Oynalarning tusi o‘zgartirilgan, ya’ni qoraytirilgan avtomobillar o‘zining orqasidan kelayotgan mashinalar haydovchilariga oldindagi harakatni ko‘rishga xalaqit berishi mumkin. Bu haqda “Mahalla” telekanalining “Minbar” ko‘rsatuvida Orifjon Nazarov ismli avtomaktab o‘qituvchisi fikr bildirib o‘tdi.

Kadr: YouTube

“Oynalarni qoraytirishning qulayligi bor — quyosh nuridan to‘sadi, salonni sovutish tizimiga ham biroz yordam beradi. Lekin buning noqulayligi ham bor, haydovchi sifatida bir oqimda ketyapsiz, oldingizda esa oynalari qoraytirilgan avtomobil ketyapti. Shunda siz oldindagi xavfni ko‘ra oladigan darajada tayyor bo‘lishingiz kerak. Ya’ni uning oldida piyoda chiqib qolish ehtimoli bormi, u qayerda tormoz oladi — shunga qarab siz oraliq masofani saqlab yurasiz. Ilgari oynalar qoraytirilmaganda, o‘sha avtomobilning ichidan haydovchi hozir qayerda tormoz olishini taxmin qilardi…”, — deydi u.

Shuningdek, mutaxassis o‘zining xavfsizligini oynasi qoraytirilgan avtomobil haydovchisiga ishonib topshira olmasligini ta’kidlagan.

“Keyin oddiy haydovchi sifatida bitta narsadan o‘ylanib qolaman. Deylik, oynalari qop-qora avtomobil ichida o‘tiribsiz. Biz kichkina bolalarni bog‘chaga, maktabga olib boramiz. Shu bola qop-qora mashinaning ichida o‘tirsa, uning ruhiyatiga qanaqadir ta’siri bo‘ladimi? Misol uchun, bola atrofni bor ranglarda ko‘rgani ma’qulmikan yoki qoraytirilgan avtomobil ichidan ko‘rgani ma’qulmikan?

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2021-yil 1-sentabrdan haydovchilardan transport boshqarish uchun ishonchnoma va “tonirovka” ruxsatnomasini talab etish tartibi bekor qilingan.