Hozirgi vaqtda davlat beradigan 11 yillik majburiy-bepul ta’limning o‘zi bilan cheklanish kamlik qiladi. Undan keyingi OTMga kirish uchun maktab, kollej yoki litsey bilan parallel ravishda kerakli fanlarni qo‘shimcha o‘rganish esa tabiiyki, mablag‘ talab etadi.

Amerikalik siyosatchi, diplomat, olim va jurnalist Benjamin Franklin o‘z vaqtida shunday degan: “Bilimga kiritilgan sarmoya har doim eng katta foydalarni keltiradi”.

Unga hamfikr bo‘lgan bugungi qahramonimizning ota-onasi o‘sha vaqtda topgan daromadini farzandlarining o‘qishiga sarflagan. 

1995-yilda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida dunyoga kelgan Suhrobjon G‘olibboyev 6 yoshidan boshlab ingliz tili to‘garagiga boradi. U til o‘rganib, yorqin kelajakni bolalikdan qurishi uchun oilasi odatdagidan ko‘proq ishlab, yetarli maosh olib keladi. 

Shu imkoniyatlar natijasi o‘laroq, Suhrobjon hozirda Amerikadagi Microsoft kompaniyasining mutaxassisiga aylangan.

Foto: Kollaj / “Daryo”

Olti yoshdan ingliz tili darslariga yuborishgan

Maktabga ilk qadam qo‘ygan vaqtlarimdan boshlab, baholarimga ota-onam qattiq turgan. Aksariyat bolalar kabi maktabdan ertangi dars kunigacha ko‘chada o‘ynash men uchun begona edi. Ota-onam shunday yo‘l tutardi-ki, uyga vazifalarni qilmasdan uxlashni xohlamasdim.

Keyinchalik o‘zim ham darslarda, ayniqsa, matematika va ingliz tili fanlarida faol bo‘lishga, yuqori baholar olib kelishga intiladigan bo‘ldim. Shu tariqa, yuqoridagi ikki fanga qiziqishlarim ortib bordi.

Oilam tomonidan doimiy nazorat hamda talabchanlik mening maktabdagi muvaffaqiyatlarimga, fan olimpiadalarida qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallashimga sabab bo‘lgan.

Bolalikda kelajakni ko‘zlab ota-onam yuborgan ingliz tili darslariga 15-16 yoshlarimda jiddiy kirishishga qaror qilganman. Men maktabni bitirish arafasida turgan 2010-2011-yillarda abituriyent akam O‘zbekistondagi oliygohlarga kirish uchun hozirlik ko‘rardi.

Shunda men ham ota-onamga oliy ta’lim uchun hozirdan tayyorlanmoqchi ekanimni, biroq O‘zbekistondagi emas, chet eldagi ta’lim muassasalarida o‘qishni istashimni aytdim.

Nafaqaga chiqqan otam kirakashlik qilib, kurslarimga pul topib kelardi

O‘sha vaqtlar oilamizda moliyaviy muammolar bor edi. Ya’ni, xorijda o‘qish uchun mablag‘ yetarli bo‘lmagan. Otam 25 yil DAN xodimi bo‘lib ishlaganidan keyin, nafaqaga chiqqandi.

Doimiy daromad bo‘lishi, ro‘zg‘or va akamning uchta fandan repetitorlariga yetarli pul topish maqsadida otam Toshkent-Samarqand yo‘nalishida kirakashlik qilgan.

Mening ta’lim olishga intilishimni ko‘rgan otam, yanada tinimsiz mehnatga sho‘ng‘ib, qo‘shimcha darslarimiz uchun pul topib kelardi. Ana shu mehnatlar meni fanga jiddiy kirishishim uchun katta motivatsiya bo‘lgan.

Ilk olti oylik o‘qish davomida ustozim Ma’mura Tojiboyeva ingliz tili grammatikasini mukammal o‘rgatdi. 2011-yil 126-o‘rta maktabni tamomlagach, aniq fanlar kuchliroq o‘rgatiladi, deb O‘zbekiston Milliy Universiteti qoshidagi Sirojiddinov litseyiga o‘qishga kirdim.

Foto: Suhrob G‘olibboyevning shaxsiy arxividan

Litseyda juda ko‘p dunyo qarashi keng va aqlli do‘stlar orttirdim. Avvallari xorijga ketish uchun ingliz tili zarur ekanini bilardim. Lekin IELTS sertifikati olish kerakligi va uning imkoniyatlari haqida o‘qishdagi do‘stlarim aytgan.

Kelajagim uchun zarur bo‘lgan IELTS kursining narxlari otamning bir oylik daromadi bilan teng edi

Keyinchalik IELTS kursiga borishga qaror qildim. Biroq u haqda ota-onamga qanday aytishni bilmasdim, chunki o‘sha paytda kurs narxi 150 dollar edi — otam yoki onamning bir oylik daromadi bilan teng.

Maqsadimni amalga oshiradigan bo‘lsam, ota-onamning topgan-tutgani men va akamning o‘qishi uchun sarflanishiga to‘g‘ri kelardi. Ya’ni, oiladagi boshqa xarajatlarga pul ortmasdi.

Arosat yomon, odamni qiyin ahvolga soladi. Bir tomondan oiladagi vaziyatni tushunib turasan, boshqa tomondan kelajaging uchun hozirdan kurashishing, harakat qilishing kerak.

Bir gap bo‘lar, deb oxiri onamga niyatimni aytdim. Ular xohishlarimni ijobiy qabul qilib, “Sen o‘qishni boshlayver! Biz sizlar uchun hamma narsaga tayyormiz. Pul ham topiladi!”, dedilar.

3 oylik intensiv tayyorgarlik bilan 5.5 ballik IELTS sertifikatini qo‘lga kiritdim. Bu ball unchalik yuqori bo‘lmasa-da, o‘sha vaqtda o‘rta darajali universitetlarga kirish uchun yetarli edi.

Litsey vaqti universitetga qabul qilindim

Litseyning ikkinchi bosqichini o‘qiyotgan vaqtim O‘zbekiston Vestminster xalqaro universitetiga avvaldan hujjat va imtihon topshirib, qabul qilindim. Bu mening birinchi va eng katta natijalarimdan edi.

Xorijda o‘qish uchun imkoniyatimiz yetarli bo‘lmagani sababli, 2014-yilda O‘zbekistondagi Vestminster universitetida o‘qishni boshladim.

Menda dasturlashga qiziqish biroz kech uyg‘ongan. Buning sababini sohaning O‘zbekistonda yaxshi rivojlanmagani, shu sferada ishlaydigan, o‘qiydigan tanishlarim bo‘lmagani bilan bog‘layman.

So‘nmagan xorijda o‘qish umidi bilan talabalar almashinuv dasturi orqali Amerikaga ketdim

Bakalavrning birinchi bosqichini tamomlaganimda, xorij universitetlarida o‘qish orzum hali so‘nmagan edi.

2015-yilda Exchange student work and travel dasturi bilan Amerikaning Kaliforniya shtati San-Fransisko shahriga keldim.

Exchange student work and travel — Ish va sayohat uchun talabalar almashinuvi dasturi.

O‘shanda Amerikada IT-sohasi qanchalik rivojlanib, insonlar hayotida o‘zgarishlar, qulayliklar yaratishining guvohi bo‘lganman. Bu ko‘rganlarim menda dasturchilikka nisbatan qiziqish uyg‘otgan.

Foto: Suhrob G‘olibboyevning shaxsiy arxividan

Avvaliga Amerikadagi Community college’ning matematika yo‘nalishi bo‘yicha o‘qiy boshladim. Keyinroq bir do‘stimning maslahati bilan “C++” dasturlash tilining boshlang‘ich darslariga yozilib, sohani ilk bor o‘rganishga kirishdim.

Boshida 3-4 oygacha ko‘p narsalarni tushunmasdim. O‘shanda o‘zimga o‘zim qachondir bu sohani o‘rgana olarmikanman, degan shubhada qarab, dasturchilik yo‘lidan qaytishni ham o‘ylaganman.

Birinchi semestr tugashiga yaqin o‘z ustimda qattiqroq ishlay boshladim. Har kuni darslardan so‘ng kollej kutubxonasida kechki soat 19-20 largacha qolib, tegishli adabiyotlarni o‘rganardim. Undan tashqari, turli onlayn materiallar ko‘rib, ularni o‘sha kuniyoq takrorlashga urinardim.

Kollej ikki yillik edi. U muddat tugagach, bakalavr darajasini beruvchi universitetga ko‘chib o‘tishim kerak edi. O‘qish bilan birga olib borgan harakatlarim o‘z natijasini ko‘rsatib, 2018-yil City college of San Fransisco’dan Dominican University of California’ga o‘tdim.

Bu davrda informatika sohasi bo‘yicha bilimlarimni orttirib, ishga kirish haqida o‘ylay boshladim.

Shu maqsadda uzoq tayyorgarlik va bir nechta intervyu jarayonlaridan so‘ng, ilk bor hayotimdagi haqiqiy ishga kirdim. Bu — men umuman kutmagan Microsoft kompaniyasi edi.

Foto: Suhrob G‘olibboyevning shaxsiy arxividan

Microsoft kompaniyasiga ishga kirish — o‘zim uchun ham kutilmagan holat bo‘lgan

Odatda yirik kompaniyalar universitetni bir yildan keyin tamomlovchi, iste’dodli talabalar orasidan ishga olish uchun nomzodlar qidiradi. Sababi bu muddat kompaniyaga ham, kandidatga ham tayyorlanish uchun yetarlicha vaqt beradi.

2019-yilning noyabr oyi, ishga kirishga tayyorgarlik ko‘rib yurgan vaqtlarim, Microsoft kompaniyasining ishchi xodimlar topadigan rekruterlari Kaliforniyadagi men o‘qiyotgan Dominikan universitetiga taqdimot bilan kelishgan.

O‘shanda bizning universitet vakillari ularga 2020-yil bitiruvchilaridan Microsoft kompaniyasida ishlashga tayyor nomzodlar ro‘yxatini bergan. O‘sha ro‘yxatdan men ham o‘rin olgan ekanman.

Ro‘yxat bilan tanishgan Microsoft kompaniyasi barcha kandidatlar bilan birma-bir intervyu qilishni boshlab yuborgan. Kompaniya juda katta bo‘lgani va boshqa sabablarga ko‘ra, mening suhbat uchun navbatim kelasi 2020-yilning fevral oyiga to‘g‘ri kelgan.

Microsoft kompaniyasiga kirish bosqichlari

Birinchi bosqichda mobil intervyu bo‘lgan. Keyin Microsoft kompaniyasining bosh  ofisi Redmond, Vashingtonga suhbat uchun taklif qilishgan.

COVID virusining paydo bo‘lishi ham aynan shu vaqtga to‘g‘ri kelib, ko‘plab ishxonalar yopilgan. Ishga olishning barcha jarayonlari ham onlayn shaklda amalga oshirilgan. Jumladan, mening so‘nggi intervyum ham.

2020-yil aprel oyining boshlarida so‘nggi intervyular bo‘lib o‘tgan. Ular uch bosqichda bo‘lgan. Barchasida intervyuyer nomzodga dasturlashga oid biror masala beradi. Uni ishlash uchun 30-45 daqiqa ajratiladi.

Bu jarayonda eng muhimi masalani yecha olish emas, uni qanday usulda yechish va intervyuyerga tushuntirib bera olish bo‘lgan.

Shundan 2-3 hafta o‘tgach, menga telefon orqali xushxabar yetkazishdi — ishga qabul qilinganim va 2020-yilning avgust oyidan Microsoft’ni Amerikadagi bosh ofisi — Redmond, Vashingtonda ish boshlashim mumkinligini ma’lum qilishdi.

Microsoft kompaniyasiga ishga kirishdan avval Bolar, LLC kompaniyasida amaliyot dasturini o‘taganman. Microsoft kompaniyasidagilar Bolar, LLC da ishlayotganimni bilib, ular bilan ishni avgust oyida boshlashimni aytishgan.

Foto: Suhrob G‘olibboyevning shaxsiy arxividan

Men avgustgacha bo‘lgan muddatda bo‘sh qolmaslik uchun, Bolar, LLC kompaniyasidagi amaliyotimni 3 oy davom ettirganman.

Amerikada ish topish jarayonlari

Amerikada ish topish asosan quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi:

  1. onlayn portfolio tayyorlash — unga 2-3 ta shaxsiy loyiha ustida ishlagani yoki o‘qish davomida qilgan ishlarini kiritish mumkin.
  2. LinkedIn — ish topish uchun mo‘ljallangan onlayn servis yoki professionallar uchun ijtimoiy tarmoq sanaladi. Platformada akkaunt egalari kiritgan ma’lumotlarni ko‘pincha onlayn rezyume sifatida ham ko‘rishadi. Sababi unda o‘sha odamni akademik yutuqlari, qaysi ta’lim muassasalarni tamomlagani yoki o‘qishi va ish-ko‘nikmalari kiritiladi. Ular esa, ishchi qidirayotgan kompaniyaga kandidat haqida yetarlicha ma’lumotlarni bilishda yordam beradi.
  3. Data Structures and Algorithms (ma’lumotlar tuzilmasi va algaritmlari) — buning boshidagi birinchi va ikkinchi bosqichlar bilan parallel tarzda olib borgan ma’qul. Sababi bu eng muhim bosqich sanaladi. Buni bilmagan nomzod intervyudan o‘tolmaydi. Data Structures and Algorithms’ni xuddi bizdagi universitetlarga tayyorlovchi to‘plamlarning onlayn ko‘rinishiga o‘xshatish mumkin. Yoki boshqa o‘qishga tayyorlaydigan materiallar ham bor. Eng mashhurlaridan biri — leetcode.com platformasidan foydalanish mumkin. Unda yirik kompaniyalar o‘tkazgan intervyularning har yillik savollari nomzodlar tomonidan anonim tarzda kiritiladi. Sayt xodimlari nomzodlar yozgan savollarga tuzatishlar kiritib, qayta joylanadi.
  4. Application process (Ariza to‘ldirish jarayonlari) — bunda imkon qadar ko‘proq joylar tanlangani ma’qul. Qabul qilinganlari orasidan tanlov qilish esa yoqimli va o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiruvchi jarayon bo‘lishi aniq.
  5. Intervyu bosqichi — odatda, intervyuyer kandidatni telefon orqali savol-javob qilib, u da’vogarlik qilayotgan lavozimga chindan ham loyiq-noloyiq ekani, rezyumedagi loyihalarni yaxshi bilish-bilmasligiga aniqlik kiritadi. Agar shu bosqich ijobiy fikr uyg‘otsa, u on-site — ish joyidagi suhbatga yoki texnik intervyuga taklif qilinadi. Ofisda 1-2 nafar intervyuyer xonadagi doskada savollar beradi. Nomzod esa ularga yechim berishi kerak. Bu jarayon 3-4 tadan 5-8 tagacha bo‘lishi mumkin. Bosqichlar soni lavozimning katta-kichikligiga bog‘liq bo‘ladi. Ana shu etapda beriladigan masalalarning hammasida ma’lumotlar tuzilmasi va algoritmlarini bilish shart.
  6. Va nihoyat, Job offer (ishga taklif xati) — agar nomzod intervyulardan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsa, kompaniya tomonida Job offer yuboriladi.
  7. Salary negotiation (maosh haqida muzokaralar) — bunda yiliga qancha maosh to‘lanishi kelishiladi. Bunda haqiqiy oylik, kompaniyaning hissasi va bonuslar muhokama qilinadi.

Amerikaning eng yoqadigan tarafi — u yerda erkinlik va inson manfaatlari uchun har tomonlama kurashiladi. Yoqmaydigani esa — individualizm kuchayib ketgan

Albatta, chet elda mustaqil yashash qiyinchiliklarsiz bo‘lmaydi. Hamma joyning ham o‘ziga yarasha og‘ir-yengilliklari bor. Tashqaridan qaraganda xorij hayoti barchaga qiziq va qulayliklarga boy ko‘rinaveradi.

Foto: Suhrob G‘olibboyevning shaxsiy arxividan

Ammo murakkab vaziyatlar, chorasiz ahvolga tushib qolish hollari ham yo‘q emas. Buni musofir yurtdagi vatandoshlarimiz ko‘proq tushunsa kerak.

Shunday bo‘lsa-da, fikrimcha, xorijdagi hayotning ijobiy tomonlari ham yetarlicha. Aynan Amerikaning yoqadigan jihatlari — umumiy imkoniyatlar, erkinlik hamda har taraflama odamlarning manfaati uchun kurashilishidir. Ulardan to‘g‘ri foydalanib, astoydil harakat qilinsa, juda ko‘plab maqsadlarga erishish mumkin.

Musofirlikning eng yomon tomoni  esa, oilangdan uzoqda, yolg‘iz o‘zing bo‘lish, deb bilaman. Imkoniyatlar, shart-sharoitlar yetarlicha bo‘lgani bilan, yaqinlardan yiroqda ko‘p muddat yashash osonmas.

Bundan tashqari, Amerikada individualizm juda keng tarqalgan. Deyarli hamma yolg‘iz yashaydi. Oila qadriyatlari yo‘qolib ketgan. Buning oqibatida, odam o‘zini yolg‘iz his qila boshlaydi.

Afsuski, bu holatni faqat Amerikada emas, deyarli barcha G‘arb va Yevropa mamlakatlarida uchratish mumkin.

Foto: Suhrob G‘olibboyevning shaxsiy arxividan

Ortga qaytish fikri esa hali bo‘lmagan. Hozirgi asosiy maqsadim —  shu yerda malakamni oshirib, sohamning yetuk mutaxassisi bo‘lish.

Vashington shtatida dasturchilarga 90 000 dan 150 000 dollargacha maosh belgilanadi

Oylik masalasiga kelsak, bu raqamlar shtatdan-shtatga va kasbdan kasbga qarab keskin o‘zgarishi mumkin. Masalan, Vashington shtatida dasturchilar uchun yiliga o‘rtacha 90 ming dollardan 150 ming dollargacha maosh belgilanadi.

Lekin bu raqamlar soliqlardan keyin keskin kamayadi — 90–70 ming dollarga, 150 ming dollar esa 120 ming dollargacha pastlaydi.

Tabiiyki, bu O‘zbekiston aholisi uchun katta bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Lekin oylik xarajatlar yoki uy ijarasining o‘zi ham yaxshigina mablag‘ talab etadi.

Masalan, Redmond Vashingtonda 1 xonali uy oyiga o‘rtacha ikki ming dollarga aylanadi. Shu xarajatlardan keyin maosh miqdori barcha joylar bilan bir xilga aylanib qolsa ham hech gapmas.

Foto: Suhrob G‘olibboyevning shaxsiy arxividan

Dasturchilikka yanada ko‘proq yoshlarni jalb etish uchun u bilan nimalarga erishish mumkinligini ko‘rsatish zarur. Biroq bu kasb trendda bo‘lgani uchungina tanlanmasligi kerak

Masalan, shunday mobil ilovalar bor-ki, odamlarning kundalik hayotini yaxshilashga xizmat qiladi. Ba’zi veb-saytlar esa mutaxassislarning ish topishi uchun yordam beradi. Bularning barchasi IT-soha vakillari tomonidan yaratadi.

Bundan tashqari, dasturchilikni o‘rganish bilan odam o‘zida ijodkorlik, muammolarga yechim topish va tanqidiy fikrlash xususiyatlarini shakllantirib boradi. O‘ylashimcha, bu ko‘nikmalar hayotimizning har jabhasida kerak bo‘ladi.

Foydali taraflarini ko‘p sanash mumkin. Ammo har bir sohani, jumladan, dasturchilikni ham trendda bo‘lgani uchungina o‘rganishni maslahat bermayman.

Foto: Suhrob G‘olibboyevning shaxsiy arxividan

Raqamli savodxonlikni oshirish, mamlakatning barcha qismini arzon va sifatli internet bilan ta’minlash — soha rivoji uchun samarador hissa bo‘ladi

Onlayn platformalar orqali yuzdan ortiq yoshlar menga savol yoki maslahat so‘rab murojaat qiladi. Demak, ko‘plab O‘zbekiston yoshlari kelajak kasblariga qiziqish bildirmoqda. Bu esa menda vatanning yorqin kelajagiga umid paydo qiladi.

Dasturchilikni o‘rganish qancha erta boshlansa, samaradorligi shuncha yuqoriroq bo‘ladi. Uning rivojiga quyidagilar turtki bo‘lishi mumkin.

  • Mamlakatda raqamli savodxonlikni oshirish,
  • Respublikaning barcha aholisi uchun internetdan sifatli va arzon foydalanish imkonini  ta’minlash — bunda shahar chetidagi aholi atrofida mutaxassis bo‘lmagan taqdirda ham dasturchilikning boshlang‘ich ko‘nikmalarini mustaqil internetdan o‘rganishi mumkin,
  • Davlat maktablarida ingliz tilini kuchaytirish,
  • Dasturlash bo‘yicha yetarli bilimga ega ustoz-mutaxassislarni yetishtirish yoki olib kelish,
  • Dasturlashning boshlang‘ich ko‘nikmalarini maktab darsliklariga kiritish — u uchun optimal eng sodda bir dasturlash tilini tanlash mumkin.

Bizda aniq fanlarni o‘qitish va o‘zlashtirish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Biroq uning amaliyotda qo‘llanilishida biroz oqsash bor. Bu bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmagan, menimcha.

Foto: Suhrob G‘olibboyevning shaxsiy arxividan

Aynan matematika fanini dasturlashda qanday qo‘llanilishi haqida o‘quvchilarga tushuntirilsa, bu sohaning rivojlanishi sezilarli darajada tezlashsa kerak.

Yana dasturlash sohasining rivoji haqida gap ketganida, ingliz tilini alohida ta’kidlamaslik ilojsiz. Sababi sohaga oid deyarli 90—95 foiz resurslar ingliz tilida va onlayn hamjamiyat ham shu tildan foydalanadi.

Qisqasi, ingliz tilini o‘rganish — bu sohaning boshqa vakillari bilan muloqot qilish hamda dasturlash tillarini tezroq o‘rganishga yordam beradi.

Dasturchilikni o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun muhim

Sohani ilk bor o‘rganayotganlar uni ustoz bilan boshlagani ma’qul.

Masalan, Phyton va dasturlash o‘rganilganda faqat uning tiliga emas, dasturlash konsepsiyasiga ham e’tibor qaratish kerak, chunki deyarli tillar bir-biriga o‘xshash. Agar bittasini yaxshi tushunib olsa, qolganlarini o‘rganish uchun ko‘p vaqt ketmaydi.

Birorta dasturlash tilini yoki qolipini o‘rgangandan so‘ng onlayn kurslar orqali davom ettirish mumkin. Masalan, udemy.com, www.course.org va albatta, barchaga ma’lum YouTube platformasi bu borada yaxshi yordam beroladi.

Bundan tashqari, dasturlashni o‘rganmoqchi bo‘lganlar shaxsiy loyiha yoki shaxsiy portfolio saytlarini yaratib, yo bo‘lmasa eng oddiy o‘yinlarni dasturlash orqali sinab ko‘rishlari mumkin.

Amerikadagi yirik kompaniyalariga “CEO”lari hind millatiga mansub

Dasturlash haqida so‘z borganida, Hindistonni yaxshi namuna sifatida ko‘rsatish mumkin.

Ular sohaga shu qadar katta e’tibor qaratdiki, hozir Amerikadagi ko‘plab yirik kompaniyalarning boshqaruvchi direktorlari hind millatiga mansub shaxslar.

Boshqa ishchi kuchlariga ham asosan hindlar jalb etilgan. Ular taxminan 30-40 foizni tashkil etadi. O‘ylashimcha, Hindiston bilan qandaydir dasturlarda hamkorlik qilish yaxshi natija beradi.

Foto: Suhrob G‘olibboyevning shaxsiy arxividan

Dasturlash men uchun muammoga texnologiya yordamida yechim topish, demakdir

Men dasturlashni biror muammoga texnologiya yordamida yechim topish deb tushunaman. Aniq fanlar esa problem solving skill, ya’ni muammoga yechim topish ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

Dasturlash sohasi avvaliga juda murakkab va tushunarsiz bo‘lib ko‘rinadi. Lekin ozroq sabr, intilish va, albatta, qiziqish bilan barchasini uddalash mumkin.