Jizzax viloyatining Forish tumanida 45 yoshli cho‘pon mast holda ikki nafar sherigini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat prokuraturasi axborot xizmati rahbari Muhabbat O‘rozaliyeva xabar berdi.

Qayd etilishicha, qotillik voqeasi 2022-yilning 13-aprel kuni sodir bo‘lgan.

Aniqlanishicha, 2022-yilning 13-aprel kuni Forish tumanidagi “Egizbuloq” mahallasining Ko‘ktepa hududidagi fermer xo‘jaliklariga qarashli cho‘pon uyida 45 yoshli cho‘pon M.G‘ shu hududda cho‘ponlik qiluvchi tanishlari — 1977-yilda Paxtakor tumanida tug‘ilgan J.X va 1973-yilda tug‘ilgan X.X. lar bilan birga spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Bazm davomida ular o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Oqibatda 45 yoshli cho‘pon oshxona pichog‘i bilan ikki sherigining ko‘krak qafasiga bir necha marotaba urib, ularni qasddan o‘ldirgan. Hamda voqea joyidan yashiringan.

“Biroq olib borilgan tezkor qidiruv jarayonlari davomida gumonlanuvchi shu mahallaning o‘zida qo‘lga olingan”, — deydi Muhabbat O‘rozaliyeva.

Mazkur qotillik voqeasi viloyat prokurori, viloyat IIB boshlig‘i, tuman sektor rahbarlari, mutasaddi idoralar mas’ullari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilingan.

“Yig‘ilishda viloyat prokurori Islomjon Ergashxo‘jayev hududda jinoyatchilikka qarshi kurashish ahvoli haqida gapirib, mazkur jinoyatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarga batafsil to‘xtaldi. Xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan mas’ullar faoliyatini tanqid qilib, jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berdi”, — deydi viloyat prokurori matbuot kotibi.

Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.