IT Park 20 yoshli Doston Ishanovning sohadagi muvaffaqiyatlari to‘g‘risidagi hikoyani taqdim etdi.

Foto: IT Park

Hikoya qahramoni asli samarqandlik Doston Ishanov. U 20 yosh bo‘lishiga qaramay, bir nechta muvaffaqiyatli startaplarni amalga oshirgan.

Doston IT-sohasiga 2021-yilda robototexnika bo‘yicha kurslarni o‘rganish uchun Samarqand viloyati IT Park filialiga borgan. Uch oy o‘tgach esa u o‘zining ilk startap loyihasini ishga tushirgan.

Yosh mutaxassisning tirishqoqligi va mehnatsevarligi e’tibordan chetda qolmadi: robototexnika asoslarini o‘rganishga kirishganidan olti oy o‘tgach, “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” tanlovida o‘z loyihasi bilan ishtirok etib, top-10 talikka kirgan.

Hozirda Doston Xitoyda onlayn formatda tahsil olish bilan birgalikda IT Park Samarqand filialida robototexnika bo‘yicha dars bermoqda. Yosh murabbiyning 50 nafar shogirdi bor.

Doston IT Park Samarqand filialida ishlagan vaqtida 2021-yil fevral oyida S.W.A.T group (Smart World Accyess Technology) loyihasini ishga tushirdi va uning rahbariga aylangan.

14 kishidan iborat jamoa ayni paytda axborot texnologiyalari, robototexnika, mexatronika, sxemotexnika, dasturlash va 3D modellashtirish yo‘nalishlarida yangi startap loyihalar ustida ishlamoqda.

Jamoa tomonidan amalga oshirilgan loyihalar qatoriga “Alko tester”, “Yuqori texnologiyalar muzeyi”, “Utility SS99 robot”, “Aqlli hassa”, “Arm Robot”, “Gaz detektori”, “Gid robot”, “Robot lab”, “Suvosti roboti”, “I.B.K uz”, “Women Union” va boshqa ko‘plab loyihalar kiradi.

Doston xalqaro Singapore AUV Challenge’da ishtirok etish arafasida va hozirda o‘z loyihasi ustida ishlamoqda. Bundan tashqari, u Turkiyada bo‘lib o‘tadigan Technofest-2022 xalqaro tanlovida ham qatnashadi.

Doston ham murabbiy sifatida, ham o‘z loyihalari ustida astoydil ter to‘kmoqda. Bugungi kunda u oyiga 1000 dollar atrofida pul topadi.

Avvalroq IT-Park xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun xarajatlarni qoplab berishi haqida xabar berilgan edi.