Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida 43 yoshli fuqaro qo‘shnisi bilan janjallashib, uni pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022-yilning 24-aprel kuni soat 16:00 larda Paxtaobod tumani, “Qumshaydon” mahallasida yashovchi 1979-yilda tug‘ilgan fuqaro N.A. 1958-yilda tug‘ilgan qo‘shnisi R.Q.ning hovlisida o‘rtalaridagi devorni buzish masalasida u bilan o‘zaro janjallashib, oshxona pichog‘i bilan R.Q.ni ko‘krak va boshqa sohalariga urib, qasddan o‘ldirgan.

Holat yuzasidan Paxtaobod tuman prokuraturasi tomonidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.

Viloyat IIB axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, 26-aprel kuni ushbu holat “Qumshaydon” mahallasida yashovchi keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinib, jinoyatning kelib chiqish sabablari tahlil qilingan. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ayyubxon Rahmatullayev hamda tuman hokimi Elyorbek Usmonovlar ishtirok etgan.