Tarixda ham bugungi kundagi kabi ko‘plab badavlat insonlar o‘tgan. Kimdir tug‘ma tadbirkorlik qobiliyati, dunyoga yangi narsa bera olgani ortidan milliardlarga ega chiqqan bo‘lsa, yana kimdir hukmronlik va harbiy yurishlar orqali boyigan. Quyida tarixdagi eng boy insonlar haqida so‘z boradi.

Kornelius Vanderbilt

Foto: Getty Images

Kornelius Vanderbilt

Amerikalik tadbirkor 1794-yil 27-mayda kambag‘al fermer va qayiqchi oilasida tug‘ilgan. U 11 yoshida maktabni tashlab, paromda ishlay boshlagan. Vanderbilt 16 yoshidayoq o‘zining ikkita yelkanli yuk kemasiga ega bo‘lgani haqida gaplar yuradi.

U 18 yoshida 1812-yilgi Angliya—Amerika urushi vaqtida armiyani kerakli asbob-anjomlar bilan ta’minlab berish uchun Qo‘shma Shtatlar hukumati bilan shartnoma tuzadi. Urush oxirlagan paytda u kemasozlik ilmini o‘zlashtirib, shaxsiy qayiqlar flotiga va 10 ming dollar aylanma mablag‘ga ega edi. Keyingi o‘n yil ichida Vanderbilt o‘zining hashamatli kemalari va arzon narxlari evaziga Gudzon daryosi bo‘ylab monopoliya o‘rnatadi.

U o‘zining transport kompaniyasini Nyu-York, Providens va Bostongacha kengaytiradi. 1846-yilda Kornelius Vanderbilt millionerga aylanadi, 1863-yilda esa Nyu-York va Garlem temiryo‘llariga egalik qiladi. U keyinchalik Nyu-York markaziy temiryo‘lini butunlay sotib olib, Nyu-York va Chikago o‘rtasida birinchi temiryo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yadi.

Vanderbilt 1887-yili 83 yoshida vafot etgan. Bugungi kunda uning boyligi sal kam 165 milliard dollarni tashkil qilgan bo‘lardi.

Vasiliy II

Vasiliy II surati tushirilgan tanga

Foto: Getty Images

Vasiliy II 49 yil davomida Vizantiya imperatori bo‘lgan. U miloddan avvalgi 976-yilda hokimiyat tepasiga kelgach, hukmronlik doirasini mamlakat ichida ham, tashqarisida ham kengaytirishga bel bog‘laydi.

Imperator Kichik Osiyo bo‘ylab yoppasiga qo‘shinlar yuboradi va Vizantiya hududini besh asrlik tarixdagi eng katta hajmga kengaytiradi. Boyligi bugungi qiymat bilan hisoblaganda 168 milliard dollardan oshganiga qaramay, uning merosxo‘ri yo‘q edi. Vasiliy II vafot etganidan so‘ng yarim asr ichida Vizantiya imperiyasi qulaydi.

Mark Litsiniy Krass

Mark Litsiniy Krass

Foto: Wikipedia

General va siyosatchi Mark Litsiniy Krass nafaqat Rim respublikasini Rim imperiyasiga aylantirgan, balki umri davomida juda katta boylik to‘plagan. Mark bolaligidan aristokrat sifatida tarbiyalangan. Keyinchalik u Sulla va Rim o‘rtasidagi ittifoqni ta’minlagan marhum ukasining xotiniga uylanadi. Aynan o‘sha vaqtlarda Krass boyiy boshlagandi.

U Sulla fuqarolarining uy-joy va mulklarini arzonga sotib olib, keyin qimmat narxga qayta sotardi. U, shuningdek, qul savdosi bilan shug‘ullangan va oilasiga qarashli kumush konlarini nazorat qilgan. Umrining oxirida, miloddan avvalgi 53-yilda, Krass bugungi qiymatda deyarli 170 milliard dollar sarmoya egasiga aylangandi.

Genri Ford

Genri Ford

Foto: Getty Images

Amerika tarixidagi eng yirik sanoatchi sifatida tanilgan Genri Ford 1863-yil 30-iyulda AQSHning Michigan shtatida tug‘ilgan. U avtomobilsozlikni tubdan yangilab, sanoat inqilobini amalga oshiradi.

Genri Ford bolaligidan mexanikaga qiziqqan. 13 yoshdaligida otasi cho‘ntak soati sovg‘a qiladi. Qiziquvchan bolakay soatni mayda qismlarga ajratib, qaytadan yig‘adi.

Ford 16 yoshida Detroytdagi mexanikka shogird tushib, bug‘ dvigatellarini sozlash va buxgalteriya ishlarini o‘rganadi. 1891-yilda Edison Electric kompaniyasi uni muhandislikka ishga taklif qiladi. Ford ikki yil ichida ushbu kompaniyaning bosh muhandisiga aylanadi.

Genri Ford 1896-yilda otsiz harakatlanuvchi avtomobil chizmasini tugatadi va Ford Motor kompaniyasiga asos solib, tez orada mashhur “Model T”ni dunyoga tanitadi. Genri Ford 1947-yil 7-aprelda miyadan qon ketishi tufayli vafot etgan. Uning boyligi hozirgi hisobda, taxminan, 186 milliard dollarni tashkil etadi.

Endryu Mellon

Endryu Mellon

Foto: Getty Images

Endryu Mellon tadbirkor, bankir, sanoatchi, xayriyachi, san’at asarlari kolleksiyachisi va AQSH moliya vaziri bo‘lgan.

Mellon 1855-yil 24-martda Pitsburgda tug‘ilgan. U 20 yoshida otasining T. Mellon & Sons bank firmasida ishlay boshlaydi va 1882-yilda firmaning to‘liq egasiga aylanadi.

Kompaniya hajmi va daromadi bo‘yicha barqaror o‘sishda davom etib, yirik korporatsiyalarni kapital bilan ta’minlash darajasiga yetadi. 1920-yillar boshiga kelib, Mellon hozirgi qiymatda 188 milliard dollarga egalik qilib, Qo‘shma Shtatlardagi eng boy odamlardan biriga aylangandi.

Usmon Ali Xon

Usmon Ali Xon

Foto: Wikipedia

Usmon Ali Xon 1886-yil 6-aprelda Hindistonning Andxra-Pradesh shtatida tug‘ilgan. 1911-yilda u otasining o‘rniga Haydarobod knyazligining nizomi (hukmdori) lavozimini egallaydi. Usmon 37 yil hukmronlik davrida o‘z mamlakati uchun katta ishlarni amalga oshirib, elektr energetikasi, temiryo‘l, avtomobil yo‘llari, havo qatnovi va irrigatsiya tizimlarini rivojlantirishga hissa qo‘shgan.

U ta’lim muassasalariga katta miqdorda pul ajratadi. Usmon Ali Xon vafot etayotgan vaqtda yettita xotini, 42 nafar kanizaklari va hozirgi hisobda 230 milliard dollarga yaqin boyligi bo‘lgan.

Uilyam Genri Vanderbilt

Uilyam Genri Vanderbilt

Foto: Getty Images

Uilyam Genri Vanderbilt 1821-yil 8-mayda Nyu-Jersi shtatida tug‘ilgan. U dunyodagi eng kuchli sanoatchilardan biri Kornelius Vanderbiltning 13 nafar farzandidan biri bo‘lgan. Otasi uni moliyaviy masalalarda qobiliyatsiz sanab, Steyten orolidagi fermaga yuboradi. Uilyam esa ferma daromadini birdan oshirib yuboradi va bu harakati otasining e’tiboridan chetda qolmaydi. 1840-yillarda otasi uni Long Island Rail Road temiryo‘l biznesini qayta tashkil etishga yuboradi.

Uilyam zararga kirgan biznesni yana gullatib yuboradi. 1887-yil Kornelius Vanderbilt vafot etib, Uilyam uning kompaniyasini egallaydi. Otasining o‘limidan sakkiz yil o‘tgach, Uilyam Vanderbiltning o‘zi ham vafot etgan. U kompaniya prezidenti sifatidagi qisqa faoliyati davomida oilasining boyligini ikki baravar oshirib, 100 million dollardan 200 million dollarga yetkazadi.

Bugungi kunda Vanderbilt boyligi 239 milliard dollarga baholangan bo‘lardi.

Nikolay II

Nikolay II

Foto: Getty Images

Rossiyaning so‘nggi imperatori Nikolay II 1868-yil 6-mayda tug‘ilgan. Nikolayning otasi 1894-yilda vafot etib, o‘rniga o‘zi taxtga o‘tiradi.

1917-yilda Fevral inqilobi yuz berib, Nikolay hokimiyatdan ag‘dariladi va bolsheviklar uning butun oilasini otib tashlaydi. O‘limidan oldin monarxning boyligi, taxminan, 900 million dollarni tashkil etgan. Bu hozirgi qiymat bilan hisoblaganda 300 milliard dollarga teng.

Endryu Karnegi

Endryu Karnegi

Foto: Getty Images

Mashhur sanoatchi va po‘lat magnati Endryu Karnegi XIX asrning eng badavlat tadbirkorlaridan biri edi. U 1835-yil 25-noyabrda Shotlandiyaning Danfermlayn shahrida tug‘ilgan. Endryuning oilasi 1848-yilda Amerikaga ko‘chib, Pensilvaniyaga joylashadi. 1853-yilda Karnegi Pensilvaniya temiryo‘liga telegraf operatori bo‘lib ishga joylashadi, keyinroq esa kompaniya menejeri Tomas Skottning yordamchisi vazifasini o‘tay boshlaydi.

Karnegi bu faoliyati davomida sanoat va biznes borasida katta tajriba yig‘adi. 1865-yilda u temiryo‘l biznesini tark etib, boshqa sohalarga e’tibor qaratadi. Tadbirkor 1889-yilda dunyodagi eng yirik ishlab chiqarish kompaniyasi Carnegie Steel Corporation’ga asos solgan. U 1901-yilda o‘z biznesini United States Steel Corporation’ga 200 million dollardan ko‘proqqa pullagan. Bu bugungi bozorda, taxminan, 310 milliard dollarga teng.

Jon Devison Rokfeller

Jon D. Rokfeller

Foto: Getty Images

Neft magnati 1839-yilda AQSHda tug‘ilgan. U nafaqat Standard Oil Company asoschisi, balki dunyoning eng badavlat odamlaridan biri edi.

Rokfeller 16 yoshida Hewitt & Tuttle kompaniyasida hisobchi sifatida ish boshlaydi, 20 yoshida esa o‘zining biznes hamkori bilan savdo ishlarini yo‘lga qo‘yadi. U pichan, go‘sht, don va boshqa mahsulotlarni sotib, birinchi yili 450 ming dollar ishlab topgan. 1863-yilda bo‘lajak magnat neftni qayta ishlovchi birinchi zavodni ishga tushiradi, 1868-yilda esa u dunyoning eng yirik zavodiga aylanadi.

Rokfeller 1870-yilda asos solgan Standard Oil kompaniyasi tezda rivojlanib ketadi. 1937-yili u vafot etganida aktivlari Amerika umumiy iqtisodiy mahsulotining 1,5 foizini tashkil qilgan. Bugungi kunda bu, taxminan, 340 milliard dollarga teng bo‘lardi.