Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida folbin va uning qizini o‘ldirgan yigit ushlandi. Bu haqda “Markaziy studiya” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, folbin yigitga “Sen yaqinda o‘lasan. Agar 500 dollar bersang, bir yo‘lini qilib beraman” qabilida gap aytgan. Gumonlanuvchi yigit 100 dollar keltirgan, ammo u bu pul kamligini aytgan. Shunda yigitning jahli chiqib, folbin va uning qizini o‘ldirib qo‘ygan.

“Bolam biror marta ichmagan, chekmagan. Bunday ish qilishiga ko‘zim yetmaydi”, — deydi onasi. Otasi esa o‘g‘lining tinmay ishlashi, ko‘chaga chiqmasligi, spirtli ichimlik ichmasligi, birov bilan urushadigan bola emasligini aytgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Qashqadaryoda xotinining ko‘zlarini o‘yib, yuragiga pichoq sanchib o‘ldirgan er 13 yilga qamalgani, Andijonda 78 yoshli ayol uyidan o‘lik holda topilgani, Andijonda 43 yoshli fuqaro qo‘shnisi bilan janjallashib, uni pichoqlab o‘ldirgani xabar qilingan.