Ota-onadan ayrilish og‘ir dard. O‘zbek san’atining ko‘plab vakillari ham bu dardni juda erta boshdan kechirgan. “Daryo” muxbiri Nargiza Murodova ota-onasidan bevaqt judo bo‘lgan mashhurlar bilan suhbatlashib, ularning kechinmalari bilan tanishdi.

Shukurullo Isroilov

Qiziqchi Shukurullo Isroilov 3 yoshida otadan yetim qolgan. U otasiz ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan qiynalgani haqida so‘zlab beradi.

Foto: Instagram / @shukurullo_isroilovoriginal

— Otam uch yoshimda olamdan o‘tgan. Rosti, u inson bilan bog‘liq voqealar yodimda qolmagan. Oilada buvim, onam, ukam va men yashardik. Buvimning oyog‘ini tramvay bosib ketgandi. Onam rahmatli ham nogiron edi. Onam erta tongdan ishlagani ketardi, buvim uyda ukam ikkimizga qarardi. Onamni qiynamaslik uchun maktab formalari kichkina bo‘lib qolmaguncha kiyaverardik. Hatto oq ko‘ylagimning yoqasi eskirib, sarg‘ayib ketganidan  buvim yoqasiga mato qoplab berardi. Yamoq solingan paypoqlarni-ku ta’riflashga til ojiz. Onamga yordam berish uchun 16 yoshimdan to‘ylarga chiqishimga to‘g‘ri kelgan. Ammo onam “Artistlarga qo‘shilma, odamlar seni ham artist deb, qizini bermay qo‘yadi”, derdi. Mashhur san’atkorning jamoasida boshlovchilik qilardim, ammo juda kam pul berishardi. Boshqa tanlovim yo‘qligi uchun indamay to‘ylarga kelaverardim, — deydi qiziqchi Shukurullo Isroilov.

Halima Ibragimova

Qiziqchi Halima Ibragimova ota-onasidan erta ayrilgani, ularning ikkisi ham to‘yini ko‘rmay vafot etganini armon bilan xotirlaydi. Hatto intervyularining birida to‘yini o‘zi o‘tkazganini ham ma’lum qilgandi.

Foto: Instagram / @xalimaxonim

— Otam rahmatli 16 yoshimda yurak xurujidan vafot etgan. O‘shanda otam endigina 42 yoshni qarshilagandi. Otam davrida oilamiz moliyaviy jihatdan umuman qiynalmagan. Katta yeb, katta ichishga o‘rganib qolganimiz uchun otamning vafotidan keyin ishlashimga to‘g‘ri kelgan. Yetti yil mobaynida “Farhod” bozorida ishlaganman. Bozor meni tarbiyalab, hayot maktabini o‘rgatgan, desam ham bo‘ladi.  To‘rt yildan keyin onam ham yurak xuruji bilan kasalxonada vafot etgan. Onamdan 20 yoshimda yetim qolganmiz. Ikki opam va singlim turmushga chiqishgandi. Qo‘ldan kelgancha ularga yordam qilishga harakat qilardim. Turmushga chiqish haqida o‘ylamaganim uchun 28 yoshimda oila qurdim, — deydi qiziqchi Halima Ibragimova.

Zarina Yo‘ldosheva

“O‘jar homilador” seriali va Ziyodaning “Tor ko‘cha” klipidagi rollari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Zarina Yo‘ldosheva 12 yoshida onasidan ayrilgan. Otasi esa hali esini tanib ulgurmasidan vafot etgan. Buvisi keksayib qolgani va oila moddiy jihatdan qiynalgani uchun Zarina, uning uka hamda singlisini Sirdaryodagi mehribonlik uyiga topshirishgan. Zarina 16 yoshiga qadar mehribonlik uyida tarbiyalangan.

Foto: Instagram / @zarina_yuldashova

— Onam og‘ir xastalikka chalingandi. Bir kuni ahvoli yomonlashib qoldi. Shifokor kelguniga qadar onamning qo‘llarini bir daqiqa ham qo‘yib yubormadim. Shunda qarindoshlarimdan biri: “Oying ertaga ko‘rmagandek bo‘lib ketadi. Sen tashqariga chiqib tur”, dedi. Afsuski, bu onam bilan so‘nggi vidolashuvimiz bo‘lgan ekan. Bola qalbim bilan onamning sog‘ayishiga ishongandim. Onamning o‘limidan keyin juda qiynaldim. Har kuni onam tushimga kirib, meni o‘zi bilan olib ketishini aytardi. Buni buvimga aytsam, yanada qiynalardi. Orada o‘zim ham xastalikka chalinib qoldim. Hushimdan ketib, o‘zimni bilmay qolardim. “Men ham oyimdek o‘lib qolsam, singlim bilan ukamga kim qaraydi?” — mana shu savol meni hayotga qaytardi, — deydi aktrisa Zarina Yo‘ldosheva.

Luiza Rasulova

Taniqli aktrisa Luiza Rasulova ham otasidan erta ayrilgan. Uning otasi ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilgan hamda avtohalokat tufayli vafot etgan. Aktrisa otasidan keyingi kunlar oson o‘tmaganini ta’kidlaydi.

Foto:Instagram/ @luizarasulova

— Odatda hamma qizlar otasini yaxshi ko‘radi. Bu mehr menda ikki hissa ko‘proq edi. Afsuski, ayni balog‘at yoshida otamdan ayrilganman. Bu men va oilamiz uchun og‘ir fojia edi. Tushkunlikka tushib qolganmiz, moliyaviy qiyinchiliklarimiz ham boshlangan. Otam vafotiga qadar maktabdagi eng faol va a’lochi o‘quvchi edim. Otamni yo‘qotgach, maktabga ham borishni istamay qolgandim. Shunda onamni hokimiyatga chaqirib, “Agar qizingiz darslarga bormasa, qizlar koloniyasiga jo‘natamiz”, deyishgandi. Onamning izza bo‘lganini ko‘rib, rosa achingandim. Pulsiz, hatto yeyishga nonimiz qolmagan kunlar juda ko‘p bo‘lgan. Shu sabab akam bilan 15-16 yoshdan boshlab ishlashga majbur bo‘lganmiz. U kunlarni eslash juda og‘ir. Ammo bu jarayon meni bolalikdan mehnatga va yaqinlarimni qadrlashga o‘rgatdi, — deydi aktrisa Luiza Rasulova.

Malika Ravshanova

“Siz men uchun eng yaxshi inson” deya dadalarni madh etuvchi qo‘shiq kuylagan Malika Ravshanova otasida juda erta ayrilgan. Uning otasi Ravshan aka 27 yoshida olamdan o‘tgan. Xonanda otasining ismi o‘zining ismi bilan doim yonma-yon tilga olinishini istab, Ravshan ismidan familiya sifatida foydalanadi.

Foto: Instargram / @malika_ravshanova

— Bolalik gashtini his qilmay katta bo‘lganman. 15 yoshimga qadar erta-indin otam qaytadi, degan umid bilan yashaganman. Biz-ku, otasiz qiynalganmiz, onamga esa ikki hissa qiyin bo‘lgan. Onam o‘sha paytlarda gilam to‘qish sexida ishlardi, uyga kelib kelinlar sarposiga kashta tikardi. Onam qiynalib pul topayotganini ko‘rganim uchun biror marta qo‘g‘irchoq yoki shirinlik olib bering, demaganman. Hatto katta tanaffus paytida dugonalarim oshxonaga chiqib, u-bu narsa olishsa, men sinfda qolardim, — deydi xonanda Malika Ravshanova.

Dilfuza Ismoilova

Xonanda Dilfuza Ismoilova ham otasidan erta ayrilgan. U 27 yoshida oilaning boshi bo‘lishiga va sovchilari eshik qoqib turgan singillarini turmushga berishiga to‘g‘ri kelgan.

Foto: Instagram / @dilfuza_ismailova

— Bolalikdan mehnatga o‘rganganman. Oilaning bosh farzandi bo‘lganim uchun singillarimga o‘rnak bo‘lishim kerak, deb hisoblardim. Otam vafot etganidan keyin juda qiyin bo‘lgan. Onam ham menga suyanib qolgandi. O‘z vaqtida moliyaviy qiyinchiliklar ham bo‘lgan. Shuning uchun san’at bilan birga tadbirkorlik qilishimga to‘g‘ri kelgan. Singillarimni o‘qitdim, turmushga berdim. Shu bois onam rahmatli ham meni “onam” deb erkalardi, — deydi xonanda Dilfuza Ismoilova.