Malida davlat to‘ntarilishining oldi olindi, bu haqda Assimi Goytaning muvaqqat hukumati ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.

Foto: Getty Images

Isyonga urinish 12-mayga o‘tar kechasi “G‘arb davlati” ko‘magida “antiprogressist ofitserlar va unter-ofitserlarning kichik guruhi” tomonidan amalga oshirilgan. Aynan qaysi G‘arb mamlakati nazarda tutilgani noma’lum.

Bir nechta isyonchilar qo‘lga olingan va sudga topshiriladi. To‘ntarish maqsadi “Malining qayta tiklanishiga putur yetkazish” bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 18-avgust kuni Malida harbiy to‘ntarish sodir bo‘lgan edi, sentabr oyida esa mudofaa vaziri Bax Ndao vaqtinchalik prezident vazifasini bajaruvchi, Assimi Goyta vitse prezident etib tayinlangan edi. 2021-yilning 24-may kuni Bax Ndao va vaqtinchalik bosh vazir vazifasini bajaruvchi Moktar Uan harbiylar tomonidan hibsga olingandi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Afrika va Yevropa ittifoqlari, G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy kengashi (ECOWAS), AQSH, Germaniya va Buyuk Britaniya Malida qo‘lga olingan siyosatchilarni zudlik bilan ozod etishga chaqirgan. Qo‘shma bayonot mamlakatdagi BMT missiyasi tomonidan tarqatilgandi. Keyinchalik ular hibsda iste’foga chiqish haqida ariza yozgan. Mali konstitutsion sudi esa polkovnik Assimi Goytani mamlakatning vaqtinchalik prezidenti etib tayinlagan edi.