Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida ko‘zlari o‘yilib, yuragiga pichoq sanchib, o‘ldirilgan ayolning qotiliga hukm o‘qildi.

“Daryo”da Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani “Uyg‘ur” mahallasida 2021-yilning 21-oktabr kuni fuqaro U.E. mast holda uyiga qaytib, turmush o‘rtog‘i Gulasal Hasanova bilan janjallashib qolgani va uni bir necha bor urib o‘ldirib qo‘ygani xabar berilgandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tuman sudi mazkur qotillik voqeasini ko‘rib chiqdi.

Sudda ta’kidlanishicha, gumondor o‘sha kuni sinfdoshinikidan mast holda qaytib, xotinidan suv so‘ragan. Bunga javoban eriga sovuq munosabatda bo‘lgan xotin eridan kaltak yeydi. Mast erning xotinini urishi va kaltaklashi 32 yoshli ayolning o‘limi bilan yakunlanadi.

“Men xotinim o‘lib qoladi, deb o‘ylamagandim. Uni o‘ldirish niyatim ham bo‘lmagan. Qilmishim uchun barcha qarindosh-urug‘imdan, prezidentimizdan uzr so‘rayman. Men hech qachon xotinimni o‘ldiraman deb niyat qilmagandim. Yosh bolalarim borligini inobatga oling. Olti oydan beri ichkarida o‘tirib, barcha xatolarimni tushunib yetdim”, — deydi sudlanuvchi.

Sud ayblanuvchini Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topib, uni 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Avvalroq “Daryo” muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan marhumning yaqinlari ko‘zlari o‘yilib, yuragiga pichoq sanchilgan qizi g‘alati anglashilmovchilik sabab “vaqtincha tirilgan”ini ham aytgandi.

Tez yordam hamshirasi Ma’rifat Jo‘rayeva esa ma’lum muddatga “tirilgan marhum” voqeasini ularga qilingan bosim bilan izohlab, “Voqea joyiga borganimizda esa hech kimning tobi qochmagani, biz jasadni Shahrisabzga, tibbiy ekspertizaga olib borish uchun chaqirilganimizni bildik. Shu sabab ham adashib, bemor kartasidagi ahvoli degan joyiga o‘rta deb belgi qo‘yganman. Bu anglashilmovchilik”, degandi.