Marhum sportchi, sambo bo‘yicha jahon chempioni 29 yoshli Kamoliddin Rasulovning qotili Shuhrat To‘raboyevga tayinlangan dastlabki jazo — 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish bekor qilinib, qotil 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Daryo”ga marhumning yaqinlari ma’lum qildi.

Fotokollaj: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, marhumning yaqinlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi hukmidan norozi bo‘lib, shikoyat appelyatsiya kiritgan. Mazkur shikoyatni 2022-yilning 21-aprel kuni ko‘rib chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi da’vogar shikoyatini qanoatlantirib, marhumning qotiliga tayinlangan dastlabki jazo chorasini bekor qilgan va qotilga 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Sud shuningdek, har ikki tomon — da’vogar va javobgarlarga sud hukmidan norozi bo‘linsa, shikoyat qilish huquqi va muddati borligini eslatgan.

Eslatib o‘tamiz, sambo bo‘yicha jahon chempioni 29 yoshli Kamoliddin Rasulov 2021-yilning 13-sentabr kuni soat 21:30 da Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi ko‘p qavatli uylar oldida boshqa bir sportchi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgandi. Bosh prokuratura axborot xizmatining rasmiy ma’lumotida chempion yigitning pichoqlanishiga uning gumonlanuvchi tanishiga “Humo Trop” vitaminini tavsiya qilgani, oqibatda esa gumonlanuvchining sog‘lig‘i yomonlashgani, shifokorlar bu kasallikning davosi yo‘qligini bildirgani xabar berilgandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi mazkur qotillik voqeasini 2022-yilning 8-fevral kunidan boshlab ko‘ra boshladi. Mazkur sudda so‘z olgan Shuhrat To‘raboyev marhum Kamoliddin Rasulov tavsiya qilgan vitaminni aytilgan miqdordan ko‘ra ko‘proq iste’mol qilgani sabab sog‘lig‘i yomonlashganini, kechalari issig‘i chiqib, uxlolmaydigan bo‘lib qolganini aytdi. Marhumning xotini Gulnoza Xolmurodova esa qotillik uning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lganini, qotillik sodir bo‘lgan paytda hammadan yordam so‘rab, chaqirganini ammo hech kim, hatto PPX xodimlari ham unga yordam bermaganini aytgandi. Sudda so‘z olgan yana bir guvoh A.Q. “Humo Trop” vitamini haqida gap ochib, tanishi Shuhrat To‘raboyevning sog‘lig‘i shu vitamin sabab yomonlashganini bildirdi. PPX xodimlari esa voqea joyiga yetib borganida Shuhrat To‘raboyev ulardan qochib, ko‘p qavatli uy podyezdiga yashiringanini ma’lum qilgandi.