COVID-19 bilan kasallanishning kamayishi fonida Pekin xorijdan kelganlar uchun karantin muddatini qisqartirdi, Gonkong esa plyajlar va basseynlarni qayta ochdi, deya xabar bermoqda AP.

Foto: Getty Images

Misol uchun, Pekinga kelgan xorijliklar mehmonxonada endi avvalgidek 14 kun emas 10 kun o‘zini izolyatsiya qilishi kerak bo‘ladi, ammo ular yana bir hafta davomida uy karantinida bo‘lishi kerak.

Hozir Pekin bir kunda juda kam xorijiy reyslarni qabul qilmoqda, shuning uchun cheklovlarni yengillashtirishni ramziy deb hisoblash mumkin.

Gonkongda odamlarga basseyn va plyajga borishga, ochiq havoda niqobsiz holda sport o‘yinlari bilan shug‘ullanishga qayta ruxsat berildi. Restoranlarda tashrif buyuruvchilarga bitta stolda sakkiz kishigacha o‘tirishga ruxsat berildi. 19-may kuni yana bir qator yumshatishlar kuchga kirishi kutilmoqda, bunda restoranlar yarim tungacha, barlar va klublar qayta ochilishiga ruxsat beriladi.

Gonkongda koronavirusdan o‘lim darajasi nolga yetdi, mart oyida esa u yerda sutkasiga 300 tagacha COVID o‘limlar qayd etilgandi.

Xitoy COVID-19 ga nisbatan “nol bardoshlik” siyosatiga ega bo‘lgan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu virus tarqalishini qat’iy lokdaun va kasallangan fuqarolar bilan aloqada bo‘lganlar uchun majburiy karantin orqali cheklashni anglatadi. Bunday siyosat Pekinda 2022-yil 4—20-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan 24-qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning bir qismi sifatida boshlandi, biroq rasmiylar uni o‘yinlar tugaganidan keyin ham davom ettirishga qaror qildi va bir qator shaharlarni lokdaunga yopdi.