Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Linde NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizani imzoladi, deb yozadi “RBK”.

Ann Linde Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini imzolamoqda

Foto: EPA/“TASS”

Lindening so‘zlariga ko‘ra, Shvetsiyaning NATOga qo‘shilish haqidagi arizasi Finlyandiya arizasi bilan birgalikda topshiriladi. Alyansga a’zo bo‘lish jarayoni qariyb bir yil vaqt olishi mumkin.

“Bu katta, jiddiy qadam. Biz o‘z fikrimizga ko‘ra Shvetsiya uchun eng yaxshi yo‘lni aniqlashtirib oldik”, — deya izohladi u hujjatning imzolanishini.

Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo ayni vaqtda davlat tashrifi bilan Shvetsiyada bo‘lib turibdi. Alyansga a’zolikka ariza berish masalasi bo‘yicha ovoz berishni Finlyandiya parlamenti bugun, 17-may kuni o‘tkazadi.

Shvetsiya xalqaro betaraflik (neytrallik)ni XIX asrdan buyon saqlab keladi. Finlyandiya Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri, qariyb 80 yil mobaynida betaraf mamlakat bo‘lib kelgan.

Finlyandiya va Shvetsiya NATOga kirishi uchun arizalar alyans boshqarmasining asosiy siyosiy organi — Shimoliy Atlantika kengashida ko‘rib chiqilishi shart. Shundan keyin mamlakatlarning alyansga a’zo bo‘lishi haqidagi bitim harbiy-siyosiy blok tarkibidagi 30 ta davlatning barchasida milliy darajada ratifikatsiya qilinishi kerak.

Turkiya Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishiga qarshi bo‘lib turibdi. Ushbu mamlakat hukumati Stokgolm va Xelsinkini Turkiyada terrorchilik tashkiloti hisoblanuvchi Kurdiston ishchilar partiyasi ishtirokchilariga boshpana taqdim etish orqali terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblamoqda. “Hozir biz Shvetsiya va Finlyandiya bilan bog‘liq voqealar rivojini kuzatyapmiz, lekin bunda ijobiy narsani ko‘rmayapmiz”, — degan edi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 13-mayda.. Ayni vaqtda, 14-may kuni Turkiya yetakchisi rasmiy vakili Ibrohim Kalin Anqara bu masalani milliy xavfsizlik uchun muammo sifatida ko‘tarsa-da, Finlyandiya va Shvetsiya uchun NATO eshiklarini yopmasligini ma’lum qildi.

Ikki davlat diplomatlari Anqaraga kelib, Turkiya tomoni bilan NATOga kirish uchun so‘rov masalasini muhokama qilmoqchi ekanligi haqida xabarlar tarqalgach esa, “Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishini ma’qullamaydi, ularning diplomatlari bizni ishontirishga urinmasa ham bo‘ladi”, — dedi Erdo‘g‘on.

Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, mamlakat kelasi bir necha kun ichida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berishini ma’lum qilgach, u Finlyandiya xavfsizligiga hech qanday tahdidlar yo‘qligini ta’kidladi va “harbiy betaraflikka asoslangan an’anaviy siyosatdan voz kechish xatolik bo‘lishini” aytdi. Putin Niinistyoni ularning NATOga qo‘shilishi ikki tomonlama aloqalarga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.