Odatda o‘z mutaxassisi tomonidan bajarilgan ishning natijasi o‘sha joydayoq ko‘rinarli bo‘ladi. Masalan, shifokor bemorni tuzatadi, tikuvchi ko‘ylak tikadi, usta – bino barpo etadi. Ilm-fan vakillarining izlanishlari-chi?

Murakkabligini bila turib jamiyat taraqqiyotida muhimligi uchun vazifani bajarishga, o‘rganishga kirishgan Aziza Yusupova ilmiy ishi yuzasidan Italiya, Yaponiya va Shveysariya davlatlarida bo‘lgan. 

Hozirda Shveysariyaning Basel universitetida Matematik va hisoblash nevrologiyasi bo‘yicha doktoranturada ilmiy ishlar olib borayotgan Aziza xorijga qanday ketgani, ilmiy ishining muhimligi va ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqida “Daryo” bilan suhbatda bo‘ldi.

Foto: Kollaj / “Daryo”

1994-yilda Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida tug‘ilganman. Yoshligimdan matematikaga qiziqardim. Maktabda o‘qib yurgan vaqtlarimda matematikadan fan olimpiadalarining shahar va viloyat bosqichlarida birinchilikni qo‘lga kiritardim.

50 foizlik grant bilan Koreyaga ketib, ilmiy ishim uchun to‘liq grantni qo‘lga kiritganman

Avvaldan xorij universitetlarida o‘qishni orzu qilardim. O‘zbekiston Milliy universitetining matematika fakultetini tamomlaydigan yilim IELTS sertifikatiga imtihon topshirgach, internetdan chet el universitetlari o‘rgana boshlaganman. Ulardan hujjat topshirish muddati tugamagan va bilim berish sifati balandroq bo‘lganlariga topshirib, Koreyaning Kyungpok milliy universitetiga kirganman.

Foto: Aziza Yusupovaning shaxsiy arxividan

Avvaliga, o‘qishga 50 foizlik grant asosida qabul qilinganman. Keyinroq kvant fizikasi va boshqa asosiy fanlarni A+ darajada (99-100 foiz o‘zlashtirilganini belgilovchi daraja) tamomlaganim natijasida ilmiy ishim uchun to‘liq grantni qo‘lga kiritganman.

O‘zbekistonga qaytishimga ota-onam sabab bo‘lgan

Universitetni tamomlab, PhD’ga topshirishga ulgurmasimdan ota-onam vatanga qaytishimni so‘rashgan. O‘ylashimcha, buning sababi barchamizga ma’lum bo‘lgan “o‘zbekchilik” bo‘lgandi.

Keyin O‘zbekistondagi Turin politexnika universitetida matematika fanidan dars berdim. U yerdagi o‘qituvchi-professorlar jamoasi juda yaxshi edi. Ular meni imkon qadar qo‘llab-quvvatlagan. Biroq o‘sha paytda ilmiy ish qilishim uchun yo‘nalishim bo‘yicha ilmiy rahbar topilmagan.

Shu sababli ilmiy ishimni davom ettirish uchun Yevropaga qaytishga qaror qilganman. Vaziyatni tushungan ota-onam ham oxiri rozi bo‘lishgan.

Foto: Aziza Yusupovaning shaxsiy arxividan

Koreyadan Shveysariyagacha — barchasiga grant asosida borganman

Hozirgacha o‘qish va ilmiy ish olib borgan davlatlarimga — Koreya, Italiya, Yaponiya va boshqalarga o‘zimning tanlovim bilan borganman.

Barchasiga borish yo‘llarini o‘zim izlaganman. Internetdan yoki universitetlarning o‘zidan grantlar qidirganman. Topgan grantlarim mening qiziqishlarimga mos kelganida hujjat topshirganman.

Ikkinchi tomon shu kungacha o‘rganishlarimni ko‘rib chiqib, mos kelsam, menga grant ajratgan.

Masalan, Yaponiya, Koreyadagi Jeyu orolida bo‘lgan konferensiya hamda 2018-yil Italiyada bo‘lib o‘tgan Summer school’ning ham barcha xarajatlari tashkilotchilar tomonidan qoplangan.

Foto: Aziza Yusupovaning shaxsiy arxividan

Izlanishlarni turli davlatlarda malakali mutaxassislar bilan olib borganman. Lekin eng yaxshi o‘rganish va natijalar falon shaharda bo‘lgan, deb aytishim biroz murakkab. Hozirgi darajamda ularning har birining o‘rni beqiyos.

Masalan, Koreyada o‘qiganimda sharoitlar juda yaxshi bo‘lgan. Laboratoriyada superkompyuterlar bor edi. Biz qiladigan simulyatsiyalarni amalga oshirishimiz uchun to‘liq imkoniyatlar berilgandi. Professor tomonidan esa shu ilmiy ishimni qo‘llab-quvvatlash maqsadida grantlar ajratilgan.

Ya’ni men ishlashim yoki boshqa vazifalar bilan shug‘ullanishim shart bo‘lmagan. Bor e’tiborimni bemalol faqat shu ilmiy ishimga qarata olganman. Shu sharoitlar davrida qilgan ilmiy ishlarim PhD’ga kirishimda asqatgan.

Italiyaning bir yillik Postgraduate diploma’sida yigirmadan ortiq fanlar o‘tilgan. Ular statistik fizika va uning elementlaridan foydalanib, matematik modellashtirishni o‘rganishga bag‘ishlangan fanlar bo‘lgan.

Foto: Aziza Yusupovaning shaxsiy arxividan

Men avval fizika emas matematika fanini chuqurroq o‘qiganim uchun bu yerda ko‘p bilmaganlarimni o‘rganganman. Hozir PhD’da aynan bir yil muddatda olgan bilimlarim juda qo‘l keladi.

Yoki Koreyani aytaylik. U yerda kodlash va dasturlashni o‘rganib, u ko‘nikmalarimdan haligacha ilmiy ishimda foydalanaman.

Ya’ni men bugungacha bo‘lgan har bir ta’lim maskanim — mening hozirgi darajamda o‘ta muhim rol o‘ynab, ilmiy ishlarimga poydevor bo‘lgan.

Shveysariyadagi ilmiy ishimning mavzusiga Italiyada yozgan kichik tezisim qiziqish uyg‘otgan

Hozir Shveysariyaning Basel universitetida Matematika va hisoblash nevrologiyasi bo‘yicha doktoranturada ilmiy ishlar olib boryapman.

Dissertatsiyamning asosiy mavzusi — miyaning o‘rganish metodlari va miya taxminan qanday qilib ma’lumotlarni o‘rganib olishining matematik modellarini tuzishdan iborat. Miya singari optimalga yaqinroq modellar yaratish ham dissertatsiyani o‘rganish doirasiga kiritilgan.

Foto: Aziza Yusupovaning shaxsiy arxividan

Italiyada o‘qiyotgan vaqtimda miyadagi o‘rganish mexanizmlari haqida bir kichik tezis yozganman.

Unga shu qadar qiziqqanim — ilmiy ishimni shu mavzuda olib borishimga sabab bo‘lgan. Mavzuni chuqurroq o‘rganish maqsadida Shveysariyadagi shu loyihaga topshirganman.

Hozirda menga biriktirilgan professor bilan shu mavzu bo‘yicha birgalikda o‘rganishlar olib bormoqdamiz.

Ilmiy ish mavzusi bo‘yicha professor har xil yo‘nalishlar bergan. Ular orasidan o‘zim uchun qiziq bo‘lganini tanlab, qolgan detallariga qo‘shimchalar kiritganman. Hozirgi o‘rganayotgan mavzuyim o‘zim uchun juda qiziq.

Foto: Aziza Yusupovaning shaxsiy arxividan

Ilmiy ishimda o‘rganilayotgan mavzu — aqlli mashinalar yaratilishi uchun keng yo‘l ochadi

Hisoblash nevrologiyasi asosiy miya tadqiqotlari, shuningdek, psixiatriya nazariyasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Inson miyasini tushunish va qanday mexanizmlar asosida ishlashini bilish orqali aqlli mashinalarni maqsadli yaratish uchun yo‘l ochiladi.

Bu o‘rganishning kelajak uchun muhimlilik darajasi juda yuqori. O‘zimizga bilinmasligi yoki tabiiydek ko‘rinib qolgan bo‘lishi mumkin. Ammo biz hozir juda ko‘p qulayliklarga egamiz. Hayotimizda zarur bo‘lgan barcha texnika buyumlari mavjud.

Hayotimiz shunchalik qulayki, ovqatlarni ham uyimizga olib keltirishimiz mumkin. Kiyim-kechak, idish-tovoqlarni ham mashinalar yuvadi. Shu kabi turli texnikalar inson hayotiga kirib kelgan-u, lekin inson miyasining o‘zi hali-hanuz to‘liq o‘rganilmagan.

Inson vafot etganidan keyin uning miyasi nofaol holatga kelgach, ochib ko‘rish mumkin. Lekin u ma’lumotlar ham miyaning funksional ishlashi haqida hech narsa aytib berolmaydi.

Foto: Neuroscience News

Aslida miyadagi ionlar almashinuvi tufayli ma’lumotlar bir yerdan boshqa yerga yetkaziladi. Bu oddiydek tuyuladi.

Lekin qanday qilib miya juda katta ma’lumotlarni yetkazish vazifasini juda katta tezlik bilan hal qiladi, murakkab misollar ishlaydi yoki muskullarimizni harakatga keltiradi, degan savollar javobi haligacha sirli ma’lumotligicha qolgandi.

Juda qimmat mikroskoplar va mutaxassislar yetishmovchiligi sababli mavzuni o‘rganish butun dunyo uchun muammoli masala

Hozirgi kunda tajriba elektron mikroskoplari keltirilgan. Ular kashf etilgach, ba’zi davlatlarda nevrota’limot o‘rganila boshlangan.

Biroq miya neyronlari juda nozik va ko‘p bo‘lgani uchun uni amaliyotda sinovchi mutaxassislar yetarli emas, bajarish ham murakkab jarayon.

Oxirgi 100 yil ichida shu kabi ishlar amalga oshirilgan. Lekin ular bilan dunyoning juda kam mamlakatlari shug‘ullanadi. Buning bir sababi — miyani o‘rganuvchi mikroskoplar juda qimmatligi, davlat sohani o‘rganish uchun yetarli mablag‘ ajratolmasligi bo‘lsa, keyingisi — mutaxassislar kamligidir.

Shunchaki yonib-o‘chuvchi neyronlar hech qanday ma’lumotni anglatmaydi

Miyani mikroskopda ko‘rish ham amalga oshirilib, undagi ma’lumotlar olindi, deylik. Uni endi biz tushunadigan “til”ga o‘tkazish zarur, chunki mikroskopdan qaralganda neyronlar shunchaki yonib o‘chadi.

Neyronlarning chapdan o‘ngga yoki aksincha aktivatsiyasi hech qanday ma’lumot bermaydi. Harakatlarni o‘rganishda esa hisoblash va matematik nevrota’limotlar zarur bo‘ladi. Tajribadan olingan datalarni odam, olim tushunadigan tilga o‘tkazish va modellashtirishni tashkillashtirish vazifalari bajarilishi kerak.

Hisoblash nevrologiyasi esa miyani matematik modellarini tuzish va miya qanday qilib ma’lumotlar bilan ishlayotganini tushunishga yordam beradi.

Chet elga sayohat qilish bilan u yerda yashash keskin farq qiladi

Chet el hayoti yaxshi. Lekin ko‘pchilikning chet eldagi hayot kinolardagidek chiroyli, deb o‘ylashi haqiqatdan ancha yiroq.

Xorijga sayohat qilish bilan u yerda yashashning juda katta farqi bor. Masalan, sayyohlar uchun O‘zbekiston ham rang-barang va qiziq makon.

Xorijda agar yaxshi o‘qimasangiz, ishingizni a’lo darajada bajarmasangiz, ikkovida ham ogohlantirish yoki boshqa jiddiy choralar ko‘riladi, chunki sizning o‘rningizni egallamoqchi bo‘lgan mutaxassislar juda ko‘p. Shunday ekan, ishini qoyillatmaydiganlar bilan joylar band qilinmaydi.

Chet el hayotining eng yoqimli tarafi — turli xil odamlar mavjudligi va ular bilan muloqot qilishdir.

Masalan, Bazel shahrida har xil davlatlardan kelgan turli millat vakillari juda ko‘p — ular bilan suhbatda bo‘lib, millati, davlati va madaniyati haqida juda ko‘p ma’lumotlarni olib, dunyo kengligini, bizdan boshqacha bo‘lgan odamlar ham borligini tushunadi, his qiladi kishi.

Buni boshqa hech narsa bilan taqqoslab, solishtirib bo‘lmaydi. Bu ko‘nikmalarni, hislarni hech narsaga alishmagan bo‘lardim.

Foto: Aziza Yusupovaning shaxsiy arxividan

Bundan tashqari, turli mamlakatlar oshxonasi bilan tanishish ham men uchun juda qiziq. Masalan, O‘zbekistonda hind taomlariga borish — noodatiy hol. Xitoy taomlari ham endi urfga aylanmoqda.

Asosan, uyg‘ur, turk oshxonasiga oid taomlar iste’mol qilinadi. Xorijda esa istalgan mamlakat oshxonasi bilan tanishish imkoni yuqori bo‘lgani uchun barchasini tatib ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Yoqmaydigan tarafi — yaqinlarimdan uzoqdaligim. Yana Shveysariyaning ob-havosiga moslashish ham qiyin bo‘lyapti.

Bir yilda deyarli olti oy bulutli ob-havo kuzatiladi. U esa insonlarda tushkun kayfiyat uyg‘otadi. Ba’zan o‘ylab qolaman, qachondir shaharning iqlimiga moslasharmikinman yoki yo‘q, deb.

Foto: Aziza Yusupovaning shaxsiy arxividan

Ilm-fan qayerga yetaklasa, o‘sha joyga borishga tayyorman. Maqsad — ko‘p pul topish bo‘lganda bu yo‘lni tanlamasdim

Maosh masalasiga kelsak, ilmiy ish qilayotgan mutaxassisga asosiysi oylik emas, o‘rganishida erishilayotgan natijalar sanaladi. Maosh esa faqat yashab turish uchungina zarur.

Boshqa tarafdan hozircha men uchun mablag‘ muhim masala emas. Agar maqsad boyish, ko‘p pul topish bo‘lganida bu yo‘lni tanlamagan bo‘lardim.

Kelajakdagi maqsadlarim — yaxshi ilmiy ishlar qilib, ilm-fan va insoniyatga foyda keltiradigan kashfiyotlar qilish. Aniq falon davlatda kelajagimni ko‘ryapman yoki Shveysariyada butun umr qolmoqchiman, deyolmayman.

Foto: Aziza Yusupovaning shaxsiy arxividan

Barchasi ilm va qiziqishlarimga bog‘liq. Qancha davlatda bo‘lgan bo‘lsam, hech biriga hayot yaxshi, oylik ko‘p yoki tabiati go‘zal bo‘lgani uchun emas, ilm-fan deb borganman.

Kelajakda, balki, boshqa shaharga ko‘chib ham o‘tarman. Agar shunday qilsam, bu qaror ilmiy ishlarim kelajagi uchun qilingan bo‘ladi. Ilm-fan meni qayerga yetaklasa, o‘sha yerga ketishga, o‘rganishdan to‘xtamaslikka tayyorman.

Maqsadlarga yetishda birgina “yo‘q” javobi to‘sqinlik qilmasligi kerak

Ilk bor xorijga o‘qishga ketayotganimda uydagilarni ko‘ndirish oson bo‘lmagan. Shunchaki samolyotga chipta sotib olib, yaxshi borib kel, deb kuzatishmagan, albatta. Roziliklarini olish mashaqqatli bo‘lgandi.

Lekin mana hozir o‘zim xohlagan ishlar bilan bandman. O‘zim xohlagan kelajakka qisman erishmoqdaman.

Foto: kollaj / “Daryo”

Aytmoqchimanki, agar ayol-qiz yurtdoshlarimiz jamiyatda o‘z o‘rnini topish, tegishli soha yoki ilm-fan taraqqiyoti uchun foydali shaxs bo‘lishni maqsad qilgan bo‘lsalar-u, oilaning o‘zida ichki to‘siqlar bo‘lsa, birgina “Yo‘q, qiz bolaga to‘g‘ri kelmaydi!” degan javoblari bilan cheklanmaslik, to‘xtab qolmaslik kerak.

Orzu uchun cheksiz kurashish kerak. Harakatlaringiz, bilimga intilishingizni ko‘rgan ota-onangiz ham yorqin kelajagingiz uchun oxiri, albatta, ruxsat beradi.

Tan olish kerak, xorijiy davlatlarda bilim berish sifati ancha yuqori — u yerdagi ta’lim muassasasidan kerakli va yetarli ko‘nikmalarga ega mutaxassislar yetishib chiqadi.

Har bir ota-ona farzandining malakali mutaxassis bo‘lishini xohlaydi. Faqat uni harakatlar bilan isbotlash, ishonchni esa oqlash zarur.

Kimningdir onasi, opa-singlisi yoki ayoli bo‘lish — full time job emas

Foto: Aziza Yusupovaning shaxsiy arxividan

Jamiyatda ayollar o‘zining “men”iga ega bo‘lishlarini, alohida individual shaxs sifatida ko‘rilishlarini xohlayman. Ayollarga faqatgina kimningdir kimdiri deb emas, o‘zlarining nomi bilan murojaat qilishlari kerak.

Kimningdir onasi, opa-singlisi yoki ayoli bo‘lish — full time job, ya’ni kun davomida bajariladigan “kasbi” bo‘lolmasligini barchamiz tushunishimiz kerak. Biz ayollar oiladagi vazifalarimizdan tashqari jamiyatda ham kerakli kasb mutaxassisi bo‘la olishimizni bildirishimiz, ishontirishimiz kerak.