Finlyandiyaning NATOga qo‘shilish uchun ariza berishi Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli xavfsizlik sohasida yuzaga kelgan o‘zgarishlar bilan izohlanadi, ammo Xelsinki Rossiya tomonidan harbiy xavfni ko‘rmayapti. Bu haqda Finlyandiyaning alyansdagi elchisi Klaus Korxonen ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.

Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Pekka Xaavisto. Arxiv

Foto: EPA / “TASS”

“Bizning mudofaamiz kuchli, chegarani qo‘riqlash kuchlarimiz juda layoqatli va men o‘ylaymanki, biz hozir ogoh bo‘lganimiz tufayli chegaradagi vaziyat juda xavfsiz”, — dedi u jurnalistlarga.

Elchining qayd etishicha, Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi mamlakatning ham, umuman alyansning ham xavfsizligini kuchaytiradi.

Shu bilan birga, Korxonen ayni vaqtda “biz qandaydir yadroviy vaziyatdan juda uzoqdamiz” dedi.

“Yadro qurolini qo‘llash yoki yadro qurolini qo‘llash xavfi Yevroatlantika landshaftida tamoman yangi bobni ochib bergan bo‘lardi”, — deya ta’kidladi u.

Ayni paytda Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Pekka Xaavisto mamlakat NATOga qo‘shilish haqidagi arizani kelasi hafta o‘rtalarida berishi mumkinligini aytdi.

“Agar parlament biz ariza berishimiz kerak, degan xulosaga kelsa, kelasi hafta o‘rtalarida buni amalga oshiramiz”, — dedi Xaavisto Yaponiyaning NHK telekompaniyasiga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shvetsiya ham shunday chora-tadbirlarni ko‘rib, taxminan shunday grafik bo‘yicha harakat qiladi.

“Chegaradagi vaziyat tinch bo‘lib qoladi, deb umid qilamiz. Biz hech narsani kutmayapmiz, ammo hamma narsaga tayyormiz”, — deya qo‘shib qo‘ydi vazir.

Avvalroq Finlyandiyaning Helsingin Sanomat gazetasi mamlakat hukumati 15-may kuni NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi. Shu bilan birga, nashrning yozishicha, Shvetsiya ham xuddi shu kuni ariza topshiradi.

Keyinroq Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo va bosh vazir Sanna Marin NATOga tezroq a’zo bo‘lish zarurligi haqida qo‘shma bayonot chiqardi.

Neytral maqomga ega Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin faol muhokama qilina boshladi. Mamlakatlar alyansga a’zolik uchun yozda ariza topshirishi mumkinligi xabar qilingandi. Shu bilan birga Shvetsiya hukmron partiyasining bir qismi mamlakatning NATOga kirishiga qarshi. AQSH mazkur ikki davlat NATO tarkibiga kirsa, ularning xavfsizligini ta’minlashga tayyorligini bildirgan.

Finlyandiya quruqlikda Rossiya bilan 1200 kilometrdan ortiq umumiy chegaraga ega.