzVC milliy venchur fondi tashkil etilgan.

Ushbu fondning jamoatchilik bilan ishlash va startap loyihalarni saralash bo‘yicha mutaxassisi Dono Ahmedova startaplar, ayollarning IT’da o‘rni, fonddagi mavjud muammolar va boshqa masalalar bo‘yicha “Daryo”ga so‘zlab berdi.

Oqishdagi xalqaro nizomlardan tashqari, O‘zbekistondagi nizomlar bo‘yicha ish yuritilishini ham o‘rgangim kelgan

Men Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universitetining Iqtisodiyot va moliya fakultetini tamomlaganman. Universitetda social life, ya’ni akademik hayotdan tashqari ijtimoiylashuvga ham alohida e’tibor beriladi.

Shuning uchun men ko‘plab tadbirlarda qatnashib, ba’zilarida tashkilotchi vazifasini ham bajarganman.

Universitetda talabalik paytimdanoq ishlashni xohlab, yarim stavka bo‘lsa ham, ishlash maqsadida ko‘plab suhbatlarga borganman. Ba’zilaridan o‘tib, birinchi kurslik vaqtimdan ishlashni boshlaganman.

Foto: “Daryo”

Bizning universitetda xalqaro nizomlar bo‘yicha o‘qitilardi, men esa O‘zbekistondagi nizomlar bo‘yicha ish yuritilishini ham o‘rgangim kelgan.

Shu maqsadda ishdan tashqari O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha buxgalteriya yuritishni o‘rgandim — nazariy bilimlardan tashqari ish jarayonini ham ko‘rishni istab, ko‘plab amaliyotlarga qatnadim.

Universitetga turli mavzulardagi tadbirlar bo‘yicha ayol spikerlar chaqirilardi. Ularning nutqi, dunyoqarashi, fikrlashi atrofimizdagilardan tubdan farq qilardi, chunki ular, eng avvalo, o‘z kasbining ustasi, keyin xuddi model rolini ijro etayotganday tuyulardi. Balki bu bizning jamiyatda ular kabi ayollarning kamligidandir…

Spikerlarning biri ayol kishi bo‘lgani uchun g‘urur hissini uyg‘otsa, boshqasi xuddi o‘zi erishgan yutuq va cho‘qqilari tomon chaqirayotgandek bo‘laverardi.

2019-yil avgust oyida Innovatsion rivojlanish vazirligining Iqtisodiyot va moliya sektorini rivojlantirish boshqarmasiga ishga kirdim.

Boshqarmaning vazifasi — iqtisodiyotda xizmat ko‘rsatishni transformatsiya qilish, ya’ni sohani innovatsion rivojlantirishdan iborat bo‘lgan.

Bu borada ko‘plab loyiha va takliflar ishlab chiqarilishida bevosita ishtirok etdik, g‘oyalarni vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda  ishga tushirdik.

Ammo o‘sha davr pandemiya vaqtiga to‘g‘ri kelib qolgani sababli amalga oshirilishi kerak bo‘lgan boshqa ko‘plab loyiha va rejalarimiz keyinga surilgan. U yerda bir yildan ko‘proq muddat ishladim.

Venchur fondini tashkil etish haqidagi qaror qabul qilinganida juda xursand bo‘lganman

UzVC 2020-yilning dekabr oyida ochilib, 2021-yilning martidan o‘z faoliyatini boshlagan.

Bu xabarni eshitib, juda xursand bo‘lganman — fond O‘zbekiston bozorini yanada rivojlantirish, yangi va foydali g‘oyalarni amaliyotga tatbiq qilish uchun katta qadam edi.

Bu borada bizning boshqarma ham ish olib borgan. Fondga yangi kadrlar kerakligidan xabar topib, o‘zimni shu sohada sinab ko‘rishga qaror qildim.

Venchur yo‘nalishi bizning mintaqada yangi hisoblanadi. Bu sohadan xabardor bo‘lganim, shu yerdagi xodimlar bilan suhbatda bo‘lib, talablariga mos kelganim, qarashlarimiz, intilishlarimiz va maqsadimiz bir bo‘lgani uchun shu joyda venchur ekosistemasini rivojlantirishda o‘z hissamni qo‘shishga bel bog‘ladim.

Venchur fondi — innovatsion korxona, loyiha va startaplarga tavakkal sarmoya kirituvchi fond hisoblanadi. Bu fond boshqalaridan, nisbatan xavfli faoliyat turlariga qonunan ruxsat berilganligi bilan ajralib turadi.

2021-yilning martidan UzVC’da o‘z faoliyatimni boshladim. Hozircha bu yerda yagona ayol mutaxassisman.

Faoliyatimizning birinchi yarim yilligida rejalashtirish ishlari olib borilgan bo‘lsa, ikkinchi yarim yillikda startaplarni moliyalashtirish uchun chet el kompaniyalarini jalb etishga hamda investitsiyalashtirishga muvaffaq bo‘ldik.

2022-yilning yanvar oyidan hozirgacha loyihalar saralanmoqda, ular orasida fintex, agrotex, SaaS, robototexnika va hattoki mashina ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar ham mavjud. Saralash bosqichi yakunlangach, ularni moliyalashtirish jarayoni boshlanadi.

Foto: “Daryo”

Shu vaqtgacha xalqaro venchur ekosistemasi ishtirokchilari O‘zbekistonda faoliyat yuritmagan, UzVC esa ularni jalb qilish bo‘yicha tegishli ishlar olib boradi.

Mahalliy venchur moliyalashtirish madaniyatini va umumiy investitsiya jozibadorligini oshirib, loyihalarimizni jahon bozoriga olib chiqishda zinapoya vazifasini o‘taydi.

Loyihalarni jahon bozoriga olib chiqishda, ta’lim muassasalarida tadqiqotlar va yangiliklarni yaratish ustida ishlar olib borilishiga katta e’tibor qaratilishi zarur

Barcha sohalarda bo‘lgani kabi fond amaliyotida ham bir qancha muammoli masalalar mavjud.

Avvalo, venchur moliyalashtirish mexanizmi normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinmaganligi va umuman bu turdagi sarmoya O‘zbekiston uchun yangi bo‘lganligi sababli ushbu soha rivoji oqsamoqda.

Bu yo‘nalish O‘zbekiston uchun yangilik bo‘lgani sabab qilinadigan ishlar hali ko‘p.

Hozirda AQShning ushbu sohadagi yetakchi mutaxassislari bilan birgalikda qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish ishlarini yakunlayapmiz. Shu bilan birga, kapital bozorning rivojlanmaganligi ham turli to‘siqlarni keltirib chiqaradi.

AQSH tajribasida

Amerika iqtisodiyoti juda katta va to‘g‘ri taqsimlangan bo‘lib, dunyoning 25 foizini egallagan.

Shu sababli ham AQSHda venchur investorlar uchun ko‘plab nuqtalar mavjud. Hozirgacha u yerda 1000 dan ortiq venchur fondlari faoliyat yuritadi. Startaplar esa, aynan pul bor joyda amalga oshiriladi.

Shu tendensiyalarda kun sayin rivojlanib borayotgan AQSH allaqachon texnologik tadbirkorlikning markaziga aylanib ulgurgan. U yerdagi yuqori tavakkalga asoslangan texnologik bizneslar ortida katta sonli professional investorlar turadi.

Qo‘shma shtatlar texnologik mahsulotlarni sotish strategiyasini Yevropa kabi 10-20 million kishilik anklav uchun emas, butun mamlakat uchun ishlab chiqaradi.

Amerikada mingdan ortiq venchur fondlarining katta qismi San-Fransisko atrofiga yig‘ilgan. Kremniy vodiysi esa dunyo venchur-ekosistemasining asosiy nuqtasi sanaladi.

Venchur sohasi rivojlanishi uchun bizga sifatli loyihalar zarur. Loyihalarni jahon bozoriga olib chiqib, ularni Unicorn’larga (1 milliard dollarga baholanadigan startap) aylantirishni maqsad qilganmiz.

Buning uchun ta’lim muassasalarida tadqiqotlar va yangiliklarni yaratish ustida ishlar olib borilishiga ham katta e’tibor qaratilishi zarur. Bu yo‘lda iqtidorli yoshlardan izlanishlar va noyob g‘oyalarni kutib qolamiz.

Bizning jamiyatda atrofdagilarning gapiga e’tibor bermay, maqsad sari intilish — yarim muvaffaqiyat demakdir

Aksariyat o‘zbek oilalarda farzand ongiga yoshligidanoq oila qurish asosiy maqsad sifatida singdiriladi. Bolaning fikrlashi, biror ishga o‘rgatilishi, niyatlarining hamma-hammasi turmushga chiqib, oila tebratishga yo‘naltiriladi.

Albatta, men o‘zim hali yosh va o‘rganuvchi mutaxassisman. Xalqaro darajadagi biror aytgulik yutuqlarim ham yo‘q. Lekin bizning jamiyatda qolipda fikrlovchi odamlarning “maslahat”lariga e’tibor bermay, maqsad sari intilish — yarim muvaffaqiyat demakdir. Demak, yetarlicha omadim bor.

Otam yoshligimdan katta maqsad qo‘yib, unga erishish uchun kerakli barcha vazifalarni bajarish zarur, deb uqtirardilar.

Atrofimizda “qiz bola-ku, o‘qib, unga nima kerak?  Yaxshi joy chiqsa, uzatib yubormaysizlarmi?!”, deydiganlar ko‘p bo‘lgan. Chunki bizning jamiyatda qizlar biroz ulg‘aygach, uni “joyiga berib yuborish shart” degan stereotip shakllanib qolgan.

Asosiy qismi shunday fikrlaydigan mamlakatda bizning oila doim ayollarning qarashlarini, qiziqishini hurmat qilib kelgan. O‘qib, bilim olishimda ham deyarli barcha sharoitni yaratib berishgan.

Bu ularning moddiy taraflama baquvvatligidan emas, bizning kelajakda foydali kadr, kerakli shaxs bo‘lib yetishishimiz muhimligidan yaratilgan imkoniyat edi. Imkoniyatlar shu darajada yetarli ediki, biz atrofdagilarning keraksiz gaplariga chalg‘imay, o‘qib, maqsadlarimiz tomon intila olganmiz.

Ayollar barcha uchun “qulay” bo‘lishi kerak emas. Lekin kelajak uchun foydali shaxs bo‘lishi shart

O‘zbekistonda yashayotgan xotin-qizlarning intilishi, o‘zini shaxs sifatida shakllantirishi va rivojlanishi tarafdoriman. Bizning jamiyatda ayollar qolipga tushsa, boshqalar uchun “qulay” bo‘la boshlaydi.

Ayollarga faqat oila ishlarini bajaruvchi sifatida qaraydiganlarni hech qachon tushunmasam kerak. Ular odatda  o‘zining qarashlarini din taraflama “himoyalaydi”.

Foto: “Daryo”

Ayol kishiga ham erkaklar kabi ikki oyoq, ikki qo‘l, fikrlashga aql-u farosat berilgan ekan, undan unumli foydalanmaslik ham uvol.

Ayollarning shaxsiy o‘sib, rivojlanishi nafaqat o‘zi uchun, balki farzand tarbiyasi, kelajakda ulardan tashkil topuvchi jamiyat uchun ham zarur ekanini tushunish qiyin emas, menimcha.