Farg‘ona tumanida uyining tomorqasida ko‘knori yetishtirayotgan shaxs aniqlandi, deb xabar beradi viloyat IIB axborot xizmati.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 5-may kuni tuman IIB JQB va HPB xodimlari bilan hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida “Vaziyo” mahalla hududida yashovchi fuqaro M.U.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda tomorqasida 60 tup ko‘knori o‘simliklarini parvarishlab kelayotgani aniqlanib, daliliy ashyo tariqasida olingan.

Holat yuzasidan Farg‘ona tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 270-moddasi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Bo‘stonliqdagi “Bochka”da psixotrop modda sotuvchi ikki kishi qo‘lga tushgani, DXX Toshkentda narkolaboratoriya tashkil qilgan ikki kishini qo‘lga olgani, Toshkentda 3 kg geroin va 7,5 kg opiyni Afg‘onistondan laganlar orasiga yashirib olib o‘tgan shaxslar ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.