Suvoqlangan mustahkam devorlar, tepasiga Qur’oni karimdan oyat bitilgan yog‘och darvozalar, labirintsimon, tutash yoki oxiri berk ko‘chalar haqida so‘z borsa, “Oloviddinning sehrli chirog‘i”, “Semurg‘” kabi filmlardagi kadrlar ko‘z oldimizdan o‘ta boshlaydi. Aslida esa bunday o‘ziga xos manzarani ko‘rish uchun vaqt mashinasida o‘tmishga qaytishni faraz qilish yoki shunchaki tasavvurlar bilan cheklanishga hojat yo‘q. O‘sha ertakmonand muhitni his qilish uchun Xivaning yuragi — Ichan qal’aga tashrif buyurish kifoya.

Sharq gavhariga safar 

Haykal fonida ko‘rinib turgan Muhammad Aminxon minorasi

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Sayyohlar aynan Ichan qal’ani ko‘rish uchun dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyurib turganida, “Toshkentdan Xorazmgacha 1100 kilometr”ni bosib o‘tishga erinchoqlik qilish yaramaydi. Qachongacha o‘zimizdagi tarixiy va turistik yerlar haqida xorijlik blogerlarning taassurotlari orqali xulosa qilib o‘tiramiz, deya 18–20-aprel kunlari Turizm va madaniy meros vazirligi, Madaniy meros agentligi va Xorazm viloyati hokimligi tomonidan tashkil qilingan press-tur doirasida boshqa tarixiy obyektlar bilan birga Ichan qal’ani kezish uchun Xiva tomon yo‘l oldik.

Xorazm hunarmandchilik namunalari

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Afsonalarda Markaziy Osiyoning jar qismida joylashgani uchun suv manbalari juda yaqin bo‘lgan Xivaga bundan 5000-yil avval Nuh alayhissalomning o‘g‘li Som asos solgani aytiladi. X asrda yashagan tarixchi Istahriy Xivaga o‘z davrining eng yirik 30 ta shaharlaridan biri deb ta’rif bergan.

Qadimgi Xiva uch qismdan tashkil topgan. Ichan qal’a, ya’ni Xivaning ichki qismi shaharning tashqi qismi bo‘lgan Dishan qal’adan kungurador devor bilan qisman ajratilgan.

Ichan qal’a hududidagi o‘rta asrlar ijtimoiy hayotini aks ettiruvchi haykal

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Sal avvalroq Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on ziyorat qilib ketgan ushbu shaharga borishda vaqtni tejashning eng maqbul yo‘li — samolyot. Imkoniyatdan kelib chiqib poyezd yoki mashinadan ham foydalansa bo‘ladi. Toshkent aeroportidan 1,5 soatga yetmay Urganchga borib olish, uyog‘iga esa avtobus orqali Xivagacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish mumkin.

Atrofi hatto ichida ham mehmonxonalar mavjud ekani sabab har kim o‘z budjetidan kelib chiqib turli qulaylikdagi variantni tanlashi va qal’aga piyoda 5–10 daqiqaga qolmay yetib olishi mumkin.

Islomxo‘ja minora va madrasasi

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Mehmonxonamiz yaqinligi sababli ertani kutishga betoqatlik qilib o‘sha kechaning o‘zida, taxminan, kechki soat o‘nlarda bir guruh katta-kichik hamkasblar bilan qal’a tomon yo‘l oldik.

Tungi Ichan qal’a

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qizig‘i, oramizdagilarning aksariyatini bu yerga, umuman, Xivaga birinchi safari emasligiga qaramay, yo‘l charchog‘ini chiqarish uchun xonada qolib dam olish, havo poytaxtdagiga nisbatan salqinroq ekanini bahona qilmay baravariga chiqishni afzal bildi. Aftidan, yo yodgorlikning ohanrabosi bor, yoki ko‘pchilik bo‘lib kezishning zavqi o‘zgacha.

Ohanrabosi bor yodgorlik

Chiroqlar bilan yoritilgan Ko‘hna Ark

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Zotan, biz borgan kechada hammayoq qorong‘i ekaniga qaramay, ertasi kuni Ichan qal’aning tungi husnini ko‘roldik. Chiroqlar bilan u zebigardon-u tillaqoshlar bilan bezangan, shahar ahli uyquga ketsa ham bunga uning xayrixohligi yo‘q Xorazm huriliqosi, yo bo‘lmasa qolganlar shuni afzal bilsa-yu, ularga qarshilik qilishni o‘ziga ep ko‘rmay, tik va uyg‘oq qolishni ma’qul biladigan mard Xiva o‘g‘loniga o‘xshaydi go‘yo.

Ichan qal’adagi kechki sayr

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Majmua bo‘ylab yangraydigan musiqa ohanglari fonida kech bo‘lsa ham odamlarning qushlardek chug‘ur-chug‘ur suhbatlashishi orada qah-qah kulgisi quloqqa chalinadi. Kun bo‘yi savdo qilib charchagan hunarmandlar esa narsalarini yig‘ishtirib ketishga otlangan, ayrimlar bo‘lsa qal’a ichidagi yemakxonada iftorlik qilib chiqardi.

Qal’a devori

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ikkinchi kun tongi Ichan qal’aga takroriy safar bilan boshlandi. Uzunligi 2 200, balandligi bo‘lsa 10 metrni tashkil qiladigan mahobatli qal’a garchi oddiy, bezaklardan xoli bo‘lsa ham aynan u misolida ‘‘oddiylik murakkablikning eng yuksak darajasi’’ degan ibora beixtiyor o‘z isbotini topadi.

Bomdodda ochilib, xufton namozi vaqtida yopilgan darvozalar

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Markaziy Osiyodagi saqlanib qolgan yagona shahar-muzey — Ichan qal’aning betakrorligi undagi yodgorliklarning bir emas, bir necha davrga oidligida. Unda nafaqat Xonlik davri, balki Xorazmshohlar hukmronligidan tortib mo‘g‘ullar istilosi va undan keyingi, shuningdek, XVI—XVII asrlarga oid obyektlarga duch kelish mumkin.

Gujum daraxtidan yasalgan eshik

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgani bois ansamblda 4 ta darvoza: Bog‘cha darvoza, Polvon darvoza, Toshdarvoza hamda Ota darvoza mavjud. To‘rtala tomondan kirish imkoniyatini sayyoh va mehmonlar uchun qulaylik deb baholash mumkin. Ota darvozadan Polvon darvozagacha bo‘lgan yo‘l XVIII—XX asrlarda qurilgan. Xivaning 80 foizga yaqin tarixiy yodgorligi jam bo‘lgan majmua darvozalari XIX asrda bomdod namozi vaqtida ochilib, xufton namozi vaqtida yopilgan.

Gujumdan ishlanib, naqshlar bilan bezatilgan eshik

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Kelgan sayyohlarga ma’lumot beraverib qal’a tarixini suv qilib ichib yuborgan Toshhovli saroy bo‘lim mudiri Farrux Jumaniyozovning aytishicha, Ichan qal’aning ichidagi barcha darvoza, eshik, ustunlar Xorazmda o‘sadigan gujum daraxtidan yasalgan bo‘lib, ko‘chalarni bezab turadigan ajoyib lavhlar uchun ham bugungi kunda ustalar aynan ushbu daraxtdan foydalanadi. Sho‘r yerda o‘sadigan an’anaviy gujum daraxti shunchalik qattiq va mustahkamligidan temirga qiyoslanadi.

Darvozaga aylana shaklidagi naqsh o‘yilgan bo‘lib, ulardan biriga Ixlos surasi ikkinchisiga esa Kalimai shahodat tushirilgan. Shunchalik mohirlik bilan o‘yilganidan yozuvning boshi bilan oxiri bir-biriga tutashgan. Kiraverishda sarrofxonalar qurilgan bo‘lib, uni hozirgi valyuta ayirboshlash shoxobchalariga qiyoslash mumkin.

Ko‘rinishi kalta-yu tarixi uzun minora

Ichan qal’aning Ota darvozadan kirgandagi ko‘rinishi

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ichan qal’ada Juma masjidi, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Toshhovli saroyi, Islomxo‘ja minorasi, Muhammad Aminxon minorasi, Ko‘hna Ark va Toshhovlidan boshqa yana bir qancha o‘ziga xos ahamiyatga ega inshootlar bir qancha. Ota darvozadan kirganda ko‘zga birinchi bo‘lib xalq orasida kalta minor nomi bilan mashhur bo‘lgan Muhammad Aminxon madrasasining oldida joylashgan minora ko‘zga tashlanadi.

Gidning tushuntirishicha, aslida minoralarni qurishdan bir qancha maqsad ko‘zlangan. Asosan so‘fi azon aytib namozga chaqirishi uchun masjid yonida bunyod etilgan minoralar, shuningdek, mayoq vazifasini ham bajargan. Karvon adashmay topib kelishi uchun minora ustiga kechqurunlari olov yoqib qo‘yilgan. Yana mudofaa borasida ham manfaatli bo‘lgan. Tepasida turgan soqchi kelayotgan yovni ko‘rgach boshqalarga signal bergan.

Balandligi 51 metrni tashkil qiladigan Islomxo‘ja minorasi

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qolaversa, u orqali uni qurdirgan insonning ismi abadiylashtirilgan. Muhammad Aminxon va Islomxo‘ja madrasalarining yonida minora qad rostlaganining sababi ham shunda.

Savdo rastalari

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Yana bir o‘ziga xosligi Muhammad Aminxon minorasida Ogahiyga oid 16 misralik tarixdan 12 tasini uchratish mumkin. Ta’mir vaqtida asliga keltirilgan yozuvda minora jannatda o‘sadigan Tubo daraxtiga qiyoslanadi, falak ayvonining ustuni ya’ni osmon gumbazini tutib turuvchi ustun deyiladi.

28 metr balandlikdagi (gid 28 metr deb aytdi, ammo ayrim manbalarda 29 metr ekanligi haqida ma’lumotlar bor) Muhammad Aminxon minorasi 51 metrlik Islomxo‘ja minorasidan zangori, moviy ranglar bilan bezatilgani orqali ham ajralib turadi. Yana quyosh tushganida o‘zgarmasligi, ranglari o‘chmasligi bilan ham diqqatga sazovor.

Ansambldagi sharqona muhit

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Minoraning aylana diametridan uning balandligini bilish mumkin. Muhammad Aminxon minorasining aylana diametri 14, 5 metr, Islomxo‘janing diametri esa 7 metr. Shundan kelib chiqib xonning o‘limi sabab chala qolgani aytiladigan minora bitganida ansambldagi Islomxo‘jadan qanchalik baland bo‘lishi mumkinligini tasavvur qilish mumkin.

Xalq orasida “Madrasasi bitib minorasi bitmagan Muhammad Aminxon murodiga yetmagan”, degan gap bor. Tovlanadigan, jilokor minoraning tarixi bilan bog‘liq bir necha afsonalar ham yo‘q emas. Emishki, shahardagi eng ulkan minora bunyod qilishni buyurgan Xiva xoni Buxoro amirida ham shunday xohish paydo bo‘lganidan xabar topadi. Xonning bunday minoraning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymasligini yaxshi bilgan bosh usta, bitganidan so‘ng meni qatl qilishadi, degan qo‘rquv bilan ishni chala tashlab qochib ketadi.

Xorazm arxitekturasidagi o‘ziga xoslik, zamonaga xos “konditsioner”

XX asr boshida qurilgan Polvon qori savdo uyi

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ansamblda turli asrlarga oid obyektlar bo‘lsa ulardan eng eskisi qaysi degan savolga, Farrux aka “Juma masjidi”da 1000 yillik tarixga ega ustunlar borligini aytish orqali javob berdi. Uning ma’lum qilishicha, X asrda yo‘li shu tomonlarga tushgan arab sayyohi Juma masjidi haqida yozib, unga chiroyli, mo‘jaz deb ta’rif bergan.

Muhammad Rahimxon madrasasi

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Bizgacha yetib kelgan eng qadimiy obida XIV asrga tegishli Sayyid Alovuddin maqbarasi hisoblanadi. Qolgan inshootlar XVII, XVIII va XIX asrlarga tegishli.

Ro‘parama-ro‘para uslubda qurilgan binolar

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Xiva me’morlari O‘rta Osiyo arxitekturasiga xos uslub — inshootlarni ro‘parama-ro‘para qurishdan foydalangan. Pishiq g‘ishtdan qurilgan madrasalar arxitekturasi o‘xshash — simmetrik, ikki qavat va hovlili. Peshtoqning ikki tarafiga an’anaviy guldasta-minoralar ishlangan. Me’morchiligi o‘xshagani bilan har biri alohida, o‘ziga xos.

Yuqoridan kaftdek ko‘rinadigan Ichan qal’a

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Xorazm me’morchiligidan o‘rganadigan jihatlar ko‘p. Zax tortmasligi uchun binolar orasiga qamish qo‘yilgani (qamish suvda o‘sgani hisobiga suvda chirimaydi), Xorazm O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgani uchun imorat tiklashda asosan issiq va sovuq inobatga olingani tahsinga sazovor.

“Xon qabuli” sahna ko‘rinishidan lavha

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Xon qarorgohi hisoblangan Ko‘hna Arkdagi arzxona bunga misol bo‘la oladi. Xon yozning jaziramasida mehmon va elchilarni ayvonda, qishda esa ichkarida qabul qilgan.

“Xon qabuli” sahna ko‘rinishidan lavha

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Dastlab shimolga qaragan ayvonning baland ishlangani, qarshisidagi devorning esa past ekanligi ajablantirdi. Keyin bilsak, bu bejiz emas ekan. Ta’kidlanishicha, tars ya’ni quyoshga teskari qaragan ayvonga qishin-yozin quyosh tushmas ekan. Shimoldan kelgan sovuq shamol baland devorga urilib, yana qayta harakatlanib chiqib ketayotganda, o‘sha tomondan kelayotgan boshqa bir shamolga qo‘shilib shabada hosil qilar ekan. Buni o‘z zamonasining “konditsioner”iga qiyoslasa bo‘ladi.

Hammasi xuddi filmlardagidek

Xon chiqib ko‘ringan, farmonlar o‘qib eshittirilgan siyosiy maydon

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Islomxo'ja”, “Muhtasham yuz yil” va boshqa tarixiy seriallarida hukmdor chiqib ko‘rinish beradigan sahnalar bor. Ichan qal’ada ham mana shunday siyosiy maydon bo‘lgan. Xon unda chiqib ko‘rinish bergan, farmonlar o‘qib eshittirilgan, xalqqa ibrat bo‘lishi uchun ayrim jazo turlari ham aynan shu yerda namoyishkorona qo‘llanilgan.

2020-yil Xiva ‘‘Turk dunyosining madaniy poytaxti” deb e’lon qilinganida ta’mirlash ishlari olib borilgan va o‘sha vaqtda mazkur maydonda usti beton bilan yopilgan quduqqa o‘xshash chuqurlik topilgan. Undagi g‘ishtlarning barida romb ko‘rinishidagi belgi borligi, ya’ni har bir usta o‘z muhrini qo‘ygani aniqlangan. Chuqur quduq yoki sardoba bo‘lgan deb taxmin qilingan, ammo suv idishi topilgach bu yer zindon bo‘lishi, mahbuslar jazolanguniga qadar shu yerga tashlab turilgan bo‘lishi mumkin degan ehtimollar ham aytilgan.

Ranglar simfoniyasi va cho‘girmalar

Hunarmandchilik namunasini sayyohlarga ko‘rsatayotgan ayol

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ichan qal’ani ko‘rish uchun kelganlar orasida fransuz, turk hamda ingliz millatiga mansub sayyohlar borligi, yana arxitekturaga shaydo bo‘lishdan tashqari hunarmandchilik namunalari — gilamlar, milliy libos va ayniqsa cho‘girmalar qiziqtirayotganini payqash qiyin emas.

Ranglar umumlashmasi bilan o‘ziga rom etadigan Xorazm gilamlari

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Xiva gilamlarining to‘qilish jarayoni xuddi ranglar simfoniyasidan yaralayotgan asarga o‘xshaydi.

Gilamning to‘qilish jarayoni

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Uni tikilib tomosha qilish meditatsiya singari ta’sir qiladi odamga.

Gilam to‘qishda foydalaniladigan iplar

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Rastalarda cho‘girmalarning turli rang va katta-kichiklikdagisini ko‘rish, hatto sotib olmasa ham kiyib suratga tushib olish mumkin. Savdogarlar bunga e’tiroz bildirmaydi, go‘yo bu tabiiydek oddiy hol sifatida qabul qiladi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Cho‘girma o‘tmishda chang va sovuqdan himoya qilishdan tashqari, safarga chiqqan yo‘lovchi uchun yo‘lda yostiq vazifasini ham bajargan. Qolaversa, tolalarining uzun-qisqaligi uni kiygan odamning mavqeyini ham bildirgan. Shuning uchun boshidan cho‘girma tushgunicha jon uzilishi afzal bilingan. Qanchalik g‘alati tuyulmasin, qiziq fakt — turmush yukini bo‘yniga olishga qanchalik tayyor ekanini bilish uchun bo‘yi yetgan qizlar cho‘girma bilan 7 marta urib ko‘rilgan. Zarbdan yiqilmasa keyin turmushga berilgan.

Sharqona shaharning ekzotik obrazi

Qal’a devorining yuqoridan ko‘rinishi

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Turizm va madaniy meros vazirligining ma’lum qilishicha, Xorazmda 21 ta muzey bo‘ladigan bo‘lsa, undan 19 tasi aynan Ichan qal’ada qolgan ikkitasi esa Dishan qal’ada mujassam.

Ichan qal’adagi muzey eksponatlari

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ichan qal’a davlat muzey qo‘riqxonasidagi buyumlar, ashyolarning umumiy soni 56 232 tani tashkil qiladi. Ularni tomosha qilgan odam shunchalik qiymatli merosni o‘z ko‘zi bilan ko‘rayotganidan hayratlanadi. Lekin, afsuski, kimlarningdir nafsi sabab ko‘z ko‘rgan hamma narsa ham asl bo‘lib chiqavermaydi.

Ichan qal’adagi muzey eksponatlari

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Madaniy meros agentligining sal avvalroq Ichan qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasida olib borgan ishlari natijasida naqd 101 ta muzey ashyolarining soxta ekani aniqlangani haqida bergan xabari ushbu fikrga isbotga bo‘la oladi. Eksponatlarning yo‘qolishi millat uchun yo‘qotish, tarix va madaniy meroslarga mensimasdan qarash esa juda ayanchli. Odam vahimaga tushadi — tarixga ham eksponatlar singari o‘zgartirish kiritilmagan bo‘lsin-da, ishqilib …

Pahlavon Mahmud maqbarasi

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Xiva turistik shahar, shu uchun bo‘lsa kerak aksariyat kishilar xonadonlarni mehmonxona, restoran va do‘kon qilib olgan. Sayyohlar uchun Ichan qal’aning ichidagi uyda istiqomat qilish qulay va hatto o‘ziga xos bo‘lishi mumkin, biroq aholining uylarini bo‘shatib tijorat qilishi tarixiy muhitga ta’sir qilishi, natijada ko‘rimsiz, jonli hayotdan uzilgandek muhit kuzatilishi mumkin.

Pahlavon Mahmud maqbarasining hovlisida yurgan musicha

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

1967-yilda muzey qo‘riqxona tashkil qilinganda, aholi u yerdan ko‘chirib tashlanmoqchi bo‘lgan-u, ma’lum qismi qoldirilgan. 1990-yili Butunjahon madaniy meros yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan Ichan qal’adagi uylarni qayta qurish mumkin, ammo UNESCO’ning shartiga binoan ohaklash, shifr qilmaslik kerak.

Milliy naqshlar bilan bezatilgan hunarmandchilik namunalari

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ichan qal’aning maydoni kattaligi hisobiga bu yerga birinchi marta kelgan odam uni 1 yoki 2 kunda aylanib chiqib faqat ko‘rganlariga tayanib xulosa chiqarishi mumkin. Ko‘rmagan nazardan qochgan jihatlar bo‘lishi yoki aksincha avvalroq kelganidagi holat bilan solishtirib oldingi ko‘rinishi bilan bog‘liq farqni darhol payqashi mumkin.

Egalarini kutayotgan hunarmandchilik namunalari

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Masalan, jamoa bo‘lib aylanganda Ota darvozadan Polvon darvozagacha bo‘lgan masofada xonadonlarga ko‘zimiz tushmadi. Lekin hamrohlik qilish vaqtida bizga o‘zi ham ichan qal’alik ekanini ta’kidlagan Toshhovli saroy bo‘lim mudiri Farrux Jumaniyozov hududdagi uylar avloddan avlodga o‘tib kelayotgani, 400 ga yaqin xonadonda 3000 ga yaqin aholi istiqomat qilishi haqida ma’lumot berdi.

Bozori chaqqon milliy qo‘g‘irchoqlar

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ichan qal’adan tashqari Xiva va Urganchdagi boshqa obyektlarga ham dastur asosida tashrif buyurishimiz kerakligi, vaqt esa tig‘izligi hisobiga 26 gektar hududdagi hamma-hammasini ko‘rishga jismonan hamda ma’nan ulgurish imkonsiz edi.

Shundan kelib chiqib agar hamkasbim Madina Nurman bilan kechki tamaddi uchun qayta qal’a ichiga boshqa, yon tarafidagi darvozadan kirib qolmaganimizda biz ham bir emas, ko‘p emas — naqd 400 ta xonadon bor ekan-ku, lekin biz ularni ko‘rmadik, deb aytishimiz mumkin edi.

Lekin kichik sarguzasht — sal kam adashishimiz ortidan kunduzi kezib ulgurmagan, devorlari suvoq qilingan, tomlariga shifr qo‘yilmagan xonadonlarning yonidan o‘tdik, va oldinroq ko‘rmaganimizga ajablandik ham.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Tarixiy obida va yodgorliklar alohida masala, ammo aynan past devorli uylar tarafda sharqona shaharning ekzotik obrazi saqlanib qolganga o‘xshaydi. Bu obrazni iloji boricha saqlash va yaxshilash esa nafaqat turizm balki avlodlarga bor merosni yetkazish uchun ham ahamiyatli.

Press-tur ishtirokchilarini karnay-surnay bilan qarshilagan xivaliklar

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Aslida yuqoridagilarning bari Xiva hatto Ichan qal’a bilan bog‘liq hammasi emas, uning go‘zalligi va o‘ziga xosligini so‘zlar bilan ifodalash uchun yozish borasida musavvir bo‘lish ham kamlik qiladi. Eng yaxshisi, borish va o‘z ko‘zi bilan ko‘rish kerak.