Inson o‘z oldiga biror maqsad qo‘yar ekan, unga erishish yoki erishmaslikda yashayotgan geografik hududi, atrofidagi odamlar va sharoit bahona bo‘lmasligi zarur. Eng asosiysi — qimmatli vaqtini to‘g‘ri taqsimlab, foydali mashg‘ulotlar bilan boyitishdir. Bugungi qahramonimiz ham vaqtning yozilmas qoidalariga amal qilib, bugun ko‘pchilik uchun orzuligicha qolgan yirik kompaniyaning kerakli mutaxassisi.

1996-yilda Namangan viloyatining Pop tumani Uyg‘ur qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan Vohid Karimov dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri — Google’da 140 mingga yaqin xodimlardan biriga aylangan.

Unga qadar Gollandiyadan ishga chaqiruv xati olgan, Google bilan bir vaqtda Facebook, Uber va boshqa bir qancha kompaniyalarga ham hujjat topshirib, ishga qabul qilingan Vohid maqsadlariga qanday erishgani haqida “Daryo”ga so‘zlab berdi.

Foto: Kollaj / “Daryo”

O‘qishdan tashqari bo‘sh qolib ketayotgan vaqtlarimdan unumli foydalanish uchun dasturchilikni o‘rganganman

Dasturchilikni bo‘sh qolayotgan vaqtlarimni foydali ishlar bilan to‘ldirish maqsadida o‘rganganman. Universitetga kelganimda, birinchi kursda tartib-intizomga o‘rgangan, bilimga chanqoq edim. Ko‘p narsa o‘rgangim kelaverardi va eng yomon ko‘rganim, vaqtimni bekorga sarflash edi. Hayolimda doim foydali ishlar bilan band bo‘lish, yangi nimadir o‘rganish bo‘lgan.

Birinchi kurs juda qiziq, foydali va men uchun yangi bo‘lgan darslardan iborat bo‘lsa-da, baribir bo‘sh vaqtim ortib qolardi. Zerikardim. Chunki haftalik bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalarni uch soat-uch soatdan vaqt ajratib, tez tugatib qo‘yardim. Vazifalar esa, unchalik qiyin tuyulmasdi.

Shu tariqa, bo‘sh vaqtlarim ortib boravergan. Vaqtimni mazmunli o‘tkazish uchun kitob o‘qishga kirishganman. Qo‘limga birinchi tushgan kitob esa, “Java” dasturlash kitobi bo‘lgan. U kitobdan yotoqxonadagi sherigim qo‘shimcha kursga borib, dasturlashni o‘rganayotgan bo‘lgan. Xonadoshimdan bo‘shagan vaqtlari men olib o‘qiganman va shundan keyin qiziqib qolganman.

Foto: Vohid Karimovning shaxsiy arxividan

Dasturlashni to‘rt oylik maxsus kursda o‘rgana boshlab, self study sifatida davom ettirganman

Dasturlashni o‘rganish uchun avvaliga 3-4 oy Sherali Obidovning kursiga borganman. Kursni tugatgach, ustozimning kvartirasiga ko‘chib o‘tganman. U yerda umumiy besh kishi yashardik. Barchasi bilimga chanqoq, o‘rganishni sevuvchilar bo‘lgan.

Qiziq muloqotlarda o‘zimiz bilgan resurslar bilan bo‘lishardik. Ustozim dasturchilikda aynan nimalarga e’tibor qaratish, qaysi jihatlarni alohida o‘rganish zarurligi hamda qanday ishlarga topshirish kabi ko‘p ma’lumotlarni tushuntirgan. Mening hozirgi darajamda Sherali akani hamda o‘sha xonadoshlarimning roli juda katta.

Hozir ularning barchasi taniqli kompaniyalarda faoliyat yuritadi. Sherali Obidov va Farrux Habibullayev Google kompaniyasida, Bahodir Boydedayev Ernst & Young kompaniyasida, Jahongir Rahmonov esa Anaconda kompaniyasida ishlaydi.

Kursda bir taraflama o‘rgatish emas, balki jarayonda qiziq va keng qamrovli mavzular bo‘yicha diskussiyaga ham kirishib ketardik. Men ulardan nimalarni o‘qib, o‘rganish zarur ekanini so‘rardim. Ustozim esa, o‘qib tugatgan, foydali qo‘llanmalarini tavsiya qilardi. Yaxshi yo‘nalishga ega bo‘lgan men kursdan keyin, self study sifatida o‘zim o‘rganishni davom ettirganman.

Foto: Vohid Karimovning shaxsiy arxividan

Gollandiyadagi kompaniyadan job offer olib, karantinning qoq o‘rtasida ketganman

7-8 oy Toptal kompaniyasida ishlaganman. Kompaniya orqali olgan to‘rtinchi loyihamni ustida ishlayotgan vaqtimda, 2021-yilning oxirlarida Gollandiyadagi Swisscom kompaniyasi vakillari Linkedin tarmogi orqali boglanib, ishga olish uchun intervyuga taklif qilgan. Uchta intervyudan muvaffaqiyatli o‘tganimdan song menga kompaniyadan job offer, ya’ni ishga taklif xatini yuborishgan.

Shundan so‘ng, Toptal kompaniyasidagi faoliyatimni tugatib, viza va boshqa hujjatlarni qabul qilgach, koronavirus pandemiyasining qoq o‘rtasida Gollandiyaga ketganman. U mening ilk marta vatanimdan uzoqda yashab, ishlashim edi. Undan avval ham Yevropa davlatlarida bo‘lganman, lekin ular qisqa muddatli intervyular va asosan sayohat uchun bo‘lgan.

Foto: Vohid Karimovning shaxsiy arxividan

Vaqti kelganda ish joyini o‘zgartirmaslik — shaxsiy o‘sishdan to‘xtashga olib keladi

O‘sishga intilish, aslida nafaqat dasturchilarda, balki barcha soha vakillarida ham bo‘lishi tabiiy. Shunday vaqtlarda dasturchilar yangi chellenj, ya’ni yangi ish joy qidirib, boshqa kompaniyalarga o‘ta boshlaydi. Menda ham xuddi shunday bo‘lgan.

Hozirgacha Gollandiya va Shvetsiyadagi 3-4 ta ishlagan kompaniyalarimning barchasi saviyali va aqlli jamoadan tashkil topgan. Kishi o‘sishida hamkasblarining dunyoqarashi, qanday odamligi va ularning yordami juda muhim. Kompaniya a’zolarining barchasi o‘zi yordam berishni yoqtiradigan xodimlar bo‘lgan. Shu sababli ish va hamkasblar borasida o‘zimni omadli deb hisoblayman.

Foto: Vohid Karimovning shaxsiy arxividan

Har bir joyda shunday vaqt keladiki, o‘sishda sekinlashasiz yoki to‘xtaysiz. Ya’ni yangi o‘rganadigan narsa, yangi chellenjlar kamayadi. Kunlik bajaradigan ishingiz oson bo‘lib qolgach, zerika boshlaysiz. Doimiy tartib, bajariladigan vazifalarning bir xilligi charchatadi. Chunki ular endi qiziqmas va, tabiiyki, boshqa yangi ko‘nikmalarni o‘rganishni xohlaysiz.

Bularning barchasini yuqoridagi ish beruvchilarim hamda hamkasblarim to‘g‘ri tushunib, kelgusi ishlarimda omad tilashgan. Qisqasi, o‘z vaqti kelganida ish joyingizni o‘zgartirmasangiz, shaxsiy o‘sishda progress bo‘lishi muammo.

Google’ga ishga olinish jarayonlari o‘rtacha 2-3 oy davom etuvchi 3-4 bosqichli intervyulardan iborat. U yerda savollar kutilganidan ancha murakkab bo‘ladi. Lekin bu intervyuga tayyorlangan, o‘zini Google kompaniyasining yetuk mutaxassisi sifatida ko‘ra oladigan kandidatda qo‘rquv va vahima uyg‘otmasligi kerak.

Foto: Vohid Karimovning shaxsiy arxividan

Eng go‘zal joylarda ham vatanimni sog‘inaman

Chet elda yashashni boshlaganimga bir yil-u uch oy bo‘libdi. Aslida bu unchalik katta muddat emas. Lekin vatanimga tez-tez borib turishga imkonim bo‘la turib, butun dunyoga xavf solgan pandemiya to‘siqlari sababli bir martagina uyimga bora oldim.

O‘zbekistondan uzoqda yashayotganimga unchalik ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, uyimni, oilamni va do‘stlarimni ko‘p sog‘inaman. Vaziyat to‘liq yaxshilangach, yurtimga tez-tez borib turishni rejalashtiryapman. Eng go‘zal joylarda ham tug‘ilgan yurtimni boshqacha sog‘inaman.

Foto: Vohid Karimovning shaxsiy arxividan

Ortga qaytish haqida esa hech qachon o‘ylab ko‘rmaganman

Chet el hayoti maza, desam, albatta, xato bo‘ladi. Har yerda bor tosh-u tarozi, deganlari haqiqat ekanini o‘zim vatanimdan yiroqqa ketib, his qilyapman. Qiyinchiliklar ham, qulayliklar ham yetarlicha. Oylik maoshim esa, meni shu yerga kelib ishlashimga arzirli va qoniqtiradi.

O‘ylashimcha, hozirda ko‘pchilik boshqa kasblardan ko‘ra, IT-mutaxassis bo‘lishga harakat qilmoqda. O‘zbekistonlik ko‘plab yoshlar menga dasturchilik bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishadi. Balki shuning uchun va bu sohaning ichida bo‘lganim sabablidir, menga xuddi bu yo‘nalishga qiziquvchilar kun sayin ortib borayotganday tuyuladi.

Foto: Vohid Karimovning shaxsiy arxividan

Google kompaniyasida men tanigan o‘zbekistonliklar soni o‘nga yaqin

Dunyoda muvaffaqiyatga erishgan ko‘plab o‘zbek dasturchilari bor. Google kompaniyasining o‘zida ham o‘nga yaqin vatandoshimizni shaxsan taniyman. Ammo ular haqida ko‘pchilik bilmaydi.

Chunki ularning ko‘pchiligi odatda o‘zi haqida gapirishni, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi bilan bog‘liq ma’lumotlar bilan bo‘lishishni ma’qul ko‘rmaydi. Maqsadlari sari intilib, ishida davom etishni to‘g‘ri deb bilishadi. Agar ularning muvaffaqiyat yo‘llarini yoshlarga ko‘rsatib, tanitilsa, o‘zbek yoshlarida bu sohaga qiziqish yanada ortib, kasb tanlashlarida yordam bo‘lishi mumkin.

Foto: Vohid Karimovning shaxsiy arxividan

Dasturlash sohasining ichidaman. Yetarlicha bilim-ko‘nikmalarga ham egaman. Biroq O‘zbekistonda IT-sohasini rivojlantirish yo‘llari men uchun biroz murakkab masala. O‘ylashimcha, mamlakatga malakali mutaxassislarni, dasturlashni o‘rgatuvchi ustozlarni ko‘proq jalb etish — shu qadamlardan biri bo‘lsa, ajabmas.

Foto: Vohid Karimovning shaxsiy arxividan

Ingliz tilini bilmagan odam dasturlashni tushunishi murakkab masala

Sohaga qiziquvchilarda kuzatiladigan asosiy muammo — ingliz tilini bilmaslik. Bu tilsiz dasturlashni o‘rganish juda qiyin. Chunki IT-sohasini o‘rgatuvchi resurslar asosan ingliz tilida bo‘ladi. O‘zbek tilida esa juda kam yoki deyarli yo‘q.

Demak, mamlakatda dasturlash sohasini rivojlantirish, qiziquvchilar doirasini kengaytirish uchun o‘zbek tilidagi qo‘llanmalarni ham ko‘paytirish kerak. Dasturlashni endi o‘rganayotganlar uchun ona tilida ma’lumot qabul qilish osonroq bo‘ladi.

Ammo yuqori maqsadni ko‘zlagan har bir boshlovchi mutaxassis ertami-kechmi, ingliz tilini o‘rganishi shart. Shunday ekan, O‘zbekistondagi maktablarda ingliz tili ta’limiga ko‘proq urg‘u berish, dars soatlarini ko‘paytirish va sifatini oshirish kerak, deb o‘ylayman. Shunda bolalar maktabni tamomlagach, til kurslariga sarflanadigan vaqtini to‘g‘ridan to‘g‘ri IT-sohasini o‘rganishga bag‘ishlaydi.

Agar maqsad dasturlashni o‘rganish bo‘lsa, o‘ylaymanki, jarayon unchalik muhim emas. Masalan, kimdir o‘zi izlanib, vazifalarni bilganicha bajarib, xatolaridan dars olar.

Yana kimgadir ustoz bilimi, uning yonida vazifalarni aytib, takrorlashi yaxshi natija berishi mumkin. Ya’ni maqsad aniq va zarurlik darajasi yuqori bo‘lgani sari o‘quvchi o‘zidan kelib chiqib, unga yetish yo‘lini tutadi. Imkoniyatdan kelib chiqib, ikkisini sinab ko‘rish ham zarar qilmaydi.