Dildora Niyozovaning turmush o‘rtog‘i Latifjon Yunusov 4-may kuni Instagram sahifasiga video joylab, rafiqasining to‘liq islom yo‘lini tanlagani, endilikda to‘y xizmatlarida ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, u kelgusi oylarga rejalashtirilgan to‘ylar uchun olingan “zaklad”lar ham qaytarib berilishini qo‘shimcha qildi.

“Assalomu alaykum, Dildora Niyozovaning kuzatuvchilari. Bugundan boshlab, ayolim haqiqiy islom yo‘lini tanlagani uchun to‘ylarga chiqmaslikka qaror qildi. Iltimos, kim biz bilan bog‘lanib, to‘y kunini belgilagan bo‘lsa, aloqaga chiqsin ‘zaklad’ pullarini qaytarib berishga majburmiz. Bugundan boshlab Dildoraxonim Niyozova to‘ylarga chiqmaydi. Uyda bola-chaqa tarbiyasi bilan shug‘ullanishga qaror qildi”,— deydi Latifjon Yunusov.

Oradan bir kun o‘tib, ya’ni 5-may kuni Dildora Niyozovaning o‘zi Instagram sahifasida aloqaga chiqib, turmush o‘rtog‘ining so‘zlarini inkor qildi hamda “zaklad” olingan to‘ylarga xizmatga borishini ma’lum qildi.

“Bir kunda bunchalik mashhur bo‘lib ketaman, deb o‘ylamagandim. Avvalambor, barchadan uzr so‘rayman. Meni niyat qilib to‘ylariga taklif etgan insonlar bor.

Ertalab turib telefonimga qarasam, hamma yerda ‘Dildora Niyozova san’atdan ketibdi’, degan shov-shuv tarqalibdi. Har bir oilaning o‘ziga yarasha siri, sinovi bo‘ladi. Alloh suygan bandasiga sinov beradi. Alhamdulillah, suygan bandasi ekanmizki, boshimizga ozgina sinov tushdi. Yaratgan sinovni ham bandasining yaxshi ko‘rgani bilan berar ekan. Turmush o‘rtog‘im bilan biroz kelishmovchilikka bordik. O‘zi bunday hol har bir oilada bo‘lib turadi. Kamchiliklarni uyning to‘rt devori berkitib turadi. Bunday ish bo‘ladi deb o‘ylamagandim. Chunki oramizdan ozgina gap qochgandi xolos.

Erkaklarga hamisha aytaman, rashkni ham o‘z o‘rni bor. Bu besh kunlik dunyoda bir-birimizni qadrlaylik. Inson yaxshi ko‘rib ham kimgadir ozor berib qo‘yishi mumkin. Turmush o‘rtog‘im qattiqqo‘l, aytganini qildiradigan yaxshi inson. Haq yo‘lini tanlaganimdan keyin turmush o‘rtog‘imga yanada itoat qilishga harakat qilyapman.

To‘g‘risi videoni ko‘rib, hayron qoldim. Jahlda chiqib ketib, Instagram’ga shu videoni qo‘yibdi. ‘Bu ishni bekor qilibsiz’, deganimdan keyin yanada ko‘proq jahli chiqdi. Mayli, hammasi xayrli yakun topsin.

Turmush o‘rtog‘im har doim ‘Ro‘mol o‘rading, bu yo‘limiz xato emasmikan? Allohdan nimaniki so‘ragan bo‘lsak, hammasini berdi’ , deb tushuntirardi. Haqiqatan ham turmush o‘rtog‘im uyimni uy qilgan.

Yaxshi er — xotinning omadi, yoki aksincha. Bolalarimning otasiga hech qachon yomonlikni ravo ko‘rmayman. Nima bo‘lishidan qat’i nazar turmush o‘rtog‘imni hurmat qilaman. Shu bilan birga uni yaxshi ko‘raman. U inson meni va san’atimni hurmat qiladi. Videoni rashk tufayli qo‘ydimi bilmadim, hayratdaman.

Xudo xohlasa olingan xizmatlarga borish kerakligini turmush o‘rtog‘imga tushuntiraman. Hammasi xayrli yakun topishini so‘rayman. Har bir ayol o‘z jufti bilan baxtli bo‘lsin. Bitta oilaga darz ketsa, Arshi A’lo zirillar ekan. U yerga Allohning qahri yog‘ilar ekan. Shuning uchun oilalarimiz tinch bo‘lishi uchun harakat qilaylik.

Hammamiz bandamiz, gohida biz ayollar ham tilimizni tiyolmay qolamiz. Men san’atimni juda ham yaxshi ko‘raman, muxlislarim yo‘llayotgan fikrlardan kuch olaman. Ilohim hamisha kerakli inson qilsin. Nashidalar kuylash nasib qilsin. Turmush o‘rtog‘im ‘Alloh seni sevarkanki, xalq seni qadrlaydi’, deb ko‘p ta’kidlaydi. Nega bu videoni chiqarganliklarini esa haligacha tushunmayapman.

Faqat noto‘g‘ri hayolga bormasliklaringizni so‘rayman. Hayotda kunning tuni, oqning qorasi bor. Alloh hayotimizga yaxshiliklarni ziyodasi bilan bersin. Nasib qilsa, olingan xizmatlarga borishga harakat qilamiz. Men hammadan uzr so‘rayman”, — deydi Dildora Niyozova o‘z murojaatida.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Latifjon Yusupovning hamda Dildora Niyozovaning videomurojaatlari Instagram’dan o‘chirildi.