Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

Ham O‘zbekistonning, ham jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — bularning barini “Kun matbuoti tarixi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

Rukn materiallari har kuni tong soat 7:30 da e’lon qilinadi.

90 yil avval. 13-may, juma

1962-yil 13-may kuni O‘zbekistonda markaziy gazetalar chop etilmagan.

60 yil avval. 13-may, yakshanba

“Qizil O‘zbekiston”dan paxtakor-o‘rtoqlarga eslatma:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 13-may sonidan lavha

May oyi oxirlarida Toshkentda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston vakillari ishtirokida milliy maktablarda rus tilini o‘qitish respublikalararo ikkinchi ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan “Qizil O‘zbekiston”ning butun boshli bir sahifasi “Ulug‘ Lenin tilini sevib o‘rganamiz” rukniga aylantirilgan.

Ushbu rukn ostida e’lon qilingan materiallar, xabarlar va she’rlardan “barcha xalqlar va millatlar teng bo‘lgan sovetlar mamlakati”da tenglik aslida qanday bo‘lgani haqida xulosalar chiqarish mumkin.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 13-may sonidan lavha

She’rga “Ulug‘ og‘am tili” deb sarlavha qo‘yilganining o‘ziyoq tenglik haqidagi har qanday fikrni ikkinchi planga tushirib yuboradi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 13-may sonidan lavha

Bunaqangi katta siyosiy materiallardan ko‘ra gazetalarning bir chekkalarida beriladigan “Botir cho‘pon” kabi xabarlar qiziq (shunisi bilan ham qiziqki — bo‘richalarning taqdiri qanday kechdiykin?).

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 13-may sonidan lavha

Umumiy “Murosasizlar signali” sarlavhasi ostida hududlardagi elektr va yo‘l muammolari haqida mushtariylarning xabarlari bosilgan. “Mabodo sizdan kolxozchilarning uylari elektr bilan yoritilmay, faqat rahbarlarning xonadonlari kecha-kunduz porillab turadigan qishloq bormi, deb so‘rab qolishsa, hech ikkilanmay Poyariq rayonidagi Kuybishev nomli kolxoz desangiz, aslo yanglishmaysiz”, deyiladi ularning birida.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 13-may sonidan lavha

“Qamashi rayon markazida keyingi ikki-uch yil orasida ko‘plab uy-joy qurilib, yangi ko‘chalar ochildi. Ammo bu ko‘chalarni elektrlashtirishga ahamiyat berilmayapti”, — deyiladi yana bir xabarda.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 13-may sonidan lavha

Xorijda nima gap?

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 13-may sonidan lavha

30 yil avval. 13-may, chorshanba

Prezident Islom Karimov Yangi Zelandiyaning O‘zbekistonga tayinlangan birinchi elchisini qabul qilgan:

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 13-may sonidan lavha

Prezident 9—10-may kunlari Ashxobodda O‘rta Osiyo respublikalari, Turkiya, Eron va Pokiston davlat va hukumat rahbarlari uchrashuvida qatnashgan edi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha yetti davlat yetakchilari birdaniga beshta — Afg‘oniston, Tojikiston, Tog‘li Qorabog‘, Bosniya va Gersegovina hamda Kashmirdagi vaziyat yuzasidan bayonot bergan.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 13-may sonidan lavha

Rasmiy gazetalarda O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetini tashkil qilish to‘g‘risidagi prezident farmoni matni e’lon qilingan:

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 13-may sonidan lavha

Sharof Rashidov tavalludining 75 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston ovozi” gazetasida “Sharofnoma” nomli doimiy rukn tashkil etilgan. Unda bu safar jurnalist Maqsud Qoriyevning xotiralari e’lon qilingan. Materialning so‘nggi qismida Qoriyev shunday deb yozadi: “Jumhuriyatimiz mustaqil taraqqiyot yo‘liga kirdi. Xalqimizning orzu-umidlari ushaldi. Rahmatli Sharof Rashidov ham ana shunday ezgu kunlarning kelishini orzu qilgan edi. Hech yodimdan chiqmaydi. Bir kuni suhbat chog‘ida jumhuriyatimizning oltini haqida gap ketganda Sharof aka: ‘Qani endi shu oltinlarning hammasi o‘zimizga qolsa…’, degan edi. U O‘zbekistonning haqiqiy mustaqilligini juda-juda orzu qilgan edi”.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 13-may sonidan lavha

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi