Turkiyaga 2021-yili 30 milliondan oshiq turist keldi. Mamlakat sayyohlar tashrifi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadi va bu raqamlar bilan chegaralanib qolmoqchi emas. “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev Turkiyada bo‘lib, turizmning jadal rivojlanishi omillarini o‘rgandi.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Yo‘llar va masjidlar

Turkiyada yo‘llarning holati a’lo darajada, hatto chekka va tog‘ hududlarida ham. Istanbuldan Antaliyagacha allaqancha yo‘l bosib bunga shaxsan guvoh bo‘ldim.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Pullik yo‘llar ko‘p. Yo‘llarda harakat xavfsizligi xodimlari deyarli uchramaydi.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Avtomobillarning narxi va soliqlar balandligi uchun ko‘proq ot kuchi kam bo‘lgan kichik litrajli mashinalar minishga harakat qilishadi. Bunda benzin va dizel yonilg‘isining narxi qimmatligini ham hisobga olish kerak bo‘ladi.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

16 million aholiga ega Istanbulda tramvay ko‘zni quvnatib qatnab turibdi. Yo‘llar torligi va tepaliklarda joylashganiga qaramay megapolisda avtomobillar, avtobuslar va tramvay bir-biriga hamda yo‘lovchilarga xalaqit bermay harakatlanyapti.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Mamlakatda avtobuslar, skuterlar va velosipedlar uchun alohida yo‘lak va yo‘nalishlar ajratilgan.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Katta yo‘llar chetida, yonilg‘i quyish shoxobchalarida ko‘plab do‘konlarga duch kelasiz. Ularda avtomobil uchun kerakli narsalar va ichimliklar, yeguliklar sotib olish mumkin.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Sayyohlar bot-bot kiradigan qahvaxona va do‘konlarning aksariyatida namoz o‘qishga mo‘ljallangan alohida xonalar mavjud. Bunday joy va tahoratxonalarni aeroportlarda ham uchratish mumkin. Ammo ularni o‘lchami va yaratilgan sharoitlardan kelib chiqib, bemalol masjid deb atasa ham bo‘ladi.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Buyuk saljuqiy va Oqdengiz qilichi

Turkiyada tarix targ‘iboti juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatda bo‘lib turgan payt turk telekanallarini tomosha qilib, bir paytning o‘zida o‘tmishga oid ko‘plab film va seriallar namoyish etilayotganiga guvoh bo‘ldim. “Hoji Bayram Valining ishq yo‘li”, “Doston”, “Ertug‘rul”, “Barbaroslar Oqdengiz qilichi”, “Alparslon: buyuk saljuqiy”, “Usmon g‘oziy” va hokazo.

Kadr: “Usmon g‘oziy”

Bu film va seriallar chet ellarga ham sotiladi, mamlakatga kelayotganlar ular bilan yaxshi tanish. Turkiyaga aynan “Muhtasham yuz yil” yoki “Ko‘sem”da tasvirlangan tarixiy joylarni ko‘rish uchun kelgan ko‘plab sayyohlarni uchratish mumkin.

Kadr: “Alparslon: buyuk saljuqiy”

Bu qiziqish hatto turistik turlarning nomida ham o‘z aksini topgan: “Muhtasham yuz yil”, “Usmonlilar imperiyasi merosi” va hokazo. Ularda turistlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan yo‘nalishni o‘zgartirish, aytaylik, muzeylar qolib bozorlarga yo‘l olish jarimalar solinishiga sabab bo‘ladi.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Turklar nafaqat tarixga, balki bayroqlariga ham ehtirom bilan munosabatda bo‘lishadi. Ular bu borada amerikaliklardan qolishmas ekan.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

“Bayroqlar faqat davlat muassasalari oldida ko‘tarilsin” degan qoida yo‘q, ularni barcha joylarda ko‘rish mumkin. Ko‘chalar, kemalar, o‘quv yurtlari, muassasalar, do‘konlar, uylar va hatto balkonlarda ham.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

“Bosh kiyimsiz kirish taqiqlanadi!”

Turklar o‘z o‘tmishiga hurmat bilan qaraydi va boshqalardan ham buni talab qiladi. Ular hatto mamlakatga mo‘may daromad keltirayotgan sayyohlar bo‘lsa ham.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Ayo Sofiya, Sulton Ahmad masjidi va boshqa ziyoratgohlarga kalta va ochiq liboslarda, ayollar esa bosh kiyimsiz kirish taqiqlangan. Kirishda poyabzallar qoldiriladi. Bu haqda ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilgan va nazoratchilar jarayonni diqqat bilan kuzatib boradi.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Nafaqat turkiy, balki islomiy qadriyatlar targ‘ibotiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Sulton Ahmad masjididan chiqayotgan payt bepul adabiyotlar rastasiga ko‘zim tushdi. U yerda ingliz, ispan, rus va boshqa tillardagi islomiy adabiyotlar, jumladan, Qur’on bepul tarqatilayotgan edi.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Muqobil va kam xarajat energiya

Turkiyada yonilg‘i manbalari kam bo‘lgani uchun muqobil energiyadan foydalanish darajasi yuqori. Mamlakatning aksariyat hududlarida shamol yordamida energiya hosil qiluvchi qurilmalar o‘rnatilgan. Denezli viloyatida esa geotermal manbalardan energiya olish yo‘lga qo‘yilgan.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Uylarning ko‘p qismi quyosh energiyasi yordamida issiqlik beruvchi qurilmalar bilan jihozlangan. Elektr va gaz uchun to‘lovlar qimmat bo‘lgani sababli aholi imkon qadar shunday vositalardan foydalanishga harakat qiladi.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Mushuklar, itlar va olmaxonlar

Istanbulni “mushuklar shahri” deb atashadi, aslida Turkiyaning har yerida jonivorlarga iliq munosabatni kuzatish mumkin. Xususan, Efes shahar-muzeyida ular ming yillik postamentlarni ham egallab olgan.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Nafaqat mushuklar, balki itlarga ham shunday e’tibor. Bemalol aylanib yurishibdi, hech kim kaltak olib quvlayotgani yo‘q. Sovuq kunlarda ular uy yoki do‘konlar ichkarisiga ham kiritiladi.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Umuman, jonivorlarga bo‘lgan munosabat, to‘g‘rirog‘i, toqatlilik havas qiladigan darajada. Ko‘p yerlarda ular o‘ziga xos ramzga ham aylanib ulgurgan. Aytaylik, Troyada olmaxonlar shunday mavqeda ekan. Yuzlab sayyohlarni pisand qilmay shoxdan-shoxga emin-erkin sakrab yurishibdi.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Ham sayohat, ham tijorat

Turkiyadagi turistik yo‘nalishlarga tarixiy obidalar, muzeylar qatori turli korxona va kompaniyalar ham albatta kiritiladi. Jumladan, teri va zargarlik mahsulotlari markazlari, dori-darmon, qandolat, tekstil korxonalari.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Ularda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida batafsil hikoya qilinadi, ekskursiyalar, namoyishlar o‘tkaziladi. Barchasi shu darajada mukammal va mohirona yo‘lga qo‘yilganki, qanday qilib mahsulot sotib olganingizni o‘zingiz ham sezmay qolasiz.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Shu tariqa bir qarashda o‘ta arzondek ko‘ringan sayyohlik turlari korxona va kompaniyalar, tadbirkorlarni xaridorlar, davlat g‘aznasini esa tushumlar bilan ta’minlovchi daromad manbaiga aylanadi.

“Dunyo yagona davlat bo‘lganida...”

Turkiyada tarixiy obyektlarning ta’mirlanish saviyasi hayratlanarli darajada yuqori. Qo‘l uchida, sifatsiz qilinganini uchratish qiyin. Ba’zida bino yoki muzeyning o‘zi asli shundaymidi yoki ta’mirdan keyingi holatimi, ajratolmay qolasan.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Muzeylar va obidalar bilan tanishtirayotgan gidlarning saviyasi yuqori, tarix va tillarni yaxshi biladi. Turkiya tarixi haqida shunday faxr va iftixor bilan gapiradiki, o‘z-o‘zidan bu kayfiyat sizga ham yuqadi.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Ularning hikoyalari orqali Gomer va Gerodot hozirgi Turkiya hududida tug‘ilgani, Napoleon Bonapart “Dunyo yagona davlat bo‘lganida uning poytaxti Istanbul bo‘lardi” deya xitob qilgani yoki 1915-yilda yuz bergan Chanoqqal’a jangi tafsilotlari haqida bilib olish mumkin.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Bolalar uchun tomosha, siz uchun sport

Turkiyaning kurort shaharlaridagi mehmonxonalarni shahar ichidagi shahar desa bo‘ladi. Tashqariga chiqishning hojati yo‘q: qahvaxonalar, restoranlar, do‘konlar, basseyn va spa-salonlar, yugurish yo‘laklari, basketbol, bilyard va tennis maydonlari dam oluvchilar uchun muntazir.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Kechki payt mehmonlar zerikib qolmasligi uchun ko‘ngilochar dasturlar yo‘lga qo‘yilgan. Bolalar uchun maxsus tomoshalar uyushtiriladi, o‘zingiz esa karaokeda sevimli qo‘shiqlaringizni kuylashingiz yoki maza qilib raqsga tushishingiz mumkin. Vaqtni behuda o‘tkazish yoki zerikishga aslo o‘rin yo‘q.

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohruh Kenjayev

Turkiyada 2022-yili 40 million oshiq sayyohni qabul qilish va turizmdan olinadigan daromadni 35 milliard dollargacha yetkazish rejalashtirilmoqda. Yuqorida keltirilgan va o‘rgansa arzigulik omillarni hisobga olsa, bu rejalar ham tez orada uddalanishiga shubha qilmasa bo‘ladi.