Ijtimoiy tarmoqlarda aktyor Alisher Uzoqovning xorijga ketayotgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Uzoqov boshlovchilik qilayotgan “Kim ekan?” shou-dasturi ham to‘xtatilayotgani ma’lum bo‘ldi. “Daryo” muxbiri Nargiza Murodova Alisher Uzoqov bilan suhbatlashib, uning chet elga nima sababdan ketayotganiga oydinlik kiritdi.

Foto: Instagram /@alisheruzakov_official

— Xorijga ketyapman, ammo bu ko‘rsatuvning to‘xtatilishiga asosiy sabab emas. Ko‘rsatuv boshlanmasidan avval uni eng shirin joyida to‘xtatishni niyat qilgandik. Inson o‘z vaqtini to‘xtashni ham bilishi kerak. Tomoshabinlar yaxshi qabul qilyapti, deb soni uchun ishlansa, qarsak chalayotgan odamlarni ham bezdirib qo‘yish hech gap emas. Oldindan bir narsa deyolmayman, ammo safarlardan eson-omon qaytsam, balki keyinroq uning davomini suratga olarmiz, — deydi Alisher Uzoqov.

 Alisher Uzoqov yaqin kunlarda suratga olinishi rejalashtirilayotgan “Jaloliddin Manguberdi” serialining ikkinchi mavsumida suratga tushadi, degan gap-so‘zlarga ham oydinlik kiritdi.

— Haqiqatan ham serialga taklif etildim. Lekin uni bu safar ham rad etdim. Yashirmayman, serialning birinchi mavsumida ham Turkiyaga borib, syomka boshlanmasidan avval O‘zbekistonga qaytib kelganman. Buning, albatta, o‘ziga xos sabablari bor. Yaqin kunlarda boshqa xorij davlatiga safar qilishni rejalashtiryapman. Asosiy maqsadim mediadan tashqari sohada ham o‘qib, o‘z imkoniyatlarimni sinab ko‘rmoqchiman, — deydi Alisher Uzoqov.

Agar loyiha rejissori yoki prodyuseri “Kim ekan?” ko‘rsatuviga boshqa boshlovchi olishni istasa, buni Alisher Uzoqov qanday qabul qiladi?

— Xursand bo‘laman va bunga qarshilik qilmayman, — deya javob berdi aktyor va teleboshlovchi Alisher Uzoqov.

Baxtiyor Safarov: “Ko‘rsatuvni Alisher Uzoqov qaytgachgina davom ettirishimiz mumkin”

“Zirapcha”, “Men va sen” realiti-shoulari, “Qadam” va “Meni asra” kabi seriallari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan rejissor Baxtiyor Safarov “Kim ekan?” loyihasining ham asoschisi hisoblanadi. Xo‘sh, u oxirgi uch oy ichida yurtimiz telekanallari orasida eng yuqori reytingni egallagan ko‘rsatuvining to‘xtatilishiga qanday munosabat bildiradi?

Foto: Instagram/ @baxtiyor_safarov

— Shu kungacha suratga olgan ko‘rsatuvlarimning barini ma’lum tanaffuslar bilan efirga berganman. Tomoshabin “to‘yib qolsa” undan kamchilik izlashni yoki e’tibor bermaslikni boshlaydi. Shu bois avvaldan “Kim ekan?” loyihasini ham uzoq vaqt davom etishini rejalashtirmaganman. Alisher aka safarga ketadigan bo‘ldi va ishtirokchilar bilan bog‘liq muammolarga uchray boshladik.

Tan olish kerak, keyingi paytlarda o‘zbek san’atida jon berib ijod qilayotgan ijodkorlar uzog‘i bilan 20 tani tashkil etadi. Deyarli hit bo‘ladigan qo‘shiqlar ham juda kam. Shu bois kamida 20 yil avval ijod qilgan, qo‘shiqlari va xatti-harakatlari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan ijodkorlarning hammasi ham bunday loyihalarda ishtirok etishni istashmaydi. Chunki ularning ko‘pchiligi quda-andali, oila boshi bo‘lgani uchun yoshlarbop loyihalar bachkanadek tuyulishi mumkin. Shu kungacha 15 ta ko‘rsatuv suratga olgan bo‘lsak, ularda jami 90 ta san’atkor niqob ostida chiqish qilishdi. Oxirgi ko‘rsatuvlarda “Qaysi san’atkorni taklif etmadik?” deb o‘ylanib qoldik. Yosh ijodkorlar ko‘p, ammo hakamlar hay’ati 4-5 yil ijod qilgan xonandalarni ham tanishmadi.

Aktyor Alisher Uzoqov ko‘rsatuvga boshqa boshlovchi taklif etilsa, qarshi bo‘lmasligini aytdi. Rejissor Uzoqovning o‘rniga kim bilan hamkorlik qilishi mumkin?

— Buni hayolimga ham keltirmayman. Chunki boshlovchining o‘zgarishi ko‘rsatuv reytingiga hech qachon ijobiy ta’sir etmaydi. Har bitta ko‘rsatuvning o‘z yuzi bo‘lishi kerak. “Zirapcha” ko‘rsatuvi suratga olinayotganda Rayhon Ulasenova Turkiyaga ijodiy safar bilan ketadigan bo‘ldi. Shunda vaqtinchalik boshlovchini o‘zgartirishni ham taklif qilishdi. Ammo men Rayhon Ulasenova O‘zbekistonga qaytishini kutdim. “Kim ekan?” ko‘rsatuvini Alisher Uzoqov qaytgachgina suratga olamiz, agar rejalar o‘zgarsa, ko‘rsatuvga qayta murojaat etmayman. Ya’ni u bu shaklda suratga olinmaydi.

Boshqa xususiy telekanallarda ham “Kim ekan?” shaklidagi ko‘rsatuvlar “(O‘g‘irlangan niqob” va “Parda ortida”) namoyish etilyapti. Bu shunchaki tasodifmi yoki ijodkorlar bir-biridan ilhomlanishganmi?

— Aslida bu original g‘oya emas.  Niqob bilan bog‘liq ko‘rsatuvlar xorijning 40 dan ziyod davlatlarida namoyish etilgan. Bu loyihani telekanallarimizda efirga berishni yanvar oyida niyat qilgandim. Sahna dekoratsiyalariga buyurtma bergach, boshqa telekanalda ham shunga o‘xshash loyiha haqida e’lon berilayotganini eshitdik. Afsuski, u paytda bizning kanal ham, ular ham ortga qaytolmasdi. Shu bois shaklan bir-biriga o‘xshash loyiha deyarli bir vaqtda efirga ketdi. Ammo hammasining o‘ziga yarasha kuzatuvchisi bor, — deydi rejissor Baxtiyor Safarov.