Toshkent shahri Sergeli tumanida 17-aprel kuni maktabning 10-sinf o‘quvchisi janjalda vafot etdi. Bosh prokuratura “Daryo” so‘roviga javoban voqea tafsilotlarini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, holat shu kuni taxminan soat 18:00 atrofida Sergeli-2 dahasi 8-uyda joylashgan Game club internet o‘yingohida sodir bo‘lgan. Tumandagi 68-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Sh.I. (2005-yilda tug‘ilgan) tanishi X.S. (2003-yilda tug‘ilgan) bilan o‘zaro janjallashib qolgan. Tortishuv payti X.S. voyaga yetmagan fuqaroning yuz qismi va tanasining turli joylariga qo‘l va oyoqlari bilan urib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda Sh.I. hushsiz holatda yerga yiqilgan.

U olgan jarohatlari sababli tez tibbiy yordam xizmati tomonidan shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan.

Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, jabrlanuvchida tanasining chap ko‘z osti sohasi ko‘kargan, shilingan, peshona sohasi terisi tirnalgan kabi jarohatlari mavjudligi aniqlangan.

Holat yuzasidan S.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.