Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

Ham O‘zbekistonning, ham jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — bularning barini “Kun matbuoti tarixi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

Rukn materiallari har kuni tong soat 7:30 da e’lon qilinadi.

Los-Anjelesdagi isyon vaqtida yoqib yuborilgan bino.

Foto: Ted Soqui / California African American Museum

90 yil avval. 6-may, juma

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining yozishicha, “bu kun O‘rta Osiyoda birinchi eng yirik korxona bo‘lajak Toshkent to‘qimachilik kombinatiga poydevor solinadi... Bu kombinatning qurilib, yurgizilishi bilan O‘rta Osiyoning o‘z paxta hosili o‘zida ishlatilib, birinchi navbatda gazmol bilan O‘rta Osiyo jumhuriyatlarining ehtiyoji ta’min qilinajakdir” (O‘zbekistondan chiqqan paxtani O‘zbekistonning o‘zida qayta ishlash orzusi oradan 80—90 yil o‘tib, so‘nggi besh-olti yilda haqiqatga yaqinroq hodisaga aylandi).

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 6-may sonidan lavha

Mas’ul xodim yuqori tashkilotga yolg‘on ma’lumot bersa, uni qanday jazolash kerak? Masalan, 1932-yilda jazo mana bunday bo‘lgan: Bulung‘urdagi uchastkalardan birining mudiri “traktorlar bilan 48 hektar yer haydaldi”, deb hisobot bergan, aslida esa u yerda traktorning o‘zi bo‘lmagan, oqibatda “sud mudirni ikki yilga kesgan”. Mana shunaqa.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 6-may sonidan lavha

Sovet O‘zbekiston tarixidagi eng yirik siyosiy mahkamalardan biri — respublika Oliy sudi sobiq prokurori Sharofiddin Badriddinovning sudi tafsilotlari “Qizil O‘zbekiston”ning yarim sahifasini egallagan. Unda ta’kidlanishicha, “aybdor Badriddinov tergovning ‘takmillashmaganini’, uning guvohlari ‘so‘ralmaganini’ ko‘rsatib, ishni qaytadan tergovga yuborishni talab qilgan”. Ammo prokuror “o‘rtoq Katanyan tomonidan uning bu bahonasi qattiq zarbaga uchragan”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 6-may sonidan lavha

Badriddinov nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlardan biri — u O‘zbekiston qamoqxonalarini mahbuslardan bo‘shatish jarayonida “juda ko‘p boylar, quloqlar, siyosiy ma’yublarni kambag‘allar sifatida qamoqdan ozod qilgan”; bundan tashqari, u “rastratachilar, iqtisodiy aksilinqilobchilar, proletariat davlatining eng yovuz dushmani bo‘lgan shaxslarni turli jinoyatlardan qutqarib, ular bilan maishat qurib, minglab poralar olib kelgan”.

60 yil avval. 6-may, yakshanba

Toshkentda 1962-yil 7-may kuni SSSRdagi leninchi milliy siyosat tantanasiga bag‘ishlangan Butunittifoq ilmiy konferensiyasi ochilishi kerak. Shu bois o‘zi to‘rt sahifalik “Qizil O‘zbekiston”ning butun boshli bir sahifasi shu anjumanga bag‘ishlangan (qolgan uch sahifadan ikkitasi esa “Pravda” gazetasining 50 yillik yubileyiga doir materiallar bilan to‘ldirilgan).

Konferensiyaga bag‘ishlangan bosh maqolaning ayrim xatboshilarini o‘qib, “lenincha milliy siyosat tantanasi” deganda aynan nima tushuniladi-yu, bunda aynan qaysi millatga, qaysi tilga minnatdorchilik bildirilish kerak — oson anglab olish mumkin.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 6-may sonidan lavha

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 6-may sonidan lavha

7-may — Radio kuni, 1962-yilda esa radio axborot va, eng asosiysi, propagandaning bosh quroli. Hozir eng chekka tuman va qishloqlarga internet olib kirish, bu hududlarni internetlashtirish dolzarb vazifa hisoblansa, 1962-yili eng muhim vazifalardan biri O‘zbekistonni radiolashtirish edi. Xususan, “1964-yil oxirigacha O‘zbekistonni to‘la radiolashtirish vazifasini qo‘yilgan”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 6-may sonidan lavha

“Qizil O‘zbekiston”ning yozishicha, 1962-yilda O‘zbekistonda bir millionga yaqin radiotochka, 500 mingdan ortiq radiopriyomnik va 160 mingdan ziyod televizor bo‘lgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 6-may sonidan lavha

Toshkent radiosini esa nafaqat O‘zbekistonda, balki uzoq Indoneziya va Yangi Zelandiyalarda ham tinglashgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 6-may sonidan lavha

1962-yilgi O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi — boshdan-oyoq poyga. Bir kolxoz boshqasi bilan, bir ferma ikkinchisi bilan poyga o‘ynaydi. Juda bo‘lmasa, o‘sha kolxoz yo fermaning o‘zi o‘zining o‘tgan yilgi natijasi bilan musobaqalashadi. Yana bir jihat — bundan 50—60 yil avval O‘zbekiston fermalarining “davlatga go‘sht topshirish plani”, baxtga qarshi, faqat qo‘y yo mol go‘shti bilan bajarilmagan. Shuning uchun, “Doniyaxon hozir 107 cho‘chqani bo‘rdoqiga boqayotir” degan xabar sizni hayron qoldirmasin.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 6-may sonidan lavha

30 yil avval. 6-may, chorshanba

“Xalq so‘zi” gazetasida G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasi bosh muharriri, taniqli yozuvchi Xayriddin Sultonov bilan suhbat bosilgan. Uning ta’kidlashicha, bozor iqtisodiyoti sharoitida nashriyot “endi faqat badiiy baquvvat, o‘quvchi e’tiborini jalb qila oladigan xaridorgir kitoblarni nashr qilishni mo‘ljallyapti”. Bosh muharrir, iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, 1992-yil oxirigacha kitobxonlar qo‘liga yetib borishi kutilayotgan kitoblar haqida ma’lumot bergan: ular orasida, masalan, Nabijon Boqiyning “Qatlnoma”si, xalq eposi hisoblangan “Dada Qo‘rqut”, Ashurali Jo‘rayevning Yulduz Usmonova haqidagi kitoblari bor.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 6-may sonidan lavha

O‘zbekistondan Hajga borganlar soni 1989-yili 10 kishini ham tashkil etmagan, ammo 1990-yilda bu raqam 355 kishiga, 1991-yili esa 1200 kishiga yetgan. O‘zAning 1992-yil may oyi boshidagi axborotiga ko‘ra, “hozirgi hali uzil-kesil bo‘lmagan ma’lumotlarga qaraganda, 1992-yilda Hajga bulturgiga qaraganda ancha ko‘p hamyurtlarimiz borib keladilar”. Shu munosabat bilan agentlik Hajga tayyorgarlik masalalari yuzasidan prezident davlat maslahatchisi Baxtiyor Nazarov bilan suhbat uyushtirgan.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 6-may sonidan lavha

Baxtiyor Nazarov “davlat Haj ishlariga aralashmasligi va aralashayotgani ham yo‘q”ligini ta’kidlagan. Hajga kim borishini belgilash “Movaraunnahr diniy idorasi tasarrufidagi ishlardir”, degan prezident maslahatchisi. “Muhtaram din ahlimiz bilmoqlari lozim bo‘ladi: hukumat hech qanday ro‘yxat talab qilgani yo‘q, qilmaydi ham... Nima uchun biz hatto ro‘yxatni ham olmaymiz? Agar bunday qilingudek bo‘lsa, hukumat Haj qiluvchilarni nazoratga olganday bo‘lib qoladi, bunday qilish esa mumkin emas”, deydi u.

“Xalq so‘zi” gazetasida Movaraunnahr musulmonlari idorasining Qorilar musobaqasi va Ayol-qizlar o‘rtasida Qur’on musobaqasi o‘tkazilishi haqidagi e’lonlari bosilgan. Har ikkala musobaqa g‘oliblariga Haj safariga bepul yo‘llanma va’da qilingan.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 6-may sonidan lavha

1992-yilning 1-may kuni Toshkent, Olimpiya o‘yinlari mezbonligi qo‘lga kiritish qanday bo‘lishini o‘rganish bahona, Buyuk Britaniyaning Birmingem shahri bilan birodarlashgan.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 6-may sonidan lavha

Tashqi aloqalar degandek. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi har oy boshida o‘tgan bir oylik faoliyatiga doir hisobot beradi. Bu safargi hisobotga ko‘ra, “1992-yil 4-mayga qadar 108 mamlakat O‘zbekistonni mustaqil davlat sifatida tan oldi. 4-mayga qadar O‘zbekiston 29 mamlakat bilan diplomatiya munosabatlari o‘rnatish to‘g‘risida hujjatlarni imzolandi”.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 6-may sonidan lavha

Xorijda nima gap o‘zi? Qrim parlamenti yarimorolning Ukrainadan mustaqilligi masalasida hujjat qabul qilgan, endi shu masalada referendum o‘tkazmoqchi. Qrimning mustaqilligidan eng ko‘p manfaatdor bo‘lgan Moskvada esa qiziq xabarlar — Qizil maydonda o‘tajak 9-may paradida “tarixda birinchi marta AQSh harbiy xizmatchilari ishtirok etishi mo‘ljallanyapti”.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 6-may sonidan lavha

“Toshkent oqshomi”ning xabar berishicha, AQSh tarixiga mamlakat hududida yuz bergan eng yirik tartibsizliklar sifatida kirgan Los-Anjelesdagi g‘alayonlar oqibatida 59 kishi halok bo‘lgan, 2,5 ming kishi jarohatlangan, 3767 binoga o‘t qo‘yilgan, 9,5 ming kishi qamoqqa olingan.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 6-may sonidan lavha

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi