“Atletiko” hujumchisi Luis Suares AQShning “Inter Mayami” klubiga o‘tishga rozi bo‘ldi, deya xabar qilmoqda Diariouf.

Foto: Getty Images

Urugvaylik futbolchi MLS klubi bilan shaxsiy shartnoma borasida kelishuvga erishgan. Qayd etishilicha, Suares Amerika jamoasi bilan 2 yilga mo‘ljallangan shartnoma imzolaydi.

Tomonlar kelishuviga ko‘ra, bitim Ispaniya chempionatining 2021/22-yilgi mavsumi yakunigacha rasmiylashtirilmaydi. Saures “matraschilar”ning Chempionlar Ligasi 2022/23-yilgi mavsumiga  yo‘llanma beruvchi o‘rinlardan birini egallashiga yordam berishga bel bog‘lagan.

35 yoshli hujumchining madridliklar bilan shartnomasi joriy mavsum so‘ngida o‘z nihoyasiga yetadi.

Luis Suares 2021/22-yilgi mavsum “Atletiko” safida barcha musobaqalarda 41 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol va 2 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.

Eslatib o‘tamiz, “Inter Mayami” jamoasi angliyalik sobiq futbolchi Devid Bekhemga tegishli.