15-may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish uchun ariza berishga qaror qilgani haqida e’lon qildi, deb yozadi Meduza.

Foto: EADaily

Finlyandiya hukumati ma’lum qilishicha, mamlakatning NATOga qo‘shilishi haqida ma’ruza qabul qilingan. Shvetsiya Sotsial-demokratik ishchilar partiyasi esa mamlakat Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lish uchun ariza berishi ustida ishlashini ma’lum qildi.

Mamlakatlar shu haftayoq NATOga qo‘shilishga ariza berishi kutilmoqda. Agar ular bir kunda ariza berishga erishsa, ular buni shunchalik kam vaqt farqi bilan amalga oshiradi.

15-may kuni NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg alyans o‘tish davrida vaqtinchalik Finlyandiya va Shvetsiyadagi harbiy ishtirokini kuchaytirishi mumkinligini ma’lum qildi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, NATO o‘zining yangi strategik konsepsiyasida Rossiyaning xatti-harakatlarini “to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf” deb belgilamoqchi.

Konsepsiyaning 2010-yilda qabul qilingan avvalgi versiyasida Rossiya sherik sifatida tilga olingan, ammo yangi versiyada bu ta’rif olib tashlanadi. Agentlik manbasi qayd etishicha, agar Moskvaning o‘zini tutishi o‘zgarsa, NATO Rossiya bilan aloqalarini qayta tiklashga tayyor bo‘ladi.

NATOning strategik konsepsiyasi alyansning yaqin yillarga mo‘ljallangan prioritetlarini belgilab beradi, u iyun oxirida Madridda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida tasdiqlanishi kutilmoqda.

Tayyorlanayotgan hujjatda, shu jumladan, Rossiyaga yaqin joylashgan zaif mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Xitoy va Rossiya munosabatlari masalalari ko‘tariladi.

Avvalroq Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo mamlakat kelasi bir necha kun ichida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berishini shaxsan ma’lum qilish uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilgan edi. Keyinroq Niinistyo hamkasbi bilan bo‘lgan suhbat sovuqqonlik bilan kechganini ma’lum qildi. “Umuman olganda, muhokama juda xotirjam va sovuqqon ruhda o‘tdi, u buni shunchalik xotirjamlik bilan qabul qilgani meni hayron qoldirdi”, — deya baho berdi Finlyandiya prezidenti. Shu bilan birga, u Rossiya hukumati bergan har qanday bayonotlarga qaramay, diqqatli va ehtiyotkor bo‘lish kerak, deb qo‘shimcha qildi.

Finlyandiyaning alyansdagi elchisi Klaus Korxonen mamlakatning NATOga qo‘shilish uchun ariza berishi Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli xavfsizlik sohasida yuzaga kelgan o‘zgarishlar bilan izohlanishi, ammo Xelsinki Rossiya tomonidan harbiy xavfni ko‘rmayotganini aytgandi. Shvetsiya hukumati ham NATOga a’zo bo‘lish Rossiyaga qarshi qaratilmaganini ma’lum qildi. “Shvetsiyaning NATOga qo‘shilish haqida ariza berish qarori mamlakatni xavfdan saqlash maqsadida qabul qilindi, — dedi Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Linde. — Bu qaror Rossiyaga qarshi qaratilmagan”.