Advokat va avtobloger Kamoliddin Bahavadinov “Mahalla” telekanalining “Minbar” ko‘rsatuvida chiqish qilib, “tonirovka” masalasida haqli savollarni o‘rtaga tashladi.

Kamoliddin Bahavadinov.

Foto: Videodan kadr

“O‘zbekistonda ‘tonirovka’ mumkinmi yoki mumkin emasmi? Juda ko‘p davlatlarda mumkin yoki mumkin emas degan toifaga ajratiladi. Pullik yoki tekin degan gaplar yo‘q. Mumkin bo‘lsa, me’yor belgilangan. Siz shu me’yor darajasida mashina oynasini bemalol qoraytirishingiz va harakatlanib yurishingiz mumkin. Mumkin bo‘lmasa, taqiq, tamom. Uni Ali ham, Vali ham qoraytirishi mumkin emas. Qonun hammaga teng. Bu bizning konstitutsiyamizda ham belgilangan. Demakki, har bir inson o‘z mulkidan xohlagancha foydalanishi mumkin. Faqat bu boshqalar va davlat manfaatlariga putur yetkazmasa bo‘ldi, degan talab bor”, — deydi Kamoliddin Bahavadinov.

Avtoblogerning aytishicha, O‘zbekistonda “tonirovka” uchun belgilangan narxlar juda baland.

“ ‘Tonirovka’ narxi haqida gapiradigan bo‘lsak, narx avval judayam baland edi. Obrazli qilib aytadigan bo‘lsak, keyinchalik rahm qilishib, orqa oynalarni qoraytirish narxlarini pasaytirishdi. Oldi aylanma tonirovka narxi esa, bugungi kunda ham juda baland naxrda, shaxsan men uchun kosmik narxda. Bugungi kundagi o‘rtacha oylik ish haqini hisobga olganda ham juda qimmat. Haydovchi yozda biroz o‘zini qulay his qilishi uchun olti oylik maoshini yemay-ichmay ‘tonirovka’ ruxsatnomasi uchun to‘lashi shaxsan men uchun mantiqsizlik. Inson huquqlarini ochiqdan ochiq poymol qilish”, — deydi avtobloger.