O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning nevarasi, instabloger Maryam Tillayeva fevral oyida turmush o‘rtog‘i, rossiyalik bloger Amiran Sardarov bilan 10 oylik turmushdan so‘ng ajrashganini ma’lum qilgandi. 7-may kuni Maryamning Instagram sahifasida uning eri bilan yarashganini aks ettiruvchi video paydo bo‘ldi.

Videoda Amiranning yonida o‘tirgan Maryam uni “bu yerga majburlab olib kelishgani”ni aytadi. “Bu pul uchun. Men sen bilan tinchlik tarafdori bo‘lganim uchungina yarashyapman”, — deydi Maryam.

Foto: Instagram / @mashatilly

Amiran Sardarov Peopletalk nashriga bergan intervyusida xotini bilan rostdan ham yarashib olganini aytadi:

“Biz haqiqatan ham yarashib oldik, Men Dubayga ketgandim, biz shu paytgacha munosabatlarimizga oydinlik kiritish uchun yozishib yurdik, qaysidir daqiqada men uni sevishimni tushunib yetdim. U men birga bo‘lishni istaydigan inson. Biz hammasini boshidan boshlashga qaror qildik”, — deydi Amiran.

Avvalroq Maryam Amiran bilan ajrashishiga u tomondan ruhiy hamda jismoniy bosim o‘tkazilgani sabab bo‘lganini aytgan, erini bobosi sovg‘a qilgan zirakni o‘g‘irlaganlikda ayblagan edi.