Saudiya Arabistoni shahzodalari moliyaviy qiyinchiliklar sabab xorijdagi ko‘chmas mulklari va yaxtalarini sotmoqda. Bunga valiahd shahzoda Muhammad bin Muhammad ibn Salmon ularga ayrim daromad manbalaridan foydalanishni cheklab qo‘ygani sabab bo‘lgan, deb yozadi The Wall Street Journal.

Foto: Reuters

Gazeta suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar kuchaytirilgach, shahzodalarga uy-joylarni ushlab turish, soliq, qo‘l ostidagilarga maosh to‘lash, samolyot va kemalar saqlab turilgani uchun to‘lovlarni amalga oshirishga mablag‘ yetmayapti. Bundan tashqari, podshohlik oilasining a’zolari valiahdning e’tiborini tortmaslik uchun qimmat aktivlaridan voz kechishga urinmoqda.

Nashr manbalarining ma’lum qilishicha, 2017-yilda korrupsiyaga qarshi tergov jarayonida Ar-Riyoddagi Ritz-Carlton mehmonxonasida hibsda saqlangan shahzodalardan biri Turki bin Nasser Al Soud 2020-yilda 60 metrli yaxtasini, 2021-yilda esa Los-Anjelesdagi 28,5 million dollarlik uyini sotgan (bitim imzolangan vaqtda shahzoda vafot etgan).

Shahzoda Bandar bin Sulton Al Soud 2021-yilda Britaniyadagi 155 million dollarlik ko‘chmas mulkini sotgan. Marhum podshoh Sulton bin Abdul Aziz Al Soudning qolgan merosxo‘rlari valiahdning bosimlari boshlanganidan beri 2020-yilda Londondagi 290 million dollarlik qasrni sotgan. Uning o‘g‘illaridan biri bo‘lgan Xaled bin Sulton bin Abdul Aziz Al Soud Eyfel minorasi yaqinidagi uyini 87 million dollarga sotib yuborgan.

Sotilgan aktivlarning umumiy qiymati 600 million dollardan oshadi. Ayrim shahzodalar, shuningdek, mablag‘ yetmayotgani sabab o‘z uylarini garovga qo‘ymoqda.

WSJ’ning yozishicha, Saudiya Arabistoni hukumati ushbu bitimlardan xabardor. Gazeta suhbatdoshlaridan biriga ko‘ra, shahzodalar “hech qayerda ishlamaydi, qo‘l ostidagi xizmatkorlari ko‘p va ular valiahd shahzoda Muhammad bin Salmondan qo‘rqishadi”.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda Ritz-Carlton’da hibsga olingan Saudiya shahzodalari davlat g‘aznasiga 100 milliard dollardan ortiq mablag‘ni qaytargan.

Nashrning ta’kidlashicha, mamlakat hukumati so‘nggi vaqtlarda podshohlik oilasi a’zolariga nisbatan qator yangi cheklovlarni kiritgan. Masalan, ularning xorijda dam olishi, suv va elektr ta’minoti uchun to‘lovlar g‘aznadan amalga oshirilmaydi. 2022-yildan hukumat uy ishchilariga soliq joriy etishni rejalashtirmoqda: shahzodalar soliqsiz faqatgina to‘rt kishini yollay oladi, qolgan har bir ishchi uchun 2,5 ming dollardan soliq to‘laydi.

The Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, shahzodalar noqonuniy yo‘l bilan pul topishni davom etmoqda: aholining shaxsiy yerlarini egallab olyapti, banklarda kredit rasmiylashtirib, ularni qaytarmayapti.