O‘zbekiston yagona Toshkentdan iborat bo‘lmaganidek, sayohatbop maskanlar ham faqatgina Buxoro, Samarqand va Xivada joylashmagan. Poytaxtning kundan kun yakranglashuviga “hissa” qo‘shayotgan tussiz, ko‘rganga zavq bermaydigan imoratlari orasida nafas siqilmasligi uchun hech bo‘lmaganda viloyatlararo sayohat qilib turish kerak. Hech nima dunyoqarashni yurt kezganchalik o‘zgartirolmaydi. Shu bois, “Daryo” “shamollar shahri” — Qo‘qonning tashrif qog‘ozi hisoblangan Xudoyorxon o‘rdasiga yo‘l oldi.

Sayyoh bo‘lib bir kun

Xudoyorxon o‘rdasi

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Qo‘qonning holvasi-yu, patiri mashhur, yana mazali. Buni vodiyga bir marta bo‘lsa ham yo‘li tushgan yo‘lovchi yaxshi biladi. Aslida sayohatga bahona mana shu noz-ne’matlarni muntazam ulashadigan vodiylik hamkasbning oddiygina taklifi bo‘lgandi. 69 ming so‘mga Toshkent—Andijon yo‘nalishidagi poyezdga chipta olingach, hammasi tez boshlandi-yu, negadir yana shunday tez tugab qolgandek bo‘ldi.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Toshkent Shimoliy vokzalidan harakatlanadigan poyezd tonggi 07:55 da yo‘lga tushdi. Kupelardagi ahvolni bilmadim-u, lekin o‘tirib ketadigan vagondagi holatga chidasa bo‘ladi — sotuvchi xuddi bozorda yurgandek shirinlik, sendvich va yana allanimalarning nomini aytib, vagonlararo yegulik sotar, poyabzalini yechib olgan ayrim yo‘lovchilar va kolbasali buterbrodning isi qorishganini hisobga olmasa, boshlanishi yaxshi.

Poyezd oynasining ortidagi manzara

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Vagon konditsioneri bir maromda ishlab, sekin-asta qiziyotgan kun taftini bilintirmaydi. Manzarasi betakror tog‘-toshlarni kuzatib to‘rt soat qanday o‘tib ketganini bilmaydi odam. Vaqt xiyla ko‘p sarflanishiga qaramay, temiryo‘llar orqali yurishning bir afzalligi bor — chek-chegarasiz tuyuladigan shpallar osmonga tutashib ketayotgandek, hind kinolaridagi sarisining bir uchi to‘satdan uchib ketadigan, qahramonlar yugurib yuradigan purviqor tog‘larning o‘rtasidan kesib o‘tadi. Yana bir qarasang, shaffof daryolar qaqshagan tosh va tuproqli hududga, zum o‘tmay loyqalangan suvli manzara odamlarning suvoqli uylariga ulanib ketadi — bamisoli tabiat Reels’i.

Poyezd oynasining ortidagi manzara

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Nihoyat to‘rt soat o‘tib, Qo‘qonga yetdik. Vokzal xodimi shaharda mehmon ekanimiz, qolaversa, har bir qo‘qonlikning “faxri”ni ko‘rgani kelganimizni bilib, taksichilarga 10 mingdan ko‘pga rozi bo‘lmasligimizni, agar erinmasak piyoda yurib, o‘rdagacha 15 daqiqada yetib olishimiz mumkinligini ta’kidladi. Astoydil manzilni tushuntirib, kamiga talabalik yillar o‘zi shu yo‘nalishda piyoda qatnaganini ham aytib berdi. Xuddi shu xodim qo‘qonliklar haqida birinchi tasavvur — ularning samimiy va odamshinavanda ekanliklari to‘g‘risidagi xulosaga sababchi bo‘ldi.

Bizni o‘rdagacha vokzal xodimi aytganidan ham kamroq pul — 8 mingga eltib qo‘ygan haydovchi amaki esa yuqoridagi qo‘qonliklar haqidagi fikrni batamom tasdiqladi. 5 daqiqaga bormaydigan yo‘l davomida u keladigan sayyohlardan tortib, ular orasida 38 ga kirgan bo‘lsa-da turmushga chiqmagan hindistonlik mijozi bo‘lganini ham so‘zlab berdi.

O‘rda atrofidagi maysalar ustida gurunglashib o‘tirgan yoshlar

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan uch saroy inshooti (Buxoroda Ark, Xivada Nurullaboy, Qo‘qonda Xudoyorxon o‘rdasi)dan biri hisoblangan Xudoyorxon o‘rdasiga va nihoyat yetib keldik.

O‘rdaqadimgi turkiy xalqlarda qabilalar ittifoqi, davlat, saltanat ma’nosini anglatgan. Yanayam tushunarliroq aytganda, davlat boshlig‘ining qarorgohi ma’nosini bildiradi. Shuningdek, davlat boshlig‘ining qarorgohi o‘rdadan tashqari saroy va ark deb ham atalgan.

Uning tevaragidagi hudud bo‘ylab oddiy-u, shu bilan birga g‘ayrioddiy manzara ko‘zga tashlanadi. Yoshlar saroy atrofidagi yam-yashil chim ustida to‘p-to‘p bo‘lib o‘tirishganini ko‘rib, bundan bir necha yil avval Toshkentdagi Mustaqillik maydonida militsiya xodimining yonimga kelib: “Singlim, iltimos turing, o‘tirish mumkin emas. Bizga gap tegadi”, degani, hozirga kelib esa Eko bog‘, yapon va Botanika bog‘laridagina sayr qilib, fotosessiya qiladigan yoshlar yodimga tushdi.

“Shamollar shahri”ning ko‘rki

Xudoyorxon o‘rdasining tashqi tomondan ko‘rinishi

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Mana u — shamollar shahri deya e’tirof etilgan Qo‘qonning bezagi — Xudoyorxon o‘rdasi. U xuddi raqiblar tomonidan mag‘lub qilishga urinilgan-u, ammo tizzasi bukilsayam kuragi yerga tegmagan kurashchi polvonga o‘xshaydi. Bundan ikki asr avval ushbu qarorgohga kelganlar buning sababini soqchi, saroy a’yonlariga tushuntirishi, bu chindan ham xonni bezovta qilishga arzigulikmi o‘zi yoki yo‘q izohlab berishi zarur bo‘lgan. Biz esa ajdodlarimizdan farqli ravishda hech kimga hisobot bermasdan juda yorqin va jilokor ranglar gammasini o‘zida mujassam qilgan ichki saroy tomon dadil odimladik.

Ziyrak o‘quvchida “Tashqi saroy qolib, avval ichkisidan boshlaydimi?” degan savol tug‘ilishi mumkin. To‘g‘ri, lekin ayni vaqtda hammasi biroz boshqacha. Buni tushuntirish uchun xayolan xonlik davriga qaytish, uni qurdirgan Xudoyorxon haqida qisqacha ma’lumot berish kerak bo‘ladi.

Qo‘qon xonligidan meros qolgan so‘nggi o‘rda

1709-yili Ming urug‘i vakillari tomonidan asos solingan Qo‘qon xonligida 1876-yilgacha, ya’ni Rossiya imperiyasi bosib olguniga qadar 19 ta xon hukmronlik qilgan. Xudoyorxon (1831-yili tug‘ilgan) Ming sulolasi vakili Sayyid Sher Muhammad Alixonning o‘rtancha o‘g‘li edi. Aslida ro‘paramizdagi inshoot o‘rnida Amir Umarxon o‘rdasi bo‘lgan. Muhammad Alixon davrida ta’mirlanib, “Zarrinsaroy” deb atalgan saroy 1842-yili Buxoro amiri Nasrulloxon bostirib kelganida vayronaga aylantirilgan.

Qo‘qon davlat muzeyi qo‘riqxonasining ilmiy xodimi Nasiba Bahriddinovaning aytishicha, aynan o‘sha istilodan bir necha oy o‘tgach, Xudoyorxonning otasi Sheralixon xonlikni tiklashning uddasidan chiqadi va mudofaa maqsadida shaharni devor bilan o‘raydi. Uzunligi 19 km, balandligi 8, eni esa 4 metr bo‘lgan devorning 12 ta darvozasi bo‘lgan. O‘rdaga tashrif buyurgan sayyoh ulardan birini — saqlanib qolgan yagona qal’a darvozasini ko‘rishi mumkin.

Xudoyorxon o‘rdasining avvalgi ko‘rinishi

Foto: Silk Road Andventures

Sayyid Muhammad Xudoyorxon taxtga o‘tirgach, Jahonoro saroyida istiqomat qilgan. Saroy eskirganidan tashqari otasi va akasining fitna qurboni bo‘lishiga guvohligi uchun ham xonda yangi o‘rda qurdirish fikri tug‘ilgan. Taxtga uchinchi marta o‘tirgan xon (Birinchisi — 1845—1858; ikkinchisi — 1862—1863; uchinchisi — 1865—1875) sanalgan sabablardan tashqari Umarxonning xotirasiga atab o‘rdani aynan shu xaroba o‘rniga qurdirishga farmon beradi. Qurilish ishlari 1865-yilda boshlanib, 1870-yilda nihoyasiga yetadi. Xonlik davridagi yettinchi — oxirgi o‘rda dastlab 3 ta qism (bog‘ni hisobga olmaganda): tashqi, o‘rta va ichki saroydan iborat bo‘lgan.

Ichki saroy davlatxona, ya’ni “Arki Oliy”, “O‘rdayi Oliy” deb ham atalgan. Ammo istilo sabab maydoni 8 gektarni egallagan va Qur’oni Karimdagi oyatlaridan kelib chiqib xonalar soni 114 tani tashkil etgan o‘rdadan bugunga kelib ichki saroy va 19 ta xonagina saqlanib qolgan, xolos.

Rang barang koshinlar-u, purma’no kitobalar

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Aslida kirish darvozasi uchta bo‘lgani, birinchisining o‘rniga ramziy oq arka qo‘ydirilganini ta’kidlagan Nasiba Bariddinovaning izohlashicha, sharqqa qaragani hisobiga quyosh nurlariga javoban yaxshiroq tovlanadigan saroy peshtog‘ining tepadagi mozaikali qismi asl holatda saqlangan, pastki mayolika qismiga qayta ishlov berilgan.

 Sharq arxitekturasida madrasa, masjid va boshqa binolarning old qismi peshtoq deb ataladi.

Peshtoq sirlab pishirilgan, turfa rang va shakldagi koshinlar bilan qoplangan. Unda ranglar uyg‘unligi, zidligi hamda qorishiqligi mujassam va shunisi bilan ham o‘ziga xos. 1871-yili Qo‘qonga sayohat qilgan rus olimi A.P. Fedchenko asarlaridan birida saroyga kelgan vaqti uning qurilish ishlari to‘liq yakunlanmagani, devorga qoplash uchun ishlatilgan koshinlarning Qo‘qonda tayyorlanganini aytib, ularni bo‘yoqlarning tozaligi va jilosi bo‘yicha qadimgi Samarqanddagi koshinlar bilan solishtirgan. Uning qaydlarida saroy devorlaridagi koshinlar Samarqand koshinlaridan farq qilishi, ammo, ko‘chgan, dog‘ tushgan joylari yo‘qligi-yu, uzoqdan juda yaxshi taassurot qoldirishini yozib qoldirilgan.

Devor va ravoqdagi rang-barang naqshlar

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Tashqarisini tomosha qilish davomida yuqori qismdan chiqib turgan yog‘ochlar xuddi saroy husnini buzib turgandek tuyuldi. Ammo yo‘lboshlovchining tushuntirishicha, sarrov deb ataluvchi yog‘ochlar bejiz o‘rnatilmagan. Devor ichidagi namni tortib tashqariga chiqarishdan tashqari, sarrovlar kechalari yoritish uchun xizmat qiladigan fonuslarni ilishda ham ayni muddao bo‘lgan. Shuningdek, ko‘z tegmasin degan maqsadda ham irim qilingan.

Oldingi sayohatlardan birida minoralarning qanday maqsadda qurilgani haqida ma’lumot berib o‘tgan edik. Saroy tashqarisidagi biz minora deb o‘ylagan unsurlar esa ulardan farqli ravishda zinadan holi bo‘lib, burj yoki guldasta deb atalgan. Ular mustahkamlikni ta’minlashdan tashqari, ko‘rk berishi maqsadida ham qurilgan.

Ichki saroyning chap tomonidagi kitoba

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Umrining qirq yildan ortiq vaqtini ushbu shahar tarixini o‘rganishga sarflagan, Qo‘qon davlat muzey-qo‘riqxonasi yetakchi ilmiy xodimi Yahyoxon Dadaboyevning tadqiqotlarida saroy qurilishiga zamonasining ko‘zga ko‘ringan me’mori Mir Ubaydullo bosh-qosh bo‘lgani, binoni bezash, koshinlar bilan qoplash ishlariga esa rishtonlik kulol Usta Abdullo mas’ul bo‘lgani qayd etilgan.

Binolarning yozuv bitilgan qismi kitoba deyiladi.

Tashqi tarafdagi ravoqlardan yuqorida kitobalar borligi e’tiborni tortadi. Nasiba opaning ta’kidlashicha, O‘ng tarafdagi kitoba Xudodan ko‘z tegishidan saqlash, ustun kelgan dushmanlarni daf etishi so‘ralgani ma’nosini bildirsa, chap tarafga: “Naqshlarni joylashtirgan me’mor Bekzod kabidir va u o‘z sirini xonning ruxsatisiz ayta olmaydi”, degan yozuv tushirilgan.

Sharq adabiyotida ta’rix abjad asosida kelib chiqqan janr hisoblanib, unga ko‘ra ahamiyatli hodisaning bo‘lib o‘tgan vaqti, ya’ni ta’rixi she’riy ifodalangan.

Peshtoqning yuqori qismida Qur’oni Karimdan oyat keltirilib, unda mulklarning bari yagona va har ishga qodir Allohniki ekani eslatib qo‘yiladi. Shuningdek, kitobalar orasida saroyni qurdirgan xonning ism-sharifi va qayd qilingan ta’rixni ko‘rish mumkin.

Naqshlar orasiga yashiringan hikmat

Saroy ostonasidan darvozaxonaning ko‘rinishi

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Yo‘lboshchining qo‘shimcha qilishicha, asl holatda bo‘lgan darvoza hozirgi kunda Tojikiston hududida joylashgan Ashobo (hozirgi Asht) qishlog‘idagi chinordan yasalgan. Darvozadagi islimiy, o‘simliksimon naqshlarning orasida arab yozuvi borligini payqash uchun o‘ta ziyrak bo‘lish, ma’nosini anglash uchun esa darvozaning har ikki tavaqasini birlashtirish kerak bo‘ladi. Shunda “Ko‘rkam yuzidan saxovati sezilib turgan dono me’mor qulog‘imga dedi: ishtiyoqli ijod xayrli natija beradi”, degan so‘zlar hosil bo‘ladi.

Ashobo qishlog‘idagi chinordan yasalgan darvoza

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Muzey xodimi islimiy, o‘simliksimon va ganjli naqshlarning rivojlanish sababi islomda surat chizishning taqiqlangani bilan bog‘liq ekanini qo‘shimcha qiladi. Hovliga kirishdan avval darvozaxonaga to‘xtalmay iloj yo‘q.

Darvozaxonaning ichki gumbazi

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Mo‘jaz ekaniga qaramay, unda ham serma’no qaydlar yozilgan. Gumbazining ichki qismi islimiy naqshlar bilan bezatilgan darvozaxonada “Bismillahir rohmanir rohiym”, ro‘parasida esa saroy qurilishida ishtirok etgan ustalarning ismi: Muhammad Olim Sirchi, Usta Muhammad Kamol o‘g‘li deb yozilgan.

Asosiy hovliga chiqaverishdagi kitobalar

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Asosiy hovliga o‘tishdagi ikki chetda doira shaklida Ixlos surasi, doiralar o‘rtasidagi lavhga esa Abdurahmon Jomiyning: “Ko‘zingni bir ochib yumguninggacha bahor o‘tib, kuz keladi, bu dunyo g‘am-g‘ussa chekishga arziydimi?”, degan purma’no, hikmatli so‘zlari tushirilgan. Shuningdek, darvozaxonada oqava suvlari chiqib ketisin deb o‘rnatilgan kanalizatsiyani ham uchratish mumkin.

Darvozaxona

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Undan o‘ngda davlat ishlari amalga oshirilgan jami 9 xonadan iborat devon hovlisi joylashgan. Xon elchi-yu, mehmonlarni qabul qiladigan salomxona esa darvozaxonaning so‘l tarafida. Unga kirishdan avval biri boshqasini takrorlamaydigan ustunlar ko‘zga tashlanadi.

Cherkovga aylantirilgan salomxona

Saroy hududida yog‘ochdan unumli foydalanilgan

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Asosiy hovlidan salomxonaga kirilgani uchun ham ushbu hovli Dorussalom — “tinchlik-omonlik salomatlik uyi” deb atalgan. Hozirgi qabulxonalarga qiyoslasa bo‘ladigan salomxonaga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirib borilmagan, eshikog‘a xonasida kirishga izn berilishi kutilgan.

Salomxona hovlisining ustunlari

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Tepa va o‘rta qismlari ta’mirlangan, devorning pastki qismi – sopol detallar saqlab qolingan xona oddiy, shu bilan birga shiftidagi naqshlar ko‘zni qamashtiradi.

Salomxona hovlisi

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Ta’kidlanishicha, har bir xonning o‘z shiyponi bo‘lgan. U qanday ko‘rinishda bo‘lgani haqida esa usta Qodirjon tomonidan kichraytirib ishlangan maket yaxshi tushuncha beradi. Meliboy Baratov tomonidan kattalashtirilib ishlangan ustunning tepa qismi — muqarnas esa hunarmandchilikdan dunyoga kelgan “garmoshka”ni yodga soladi. Qizig‘i, uni tayyorlash vaqtida usta tomonidan birorta mix yoki yelim ishlatilmagan, ayrim qismlari pona uslubida bir-biriga biriktirilgan.

Ustun va shiyponning maketi

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Eshik og‘asining xonasidan salomxonaga kirilgan. Ta’zim bilan kirilgani uchun xona katta salomxona deb atalgan. Tavoze bilan kirishga mo‘ljallangan pastqam eshik keyinchalik ruslar istilosi vaqtida boshqasiga almashtirilgan. Eng yaxshi va chiroyli uslubda saqlanib qolgan xonaligini aytgan Nasiba opa tepadagi 14 ta hovzak akustika so‘zlayotgan kishining ovozini balandroq eshitishga xizmat qilganini qo‘shimcha qiladi. Xona devorlarining quyi qismi koshin bilan, koshindan yuqori qismi ganchkor naqsh va turfa rangli bezaklar bilan ziynatlangan.

Salomxona

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Naqshlar yangilangan, xon o‘tiradigan yerning yuqori qismi va boshqa bitta ikki burchaklarda asl holatdagisi bo‘yoq berilmay, shundayligicha qoldirilgan. Sal o‘tib xonaga kirib kelgan bir guruh fransuz sayyohlari ham xuddi bizdek uzoq vaqt shiftdan ko‘zlarini uzisholmadi.

2009-yili “Qo‘qon shamoli” filmi suratga olinganda ishlatilib, muzeyga esdalik sifatida berilgan taxt

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Xonada taxt bo‘lishiga qaramay, asli saqlanib qolmagan. 2009-yili saroyda “Qo‘qon shamoli” filmi suratga olingan va jarayonda ishlatilgan taxt muzeyga esdalik sifatida berilgan. Xonlik tugatilgach, bu yerda rus harbiy gornizoni joylashgan.

Salomxonadagi kitoba va naqshlar

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Aynan mana shu xona ruslar uchun bir muncha vaqt pravoslav cherkovi vazifasini bajargan va eski deraza o‘rnida eshik ochilgan. Mehrobning ichidagi muqarnaslarning bir qismi buzib tashlanib, ikona uchun to‘rtburchak shaklda joy ochilgan.

Salomxona shiftidagi naqshlar

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Shunga qaramay, xon o‘tirgan joyning tepa qismidagi: “Foydani yoki ziyonni o‘ylamasdan uzoqni o‘ylab ish tut va vaqtning qadriga yet” degan falsafiy so‘zlar saqlab qolingan.

Saroyning maketi

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Salomxonaning o‘rtasida saroyning kichik maketi saqlanadi. Aytishlaricha, o‘rda binosi ma’muriy jihatdan harbiy qism hisoblanmish qal’a, davlatxona, haram, shahnishin hovlisi, xo‘jalik bo‘limi va ma’naviy bo‘limdan iborat yirik qismlarga bo‘lingan. Hozirgi kunda 7 ta hovlidan 4 tasi qolgan.

Nomahramlar kiritilmagan, xonzodalar 11 yoshigacha yashagan haram

O‘rdani aylanayotgan yoshlar

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Saroyning eng chiroyli, ayollar yashagan haram qismi ruslar tomonidan buzib tashlangan. Unda siz-u biz tarixiy seriallarda ko‘rganimiz singari ayollar erkaklardan alohida yashagan.

Begonalar uchun harom, ya’ni taqiqlangan joy ma’nosini anglatuvchi haram, haramsaro — podshoh va davlatmand kishilar saroyidagi xotinlarga maxsus ichki hovli va o‘rda ma’nosini anglatgan. Bu yerga faqatgina mahram huquqidagi erkak va 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar kirishi mumkin bo‘lgan.

Haram qismida Xudoyorxonning nikohidagi ayollardan tashqari, kanizak va xonning farzandlari yashagan. O‘g‘il farzandlar onalari oldida 11 yoshgacha yashab, 12 ga to‘lganidan xonzodalar qismiga o‘tkazilgan.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Saroyning boshqa qismlari bir, haram esa 2 qavatli qilib qurilgan. Jami 64 xonadan iborat ayollar qismida xonning volidasi, opa-singillaridan tashqari, xotin va qizlari yashagan. Agar opa-singillari turmushga chiqib ketgan bo‘lsa, kelib turishlari uchun alohida xona ajratilgan.

Qadimiy turkiy saltanatlarda xon va xoqonlarning rafiqalari “xotun”, Temuriylar davrida “begim”, “xonim” deb aytilgan bo‘lsa, Qo‘qon xonligida “oyim” (Hokim oyim, Ming oyim va boshqalar) deyilgan.

Yildan-yilga saroyning eski holatini saqlab qolish qiyin. Buni ancha orqaga tashlangan devorlardan payqash qiyin emas. Nasiba opa bu bekorga emasligini ta’kidlaydi.

Shiftdagi ranglar uyg‘unligi

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Uning so‘zlariga ko‘ra, sovet hukmronligi davrida bog‘ning atrofida bolalar uchun temir yo‘l attraksioni qurilgan bo‘lib, poyezdning har kungi tebranishiga devorlar shunchaki mum tishlab qarab turolmagan, hech bo‘lmasa o‘zgarish bilan javob berishni afzal bilgan.

Ko‘rpacha to‘shalgan hujrayi ixlos

Hujrayi ixlos

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Uzoqdan kelgan elchi-yu mehmonlarni taxtida savlat to‘kib kutib olgan xon yaqinlari, mahalliy aholi bilan boshqa bir hujrayi ixlos deb nomlangan xonada o‘zbekona davrada bamaylixotir suhbatlashgan. Qibla tarafi mehrob qilib ajratib qo‘yilgan xonada namoz ham o‘qilgan. Kitobalar yo‘qligini aytmasa, bezatilishi salomxonaga o‘xshab ketiladi.

Ko‘zni qamashtiradigan darajada yorqin ranglar bilan bezalgan shift

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Shiftdagi naqshlar asosan zarhal bilan ishlangani hisobiga ham bu xona “Zarrin” deb atalgan. Bu yerda ham katta qabulxonadagidek umumiylik bor — ta’mirlash ishlaridan keyin shiftning bir chetida to‘rtburchak shaklda qisman asl holati qoldirilgan, o‘chgan ranglari yangilangan. Aslida biz hozir kirib kelgan eshik o‘rnida ham deraza bo‘lgan, sababi xonning huzuriga hech qachon to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib borilmagan. Hujrayi ixlosdan keyini xona 1956-yili usta Norqo‘ziyev tomonidan ta’mirlangan. Ganjkor o‘ymakor naqshlar, sopol plitalar saqlab qolinmagan. Darvoqe, “O‘tkan kunlar” filmida Otabekning qaynotasi bilan xon huzuriga keltirilish sahnasi aynan shu yerda suratga olingan.

“Qadrdon hovli”dagi aravalar

Qo‘qon aravalari

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Xon saltanat ishlaridan holi bo‘lganida dam oladigan hovli Shahnishin deb atalib, 6 xona va ayvonni o‘z ichiga olgan. Undan Dorussalom, xonzodalar hovlisi va haram, shuningdek, bog‘ga chiqish uchun to‘rtta eshik bo‘lgan. Hovlilardan birida o‘sha vaqtning notekis yo‘llarida yurish uchun qulay bo‘lgan Qo‘qon aravalarini uchratish mumkin. 500 kilogacha yuk ko‘tara oladigan aravalarning ayollarga mo‘ljallanganining usti yopiq bo‘lgan. Aravalarni tomosha qilib, rasmlar galereyasini ham ko‘ramiz, desak, shanba kuni ishlamas ekan.

Shiftdagi ranglar uyg‘unligi

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Musavvirlarning san’at asarlarini ko‘rishdan benasib qolgan bo‘lsak-da, shu hovlida esdalik buyumlari sotadigan ayol bilan samimiy suhbat qurdik. Qo‘qonga Farg‘onadan kelin bo‘lib tushgan Muxtasarxon opaning aytishicha, 18 yildan buyon saroy “o‘z hovlisidek” qadrdon bo‘lib ketgan. Shu vaqt davomida u ko‘rmagan sayyoh qolmagan, uning suratlari esa nechta davlatda “yuribdi”. “Fransiya, Ispaniya yana Germaniyadan ham ko‘p kelishadi. Tilini bilmaymiz, lekin gapirsa, qaysi davlatdan ekanini darrov bilib olamiz”, — deya kamtarona maqtanadi ayol.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

U bilan bo‘lgan qisqa suhbatni samarqandlik sayyohning: “Qo‘qonda yana qanday tabarruk joylar bor, bilmaysizmi?”, degan savoli bo‘ldi. Jomye masjidi borligini aytgan suhbatdoshim unga borish uchun Hamza teatri, eski shahar, Chorsu orqali o‘tiladi, deya tushuntirdi. Qiziq, xuddi Toshkentdagidek…

Muzeyga aylangan mehmonxona

Muzeyning tarix bo‘limi

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Kelgan mehmonni siylash, bor-u yo‘g‘ini to‘kib-sochish oddiy avomdan tortib hukmdor o‘zbekning qoniga singib ketgan. Xonlar ham bundan mustasno bo‘lmagan. Saroyga tashrif buyurgan elchilar, yuqori darajali mehmonlar 5 xonadan iborat mehmonxonada tunab qolgan. Ichki saroy o‘rtasidagi shiftlari vassajuft uslubida yopilgan mehmonxonada hozirgi kunda muzey eksponatlari joylashgan.

Muzeydagi eksponatlardan namuna

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

1924-yili binoda Farg‘ona viloyat qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi ochilgan. Hunarmandchilik va qazilma namunalari, milliy buyumlar, kiyim-kechaklardan tashqari, san’at asarlari ham o‘rin olgan eksponatlar asosida 1925-yilda muzey tashkil etilgan. Shu vaqtgacha nomi bir necha bor o‘zgargan muzey 2019-yildan buyon Qo‘qon davlat muzeyi-qo‘riqxonasi deb ataladi.

Muzeydagi eksponatlardan namuna

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

O‘rdaga kirish 3 ming so‘m, yo‘lboshlovchi yollash 5 ming ekan. O‘quvchilarga 2 ming so‘m narx belgilangan. Cho‘ntakbopligidanmi yoki shahar yoshlari ota-bobolari tarixiga astoydil qiziqadimi, bilmadim, atrofda o‘g‘il-qizlarning muzeydagi eksponatlar borasida do‘stlari bilan fikr almashayotganiga guvoh bo‘ldik. Qizig‘i, ularning birinchi marta kelishi emasligi gaplaridan shundoq bilinib turardi.

Muzey fondidagi hujjatlardan namuna

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Tarix bo‘limi bilan tanishtirgan mutaxassis, eksponatlar orasida tosh asriga oid buyumlar, qazilmalar borligi haqida ma’lumot berdi. Ushbu bo‘limda hozirgacha Namanganning Duo qishlog‘ida saqlanadigan, Zardushtiylik dinida jasadlar qo‘yilgan qadimiy dahma (1987-yili bu g‘ordan arxeologlar tomonidan 45 ta qamishli tobutlar topilgan)ning maketi, turli millat vakillarining odatlari aks etgan suratlar, X—XVII asrlarda yasalgan sopol idishlar-u, 15-16 kg og‘irlikdagi qurol-yaroqlarni, xon avlodlarining suratlarini uchratish mumkin.

Xudoyorxon avlodlari

Xon avlodlari

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Sayohatimizga hamrohlik qilgan Nasiba opa hokimiyat uchun kurashlarning avj olishi va Rossiyaning istilochilik yurishlari oqibatida taxtdan voz kechib, Orenburgga surgun qilingan, 51 yoshida generaldan hajga borib kelishga ruxsat olib, qaytishida Afg‘onistonda vafot etgan Xudoyorxonning avlodlari haqida qiziqarli ma’lumot ham berib o‘tdi.

“Xudoyorxonning Vladimirga surgun qilingan, sog‘lig‘i yomonlashgani uchungina Toshkentga qaytarilgan katta o‘g‘li Nasriddinbek otasidan 1 yil avval — 32 yoshida vafot etadi. Ikkinchi o‘g‘li Muhammad Aminbekning Toshkentda tug‘ilgan o‘g‘li Islombek harbiy va tilshunos bo‘lgan. Afg‘onistonga ko‘chib ketib, 50 yil davomida Shveytsariya va Fransiyada Afg‘oniston elchisi bo‘lib xizmat qiladi. 97 yoshida Shveytsariyaning Montre shaharchasidagi Valmont qariyalar uyida vafot etgach, vasiyatiga binoan uning xokini Parijga keltirishib, xotinining yoniga, Per la Shez qabristoniga dafn etadilar. Saidislombekning akasi Azamatbek Xudoyorxonov Orenburg harbiy maktabini tamomlagan.

Amir Saidbekning avlodlari Bashrilloxon neft-gaz sohasida ishlagan, uning rafiqasi Feruzaxon opa esa fanlar akademiyasida ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritadi. Xonanda Sevara Nazarxon esa Xudoyorxonning ukasi So‘fibekning farzandi Nazarbek avlodidan hisoblanadi”, — deydi yo‘lboshlovchi.

Muzey fondidagi hujjatlardan namuna

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Yana Nasiba opaning gapiga qaraganda, muzey fondida 40 mingdan oshiq eksponat saqlanadi. Undagi eng ahamiyatli eksponatlardan biri 1856-yilda ko‘chirilgan, sotilishi taqiqlangan, vaqf muhri bosilgan, xon o‘qigan Qur’oni Karim hisoblanadi.

1856-yilda ko‘chirilgan, xon o‘qigan Qur’oni Karim

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Xonning liboslari saqlanib qolmagan, lekin Buxoro zarbof to‘nlari bor. Darvozaxonadan kiraverishdagi xonalardan birida milliy liboslardan namunalarni tomosha qilish mumkin.

O‘xshashlik

Saroy hududidagi eng chiroyli shiftlardan biri

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Saroy shunchaki xonlikdan qolgan meros emas, o‘sha vaqtdan buyon shahar ahli bilan yelkama-yelka har bir onni boshdan kechirib kelayotgan tilsiz guvoh. Xudoyorxon o‘zi xohlab qurdirgan o‘rdada umrining atigi 5 yilini o‘tkazgan. Bir vaqtlar qah-qah kulgi, quvonch ovozlari yangragan, huzur-halovat maskani bo‘lgan saroy shundan keyin nimalarga shohid bo‘lmadi deysiz.

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Xonlikning vodiydagi hududi Turkiston general-gubernatorligining Farg‘ona oblastiga, o‘rda binosi bo‘lsa istilochilarning Qo‘qon garnizoni qal’asiga aylantiriladi, 1878-yili o‘rdaning pastki va o‘rta saroy qismlari buzib tashlanadi. Gornizon ma’muriyati esa o‘rdaning ichki saroyi “Davlatxona”ga joylashtiriladi, xonalarning ayrimlari ofitserlar oilasiga berilsa, xon bir vaqtlar aziz mehmonlarini qarshilagan salomxona pravoslavlar ibodati uchun xizmat qiladi. Haram binosi buzib tashlanib, kazarmalar quriladi. Sovet hokimiyati davrida esa “Qashshoqlar qo‘mitasi”, “Qo‘shchilar soyuzi” kabi tashkilotlar o‘rnashadi.

Devordagi naqshlar

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Ta’mirlash ishlari 1930-yillardan boshlangan, 1946-yildagi zilzilada bino katta zarar ko‘rgan. 1947—1955-yillarda tiklash va mustahkamlash ishlari olib borilgan. 2018—2019-yillari yana qayta ta’mirlangan.

Saroy hovlisi

Foto: “Daryo” / Gulira’no Musayeva

Umuman, tarixiy evrilishlar, dunyo xaritasini o‘zgartirgan voqeliklarga guvoh bo‘lgan o‘rda bugun sayyohlarni o‘ziga maftun etayotgan esa-da, asrlar bo‘yi erki bo‘g‘ilgan, begonalar sohib chiqsa, ko‘nib yashagan o‘zbekka o‘xshaydi. Davr va siyosatga qarab unga ayrimlar o‘zicha o‘zgartirish kiritgan, o‘ziga moslamoqchi bo‘lgan. Balki buning uddasidan ham chiqqandir, lekin negizi ozmi-ko‘pmi saqlanib qolgan. Hech bo‘lmaganda shunisiga shukr qiladi odam, axir boriga shukr qilish qonimizga singib ketgan.