Qozog‘istonning Jambil viloyatida hududidan o‘tuvchi G‘arbiy Yevropa—G‘arbiy Xitoy avtomobil yo‘lida ichida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus YTHga uchradi, deb xabar beradi “Kazinform”.

Foto: “Kazinform”

Jambil viloyati Favqulodda vaziyatlar departamentining ma’lum qilinishicha, hodisa 12-may kuni Olmaota—Toshkent avtomobil yo‘lining 571-kilometrida, Jualinskiy tumani “Baurjon Momishuli” qishlog‘idagi yo‘lda sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l bo‘ylab harakatlanayotgan traktor tirkamasi bilan to‘qnashib ketgan.

“YTH natijasida haydovchi yordamchisi va avtobus yo‘lovchisi voqea joyida halok bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Avariya sabab Jualinskiy tuman shifoxonasiga avtobus ichida bo‘lgan 48 nafar O‘zbekiston fuqarosi murojaat qilgan. Ularning 38 nafari erkak, to‘qqiz nafari ayol va bir nafar bola. 16 nafar yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, to‘rt nafari reanimatsiya, 12 nafari esa jarrohlik bo‘limida.

“Reanimatsiya bo‘limidagi bemorlarning ahvoli hozirda barqaror. Barcha jabrlanuvchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan”, — deydi Jambil viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Aset Kaliyev.

Foto: “Kazinform”

Holat yuzasidan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 345-moddasi 4-qismi (transport vositasini boshqarayotgan shaxs tomonidan ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga olib kelgan yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) bilan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan. Kerakli tekshiruvlar tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning martida Qozog‘istonda 26 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgan, 2019-yilda Qozog‘istonda Rossiyadan qaytayotgan o‘zbekistonliklar ishtirokida YTH sodir bo‘lishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, 2018-yil yanvarida Aqto‘be viloyati hududida ichida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus yonib ketgan va 52 o‘zbekistonlik halok bo‘lgan edi.