Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

Ham O‘zbekistonning, ham jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — bularning barini “Kun matbuoti tarixi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

Rukn materiallari har kuni tong soat 7:30 da e’lon qilinadi.

90 yil avval. 17-may, seshanba

SSSR xalq xo‘jaligini rivojlantirishning ikkinchi beshyilligida – 1933–1937-yillarda – O‘zbekiston qanday respublikaga aylanadi? “O‘zbekiston Sho‘rolar Ittifoqining ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishda asosiy paxtachilik rayoni bo‘lish bilan birlikda keng miqyosda mis ishlab chiqarishni kuchli yo‘lga qo‘yadi. Olmaliq mis kombinati solinib bo‘lishi bilan O‘zbekiston Ittifoqimizning mis ishlab chiqarishda bosh rayonlardan biri bo‘lajakdir. O‘zbekistonda ximiya (azon, sernikislota ishlab chiqarish), to‘qamachilik sanoati (Toshkent kombinati va mayda fabrikalar), mashina qurilishi va chorvachilikdan iborat bo‘lajak”, – deyiladi “Qizil O‘zbekiston”dagi “Sinfsiz sotsializm jamiyati qurish plani. O‘rta Osiyoning ikkinchi beshyilligi to‘g‘risida” maqolasida.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 17-may sonidan lavha

Bu endi kelgusi besh yillik xayollari. Shu kunning muammolari haqida gapiradigan bo‘lsak, paxta dalalarini chopiq qilish kerak, ammo ketmon yo‘q. “Chopiq kampaniyasi ko‘p ketmon talab qiladi. Lekin shu yil Ittifoq sanoatining zavodlari ketmon ishlashda o‘z bo‘ynilariga olgan vazifalarni bajarmadilar”, – deyiladi “Tashselmash ketmon temirlarini qarzga berishi kerak” degan xabarda. Muammoning yechimi, ko‘rib turganingizdek, sarlavhadayoq berilgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 17-may sonidan lavha

Dalalarda ketmondan boshqa muammo ham bor. Bu – chigirtka muammosi. “Afg‘onistonda paydo bo‘lgan Marokash chigirtkalari chegarani o‘tib, katta to‘dalar bo‘lib, daryo bo‘yicha kelmoqdalar”, – deyiladi bir xabarda. “Aeroplan orqali kurash eng yaxshi usul” deyiladi boshqa bir xabarning sarlavhasida. Tojikistonda ham shunday qilinmoqda: “10-maygacha 7,7 ming hektar maydonga kurash o‘tkazilib, bundan 2,3 ming hektarda chigirtkalar aeroplan bilan qirildi”, – deyiladi “Tojikiston kurashni kengaytirmoqda” xabarida.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 17-may sonidan lavha

Jahonda nima gap? Germaniya davlat konyuktura instituti ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1913-yilgi darajaga tushib qolgan. “Qizil O‘zbekiston”ning yozishicha, 1932-yil boshida jahon bo‘yicha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda AQShning ulushi 34,8 foizni, SSSRning ulushi 11 foizni, Angliyaning ulushi 10 foizni, Germaniyaning ulushi 7,6 foizni tashkil etgan.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 17-may sonidan lavha

So‘nggi sahifada, odatdagidek, “badriddinovchilar sudi” tafsilotlari. Bu safar guvoh Abdulla Ahmedovning sobiq prokuror Shamsiddin Badriddinovga qarshi ko‘rsatmalari bayon qilingan. “Mening, — dedi Ahmedov, — tortgan mashaqqatlarimga rahmi kelgan qamomqxona boshlig‘i Badriddinovga murojaat qilib, mening gunohimni yengillatishni iltimosladi. Badriddinov bo‘lsa, unga: ‘Abdulla Ahmedov — muxbir, uning hojatxona tozalashi kerak, qalami o‘tkir bo‘ladi’, deb javob qaytardi”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1932-yil 17-may sonidan lavha

60 yil avval. 17-may, payshanba

Qozog‘istonda O‘zbek adabiyoti va san’ati dekadasi ochilgan, “Qizil O‘zbekiston”ning birinchi sahifasida shu haqda axborot berilgan. Materialdan tadbirda O‘zbekiston nomidan Komil Yashin, G‘afur G‘ulom, Hamid G‘ulom, Zulfiya, Mirtemir, Sobir Abdulla va boshqalar qatnashganini bilib olish mumkin.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 17-may sonidan lavha

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan vrach S.Karimovning donorlar haqidagi “Olijanob kishilar” sarlavhali xabari berilgan. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “So‘nggi yillarda mamlakatimizda yangi vatanparvarlik tashabbusi — haq olmasdan qon berish keng yoyilmoqda. Hozir O‘zbekistonning deyarli hamma shahar-qishloqlarida bu harakat keng tus olmoqda. Agar respublikada 1957-yilda 105 donor haq olmasdan qon bergan bo‘lsa, 1961-yilda esa ularning soni 8522 kishiga yetdi”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 17-may sonidan lavha

Bundan 60 yil avval markaziy gazetalarda e’lon qilingan tanqidiy materiallar yoki mehnatkashlarning gazetalarga yo‘llagan norozilik xatlari nazorat qiluvchi tashkilotlarning o‘rganishlaridan ham ayovsizroq, shafqatsizroq hodisa bo‘lgan. Mana, “Yulg‘ich rais ishdan olindi” xabari bunga bir misol: “Rais Yodgorov... ko‘chatga bir ngecha million so‘m sarflagan bo‘lsa ham, kolxoz territoriyasida biror gektar yer daraxtzor qilinmadi... Kolxozchilarga madaniy sharoit yaratish o‘rniga kolxoz raisi maishatbozlikdan bo‘shamaydi”. Oqibat nima bo‘lgan? “Koson rayon partiya komiteti sekretari o‘rtoq Xushvaqtovning redaksiyaga yozishicha, xatda ko‘rsatilgan faktlar tekshiruvda to‘la tasdiqlangan. ‘Partiya XXII syezdi’ kolxozi a’zolarining umumiy majlisi qarorir bilan kolxoz raisi Yodgorov ishdan bo‘shatilgan”.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 17-may sonidan lavha

1962-yil 17-may kuni “Qizil O‘zbekiston” gazetasida berilgan quyidagi e’lon-ogohlantirish esa hozirgi kun uchun dolzarbdir:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 17-may sonidan lavha

30 yil avval. 17-may, yakshanba

1992-yil 17-may kuni O‘zbekistonda markaziy gazetalar chop etilmagan.

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi