Istalgan ko‘rinishdagi yo‘l-transport hodisalarining sodir bo‘lishi juda yomon holat. Jamoat transportlari, yo‘lovchilar tashiydigan avtotransportlar bilan sodir bo‘ladigani esa yanada tashvishlanarli — ularda bir yoki ikki insonning hayoti emas, o‘nlarning, yuzlarning taqdirlari bo‘ladi.

2022-yilining 12-may kuni Qozog‘istonning Jambil viloyati hududidan o‘tuvchi G‘arbiy Yevropa—G‘arbiy Xitoy avtomobil yo‘lida ichida 47 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan avtobus YTHga uchradi.

2022-yilining 12-mayida Qozog‘istonning Jambil viloyatida YTHga uchragan avtobus

Foto: “Kazinform”

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l bo‘ylab harakatlanayotgan traktor tirkamasi bilan to‘qnashib ketgan. Oqibatda uch o‘zbekistonlik halok bo‘ldi.

Afsuski, bu o‘zbekistonliklar muhojir sifatida boshqa davlatga avtobusda ketayotgan yoki vatanga qaytayotganda sodir bo‘lgan yagona hodisa emas. “Daryo” o‘rganishlariga ko‘ra 2017—2021-yillar ichida o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobuslar bilan har yili ikkitadan ana shunday avariyalar sodir bo‘lgan. Hammasi yo Qozog‘iston, yo Rossiya yo‘llarida kelib chiqqan.

Eng og‘riqlilari — 52 o‘zbek farzandi yonib ketgan Aqto‘be fojiasi, to‘qqiz o‘zbekistonlik halok bo‘lgan Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyatidagi avtobus ag‘darilishi, 16 o‘zbekistonlikning umriga zomin bo‘lgan Sankt-Peterburg—Janubiy Qozog‘iston yo‘nalishidagi avtobus va poyezd to‘qnashuvidir.

Birgina OAVda chiqqan xabarlar bilan hisoblanganda ular natijasida 80 o‘zbekistonlik, umumiy hisobda 83 kishi halok bo‘lgan.

“Daryo” 2017—2022-yillarda xorij yo‘llarida ichida o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobuslar bilan yuz bergan yirik YTHlarni bir sahifaga jamladi.

To‘qqiz o‘zbekistonlik halok bo‘lgan Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyatidagi avtobus ag‘darilishi

2017-yil 22-iyun kuni soat 10:20 da Volgograd—Chimkent yo‘nalishida ketayotgan ikki qavatli Mercedes avtobusi Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyati Samara—Chimkent trassasining 946-kilometrida, Qorabutoq posyolkasidan 20 kilometr uzoqda ag‘darilib ketgan.

2017-yil 22-iyunda Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyatida ag‘darilib ketgan avtobus

Foto: “Nur.kz”

Oqibatda to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Qayd etilishicha, ularning barchasi o‘zbekistonlik bo‘lgan. 18 kishi kasalxonaga yetkazilgan (17 nafar O‘zbekiston fuqarosi va bir nafar Qozog‘iston fuqarosi), 25 kishiga hodisa joyida yordam ko‘rsatilgan.

Avtobusdagi jami 52 kishidan 50 nafari O‘zbekiston (muhojirlar), 2 nafari Qozog‘iston fuqarosi (haydovchilar) bo‘lgan.

YTHdan bir kun o‘tib — 23-iyun kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi halok bo‘lgan to‘qqiz o‘zbekistonlikning ro‘yxatini e’lon qilgan. Eng kattasi 36, eng kichigi 26 yoshdagi qurbonlarning uch nafari Farg‘ona, ikki nafari Namangan, ikki nafari Andijon, bir nafari Surxondaryo, yana biri Jizzax viloyatidan bo‘lgan. Besh nafar O‘zbekiston fuqarosi kasalxonaga yotqizilgan. Xuddi shu kuni O‘zbekiston rahbariyati Qozog‘istondagi YTHda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan. Soat 19:40 da esa O‘zbekiston hukumati halok bo‘lganlarning jasadini mamlakatga olib kelish uchun maxsus reys uchirgan.

24-iyun kuni soat 11:40 da to‘qqiz nafar vafot etgan, yetti nafar jabrlangan hamda qolgan 31 nafar O‘zbekiston fuqarosi Toshkent shahriga olib kelingan. Fojianing jizzaxlik qurboni maxsus tibbiy avtomashinada Jizzaxga, surxondaryolik qurbon esa “O‘zbekiston havo yo‘llari” ko‘magida Termizga yetkazilgan.

Shu kuni vodiyda farg‘onalik, andijonlik va namanganlik qurbonlarning dafn marosimlari bo‘lib o‘tgan.

Bu avtobusda ketayotganlar orasida qishloqdoshlar, aka-ukalar, ota-o‘g‘illar ham bo‘lgan. “O‘zim faqat jarohat oldim, o‘g‘lim halok bo‘lganidan esa iztirobdaman”, — degan Qozog‘istondagi YTHning farg‘onalik jabrlanuvchisi.

2017-yil 22-iyunda Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyatida ag‘darilib ketgan avtobus

Foto: “RikaTV.kz”

Fojiadan uch oy o‘tib — 2017-yil sentabr oyida avtobus haydovchisiga sud hukmi o‘qilgan. U besh yil muddatda ozodlikdan, yetti yil davomida avtotransport boshqarish huquqidan mahrum etilgan. Qayd etilishicha, ayblanuvchi o‘sha paytning o‘zidayoq hibsga olingan, ammo sud hukmi sentabrda o‘qilgan. Haydovchi boshqaruv vaqtida uxlab qolganini bildirgan va sudda aybini tan olgan.

16 o‘zbekistonlikning umriga zomin bo‘lgan Sankt-Peterburg—Janubiy Qozog‘iston yo‘nalishidagi avtobus va poyezd to‘qnashuvi

2017-yil 6-oktabrda mahalliy vaqt bilan 03:39 da (Toshkent vaqti bilan 05:39 da) Rossiyaning Vladimir viloyati Petushinskiy tumanidagi temiryo‘l kesishmasida Mercedes rusumli avtobus va poyezd o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan. Avtobus 55 o‘zbekistonlik yo‘lovchini Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan Janubiy Qozog‘iston tomon olib ketayotgan bo‘lgan.

2017-yil 6-oktabrda Sankt-Peterburg—Janubiy Qozog‘iston yo‘nalishidagi avtobus va poyezd to‘qnashuvi

Foto: Vladimir viloyati politsiyasi

Avtobus Orexovskiydagi tirbandlikni aylanib o‘tish vaqtida temiryo‘l kesishmasi ustida o‘chib qolgan. Omon qolgan haydovchilardan birining aytishicha, bunga avtobus akkumulyatori o‘chishi sabab bo‘lgan. Yo‘lovchilar uxlab yotgan bo‘lgan, haydovchi baqirib hammani uyg‘otgan, 34 kishi avtobusdan tushib, uni yurg‘azishga uringan.

“Sankt-Peterburg—Nijniy Novgorod” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan poyezd mashinisti favqulodda to‘xtashni qo‘llashga uringan, biroq sostavni to‘xtata olmagan. Poyezd avtobusga urilib, uni 200 metrgacha sudrab borgan. Avtobus parchalanib ketgan. Uni yurg‘azishga uringan 34 kishi omon qolgan, avtobusda qolganlarning bari halok bo‘lgan.

2017-yil 6-oktabrda Sankt-Peterburg—Janubiy Qozog‘iston yo‘nalishida poyezd bilan to‘qnashgan avtobus

Foto: “TVC.ru”

Hodisa oqibatida 16 o‘zbekistonlik (ulardan ikki nafari bolalar), bir haydovchi halok bo‘lgan, 36 o‘zbekistonlik tan jarohati olgan. (Oxirgi ma’lumotlarda fojiadan umumiy hisobda 21 qurbon bo‘lgani aytilgan). Yana uch kishiga, jumladan, 2012-yilda tug‘ilgan qizaloq — Gulruh Ziyodullayevaga Rossiyaning o‘zida to‘laqonli tibbiy xizmat ko‘rsatishga to‘g‘ri kelgan.

Yo‘lovchilar orasida hamqishloqlar, bir oila vakillari ko‘p bo‘lgan. Xususan, halok bo‘lgan ikki boladan biri — Gulruhning 2011-yilda tug‘ilgan opasi bo‘lgan. Hodisaning o‘zbekistonlik 15-qurboni Mirshod Mirzoyevning otasi Mirjon Latipov esa og‘ir ahvolda bo‘lgani uchun unga Rossiyada alohida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. “Rossiya temir yo‘llari” rahbariyati har bir jabrlanuvchiga 5 ming rubl miqdorida kompensatsiya puli berilishini e’lon qilgan.

YTH sodir bo‘lgan kun prezident Shavkat Mirziyoyev halok bo‘lganlar va jabrlanganlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha hukumat komissiyasini tuzish haqida ko‘rsatma bergan. “O‘zbekiston hukumati YTH oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va jabrlanuvchilarga barcha zarur yordamni ko‘rsatadi”, — deyilgan bu holat yuzasidan berilgan xabarda. Shu kuni o‘zbekistonlik shifokorlar guruhi jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish uchun Rossiyaga jo‘nab ketgan.

7-oktabr kuni O‘zbekiston TIV YTHda halok bo‘lgan va jabrlangan o‘zbekistonliklarning ism-sharifini e’lon qilgan. Halok bo‘lganlarning asosiy qismi — 14 nafari surxondaryolik bo‘lgan. Qolgan ikki kishidan biri Andijon, ikkinchisi Buxoro viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan. Jabrlanuvchilarning ham asosiy qismi Surxondaryodan bo‘lgan. Shuningdek, jabrlanuvchilar orasida Farg‘ona, Andijon, Namangan, Samarqand viloyatlari, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolar ham bo‘lgan.

Fojiadan ikki kun o‘tib, 8-oktabr kuni Rossiyadagi YTH ishtirokchisiga aylangan, jumladan, halok bo‘lganlarning jasadi, O‘zbekistonga olib kelingan. Qurbonlarining jasadlari Termiz, Andijon va Buxoroga yetkazilgan. Ahvoli og‘irligi sabab uch nafar O‘zbekiston fuqarosi Vladimirdagi shifoxonada davolanish uchun qoldirilgan.

2017-yil 6-oktabrda Sankt-Peterburg—Janubiy Qozog‘iston yo‘nalishidagi avtobus va poyezd to‘qnashuvi jabrlanuvchilarining olib kelinishi

Foto: “O‘zbekiston 24”

Ta’kidlash lozim, halok bo‘lganlarning shaxsini to‘la aniqlash jarayonining o‘zi ham bir qancha muddat davom etgan. 15-qurbonning shaxsi 8-oktabrda, 16-qurbonniki esa 11-oktabrda e’lon qilingan.

Aqto‘beda avtobus ichida yonib ketgan 52 o‘zbekistonlik

2018-yil 18-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 10:30 atrofida, Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irgiz tumani, “Samara—Chimkent” yo‘lining 1068-kilometrida “Ikarus” avtobusi salonidagi 52 yo‘lovchisi bilan yonib ketgan. Bu vaqtda avtobus salonida 55 o‘zbekistonlik yo‘lovchi va ikki qozog‘istonlik haydovchi bo‘lgan. (Eng oxirgi ma’lumotlarda haydovchilar soni uchta deb keltirilgan).

2018-yil 18-yanvar kuni Aqto‘beda yonib ketgan avtobus

Foto: “RIA Novosti”

Shu kunning o‘zida Aqto‘be viloyati Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha departamenti halok bo‘lgan 52 yo‘lovchining bari o‘zbekistonlik bo‘lgani haqidagi ma’lumotni taqdim etgan. O‘sha yilgi bir maqolada bu O‘zbekiston fuqarolarining bir joyda va bir vaqtda qurbon bo‘lishi bilan bog‘liq 2005-yilgi Andijon voqealaridan keyingi (o‘shanda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 187 kishi halok bo‘lgan) eng yirik hodisa sifatida eslangan.

Qayd etilishicha, avtobus egasi yo‘lovchi tashish litsenziyasiga ega bo‘lmagan. Uning nomida jami uchta avtobus ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, o‘zi qidiruvga berilgan. Yonib ketgan avtobus 1989-yili ishlab chiqarilgan, 2016-yilda texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan. Ammo oxirgi marta 2015-yilda o‘tkazilgan.

Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi xulosasiga ko‘ra, avtobus YTHga uchramagan, jinoyat izlari ham ko‘rinmagan.

Dastlabki xabarlarda hodisa haqida quyidagicha tafsilotlar keltirilgan. Omon qolganlarning ko‘rsatmalariga qaraganda, yong‘in avtobus salonida kelib chiqqan. Salonda dastlab zaharli tutun tarqala boshlagan va bu yo‘lovchilarning gazdan zaharlanishga olib kelgan.

Eshiklar ochilishi bilan salonga kislorod kirgan va avtobus ichidan portlagan, deya taxmin qilgan Qozog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri. Qolaversa, avtobusning birinchi qavatida yuklarning ko‘pligi tepada o‘tirgan yo‘lovchilarning tashqariga chiqishiga to‘sqinlik qilgan bo‘lishi ham mumkinligi aytilgan.

20-yanvar kuni O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi vafot etgan o‘zbekistonliklarning to‘la bo‘lmagan ro‘yxatini e’lon qilgan. Eng so‘nggi raqamlarga ko‘ra, marhumlarning 16 nafari Farg‘ona viloyatidan, ikki nafari Andijon viloyatidan, ikki nafari Toshkent shahridan, bir nafari Surxondaryo viloyatidan bo‘lgan. Fojiada eng ko‘p Namangan viloyati o‘z farzandlarini yo‘qotgan — 31 kishi.

Hodisa oqibatida omon qolgan besh kishidan ikki nafari o‘zbekistonlik. Ular ham Namangan viloyatidan — 29 yoshli Ahror Isoqov va 38 yoshli Isroiljon Mirzaahmedovlar.

Qozog‘istondagi operativ shtabga ko‘ra, ulardan tashqari omon qolgan uch nafar Qozog‘iston fuqarolarining ikkisi avtobus haydovchilari bo‘lgan. Ular yengil kuyish jarohatini olgan. (Eng oxirgi ma’lumotlarda haydovchilar soni uch nafar deb keltirilgan).

Prezident topshirig‘iga ko‘ra bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida tarkibida Tashqi ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa idoralar vakillari kiritilgan maxsus hukumat komissiyasi tashkil etilgan va 18-yanvar kunining o‘zida FVV borti Toshkentdan Qozog‘istonning Aqto‘be shahriga uchib ketgan.

19-yanvar kuni komissiya 52 o‘zbekistonlikning avtobus yong‘inidagi halokatini tekshirish uchun yetib borgani haqida xabar berilgan.

Xabarda avtobus yo‘nalishi, marhumlarning Rossiyaga jo‘nashdan maqsadi va favqulodda holatning aniq sabablari tekshirilayotgani, marhumlarning jasadlari 19-yanvar oxirigacha Aqto‘beda sud-tibbiy ekspertizaga yetkazilishi ta’kidlangan. Shuningdek, jabrlangan va halok bo‘lganlar orasida voyaga yetmagan bolalar yo‘qligi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar orasida ayollar ham bo‘lmagani qo‘shimcha qilingan. Kun nihoyalamay turib marhumlarning jasadlari Aqto‘bega yetkazilgan.

Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi esa qurbonlarning shaxslarini aniqlashda yordam so‘rab jamoatchilikka murojaat qilgan. Vazirlik vakili Almas Sadubayev 12—13-yanvar kunlari Qozog‘iston orqali Rossiyaning Qozon shahriga jo‘nab ketgan shaxslarning uyali telefon raqamlari, shuningdek, boshqa har qanday qo‘shimcha ma’lumotlari (alohida belgilari, shu jumladan tish protezlari, implantlar, muqaddam suyak sinishlari, pasport raqami, uning nusxasi, fotosurat va boshqalar)ni taqdim etishni so‘ragan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-yanvar kuni avtobus yong‘ini oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. 19-yanvar kuni Surxondaryoga tashrifi davomida, Hakim at-Termiziy maqbarasini ziyorat qilarkan, prezident Aqto‘beda o‘zbekistonliklar vafot etganidan chuqur qayg‘uda ekanini aytgan hamda marhumlar haqiga duo qilingan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi fojiada halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirgan. Qur’on musobaqasida Aqto‘be qurbonlari haqiga duo qilingan. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U23 termasi Yaponiyaga qarshi o‘yin oldidan qurbonlar xotirasiga bir daqiqa sukut saqlab, o‘yin davomida qora tasma bilan harakat qilgan.

Fojia munosabati bilan O‘zbekiston davlat rahbariga Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Qozog‘iston, Turkmaniston va Qirg‘izistonning o‘sha vaqtdagi amaldagi prezidentlari — Nursulton Nazarboyev, Gurbanguli Berdimuhamedov, Sooranbay Jeenbekovlar ta’ziya izhor qilgan.

2018-yil 20-yanvarda Qozog‘iston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yerlan Turgumbayevning “Samara—Chimkent” yo‘lining 1068-kilometrida sodir bo‘lgan noxush hodisa olovga nisbatan beparvolik oqibatida kelib chiqqanini ma’lum qilgani haqida xabar berilgan.

2018-yil 18-yanvar kuni Aqto‘beda yonib ketgan avtobus

Foto: Foto: Instagram / @askar_aktileu

Qayd etilishicha, voqea joyidan yonuvchan aralashmada, xususan, benzinda ishlaydigan kavshar lampa topilgan. Shuningdek, tergov harakati vaqtida o‘tkazilgan so‘rovlar natijasida aniqlanganki, avtobus ichida 5 litrli plastik idishda benzin bo‘lgan.

Vazir o‘rinbosari ushbu versiya omon qolganlarning ko‘rsatmasi asosida tasdiqlanganini ta’kidlagan. Avtobusning dvigateli o‘chib qolgani va mashina ichi sovuq bo‘lgani sabab ushbu kavshar lampadan isitgich sifatida foydalanilgan. U ikki soatga yaqin ishlagan va oqibatda gaz-benzinli aralashma butun salonni egallagan. Tasodifan benzin to‘kib yuborilganida esa yong‘in yuzaga kelgan. Xabarda ta’kidlanishicha, shu bilan birga, noxush hodisa YTH yoki qandaydir jinoiy harakatlar orqali amalga oshirilgan degan versiya to‘liq chiqarib tashlangan.

2018-yil 29-mart kuni qozog‘istonlik tadbirkor Aydin Rahimboyevga qarashli kompaniya xodimlari Aqto‘be viloyatida avtobus yonib ketishi oqibatida halok bo‘lganlarning oilalariga 10 million tenge (taxminan 31 200 dollar) yig‘ib tarqatgani haqida xabar berilgan. Aytilishicha, xayriya tadbirida kompaniyaning 1300 nafar xodimlari va aksionerlari ishtirok etgan.

“Ko‘pchilikning farzandi yetim qoldi, oilalar bir onda o‘z boquvchilaridan ayrildi. Afsuski, pullarni oilalarga tarqatish uchun rasman ruxsatnoma olishga bir oy vaqt ketdi. Lekin biz sabr bilan kutdik va har bir oilaga borib qardosh xalqimizga o‘z ta’ziyamizni bildirdik. Ayrim oilalar bundan hayratga tushdi, ayrimlar esa pulni olishdan voz kechdi”, — deb yozgan Rahimboyev ijtimoiy tarmoqda.

2018-yil 9-noyabrda yonib ketgan avtobus ishi bo‘yicha sud hukmi chiqarilgani haqida xabar berilgan. Avtobusni boshqarib ketgan uch haydovchining har biri besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Ular jazoni o‘tab chiqqanidan so‘ng yetti yil davomida yo‘lovchi tashish sohasida ishlashi taqiqlanadigan bo‘lgan.

Jinoiy ish bo‘yicha yana ikki sudlanuvchi — avtobusga egalik qiluvchi kompaniya mexanigi va ta’sischisi uch yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan (nosoz avtobusni yo‘lga chiqarib yuborgani uchun).

Bundan tashqari, sudlanuvchilar hodisa oqibatida halok bo‘lgan 52 o‘zbekistonlikning har biri uchun ularning oila a’zolariga 2 million tenge (taxminan 5,4 ming dollar)dan tovon puli ham to‘lashi lozim qilib ko‘rsatilgan. Qayd etilishicha, oldinroq — 2018-yil 4-oktabrda Aqto‘be fojiasi qurbonlaridan 16 nafarining oila a’zolari sudlanuvchilardan jami 2,4 milliard tenge (har bir qurbon uchun 150 million tengedan) tovon puli talab qilgan — umumiy miqdor 7 milliard 800 million tengeni (21 million dollardan ortiqni) tashkil qilgan. O‘zbekiston taraf fojiada aybdor deb topgan besh nafar shaxs esa ushbu pullarni to‘lashga qurblari yetmasligini ma’lum qilgan.

2019-yil 20-iyunda, Aqto‘be fojiasidan roppa-rosa bir yarim yil o‘tib, yonib ketgan avtobus egasi Orduxan Mextiyevga nisbatan sud ishi boshlangani haqida xabar qilingan.

2018-yil yanvarida fojiadan so‘ng Mextiyev darhol qochib, O‘zbekiston hududida tergovdan yashirinib yurgan.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi uni xalqaro qidiruvga bergan. 2018-yil oxirida Mextiyev O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingan va Qozog‘iston tomoni so‘roviga asosan Chimkentga deportatsiya qilingan.

2019-yil 13-avgust kuni Qozog‘istonning Sariag‘ash tumani sudi 46 yoshli Qozog‘iston fuqarosi Orduxan Mextiyevga “bila turib texnik nosoz transport vositasini ishga chiqarish”da aybdor deb topib, uch yilga ozodlikdan mahrum qilish hukmini chiqargan. Ta’kidlanishicha, Mextiyev o‘ziga nisbatan e’lon qilingan ayblovga qo‘shilmasligini bildirgan. Shuningdek, uning jazo muddatini minimal xavfsiz koloniyada o‘tashi ham qayd etilgan.

Orduxan Mextiyev

Foto: “NUZ.uz”

2020-yil 18-yanvar kuni “Daryo”da “Ilojsizlikdan shu yerlarda ishlayapmiz. Aqto‘be fojiasidan omon qolgan ikki o‘zbekistonlik ish izlab yana xorijga ketdi” sarlavhali maqola e’lon qilingan.

“Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev Aqto‘be fojiasiga ikki yil to‘lishi munosabati bilan fojiada omon qolgan Ahror Isoqov va Isroil Mirzaahmedov bilan uchrashish uchun To‘raqo‘rg‘on tumanida bo‘lgan. Ammo yigitlarni uyidan topishning imkoni bo‘lmagan. Ular bir necha oy oldin ish izlab, xorijga jo‘nab ketgani ma’lum bo‘lgan. Ahror Rossiyaga, Isroil esa Qozog‘istonga yo‘l olgan. “Daryo” muxbiri ularning oila a’zolari bilan uchrashgan, o‘zlari bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqotda bo‘lgan.

2018-yil sentabrda Ahror va Isroil bergan bir intervyusida biri brigadir, ikkinchisi temirchi bo‘lib To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi (IES)da ishlayotganini aytgan. O‘sha intervyuda Ahror IESdan 4 million maosh olayotgani, agar shunday ish va maosh bo‘lib tursa, issiq o‘rnini sovutib Rossiyaga ketishiga hojat yo‘qligini aytgan. Ota-onasi esa endi uni hech qayoqqa qo‘yib yubormasligini takrorlagan. Ammo ish borasidagi mavhumlikdan so‘ng, u yana Rossiyaga yo‘l olgan.

Ta’kidlashicha, o‘sha paytda ish nihoyalay deb qolgan, “ertaga javob berib yuborsa, yana ishsiz qolmay” deb Rossiyadan ish chiqqanda ketavergan.

Isroil Mirzaahmedov esa IESda besh-olti oy ishlab, juda past oylik — 1,5 million so‘m olganidan yana chet elga ketishga majbur bo‘lganini aytgan. Oilaviy va boshqa ehtiyojlardan tashqari u kreditga namunali uy olgan. Unga har oy 550 ming so‘m atrofida to‘lov qilish kerak bo‘lgan. Yana Rossiyaga borishga harakat qilib, taksida yo‘lga chiqqanida Rossiya chegarasida “deportatsiya qilingan ekansan”, deb qaytarib yuborishgan. Ortga qaytmay Qozog‘istonga ketgan. O‘sha yili Qarag‘anda (Qozog‘iston)dagi un zavodida 400 dollarga yaqin maosh olib ishlayotgani, 300 dollarini uyiga jo‘natayotganini ta’kidlagan.

“Hali ham o‘sha kunlarni eslasam yuragim orqasiga tortib ketadi. “Nega shu yerlarga yana keldim?” deb o‘ylab qolaman. O‘zi o‘sha safarga qishloqdan to‘rt kishi otlangandik. Fojiada yonimdagi o‘rindiqda o‘tirgan eng yaqin o‘rtog‘im Komiljon ham omon qolmadi. Shular yodimga tushib, siqilaman, ko‘zimga yosh keladi. Lekin nima qilasiz, tirikchilik ekanda...”, — deya o‘z holatini ifodalagan Isroil.

May oyiga qadar Qozog‘istonda ishlab turmoqchiligi, keyin esa yana Rossiyaga ketishni niyat qilganini ham aytib o‘tgan. Ana shu tarzda muhojirlik sabab butun boshli haqiqiy fojiadan omon qolgan ikki o‘zbekistonlik yana tirikchilik ilinjida chet elga ketishga majbur bo‘lishgan. Bu O‘zbekistonning 52 dilbandi qandaydir 10-15 daqiqada yonib ketgan Aqto‘be fojiasi haqidagi oxirgi tafsilotlar bo‘lib qolgan.

Chimkent—Samara trassasida salonida 37 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgan.

2018-yil 22-noyabr kuni Chimkent—Samara trassasida, Aralsk shahridan 40 kilometr uzoqda Chimkent—Novosibirsk yo‘nalishidagi avtobus ag‘darilib ketgan.

Avariya chog‘i avtobus salonida O‘zbekistonning 37 nafar fuqarosi bo‘lgan.

Qizilo‘rda viloyati akimi matbuot xizmati xabarida hodisa tufayli ikki kishi kasalxonaga yotqizilgani va ularning hayoti xavf ostida emasligi, bir yo‘lovchi jarohatlari oqibatida kasalxonada vafot etgani, 17 nafar yo‘lovchi trassa bo‘yidagi mehmonxonada joylashtirilgani aytilgan.

Avtobusning qolgan yo‘lovchilari mustaqil ravishda Novosibirskka yo‘l olgan.

Samara—Chimkent yo‘lida 74 nafar yo‘lovchisi bor avtobus YTHga uchragan. Ular orasida o‘zbekistonliklar ham bo‘lgan

2019-yil 2-dekabr kuni Samara—Chimkent yo‘lida 74 nafar yo‘lovchisi bor avtobus YTHga uchragan. Hodisa oqibatida ikki kishi jabrlangan.

Avtohalokat Qizilo‘rda viloyatining Sijjak qishlog‘i yaqinida, 1 311 kilometr masofada sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Neoplan avtobusi haydovchisi tezlikni oshirgan va oraliq masofani saqlamasdan oldinda ketayotgan DAF yuk mashinasiga to‘qnashgan.

2019-yil 2-dekabr kuni Samara—Chimkent yo‘lida YTHga uchragan avtobus

Foto: Instagram/kazautozhol

Avtobusda bo‘lgan o‘zbekistonlik va tojikistonliklardan iborat 72 fuqaro evakuatsiya qilingan va ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Jabrlanganlarning ikki nafari tez yordam mashinasida Orol markaziy shifoxonasiga olib ketilgan. Ular kasalxonaga oyoq sinishi tashxisi bilan yotqizilgan.

3-dekabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hodisa yuzasidan qo‘shimcha axborotiga ko‘ra, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan.

Volgogradda 56 o‘zbekistonlikni olib ketayotgan avtobus “KamAZ” bilan to‘qnashgan

2019-yil 21-dekabrda Rossiyaning Volgograd viloyatida “KamAZ” yuk mashinasi va 56 nafar o‘zbekistonlikni olib ketayotgan avtobus ishtirokida YTH yuz bergan.

2019-yil 21-dekabrda Volgograd viloyatida “KamAZ” bilan to‘qnashgan avtobus

Foto: Rossiya IIV

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikkinchi darajali yo‘ldan chiqib kelgan avtobus haydovchisi asosiy yo‘ldan harakatlanayotgan yarim pritsepli “KamAZ”ga yo‘l bermagan, oqibatda to‘qnashuv kelib chiqqan.

YTH oqibatida jarohatlangan besh kishi kasalxonaga yotqizilgan. Avariya haqidagi xabarda hodisa joyida vakolatli organlar hodisa sabablarini o‘rganayotgani, o‘zbekistonlik yo‘lovchilarni mahalliy maktabga vaqtincha joylashtirish masalasi hal qilinayotgani qayd etilgan. Holat haqida boshqa ma’lumotlar mavjud emas.

Qozog‘istonda 45 nafar yo‘lovchi bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgan. Ular orasida o‘zbekistonliklar ham bo‘lgan

2020-yil 25-fevral kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi Karabutak—Kostanay trassasida 45 nafar yo‘lovchi — O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgan.

2020-yil 25-fevral kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi Karabutak—Kostanay trassasida ag‘darilgan avtobus

Foto: Diapazon

Chimkentdan Yekaterinburgga qarab yo‘lga chiqqan avtobus yo‘l muzlashi tufayli ag‘darilgan, uning ichida o‘ndan ortiq o‘zbekistonliklar bo‘lgan.

Yo‘lovchilar orasida jarohatlanganlar bo‘lmagan. Mahalliy huquq-tartibot idoralari tashabbusi bilan YTH ishtirokchilari mehmonxonaga joylashtirilgan.

2020-yil 25-fevral kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi Karabutak—Kostanay trassasida ag‘darilgan avtobus

Foto: “Kun.uz”

Hodisadan uch kun o‘tib O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur holat bo‘yicha bergan xabarida avtobus ichida 14 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgani aytilgan.

Qozog‘istonda 26 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgan

2020-yil 6-martga o‘tar kechasi Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida ichida 28 kishi bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgan. Ularning 26 nafari o‘zbekistonlik, qolgan ikkisi esa Qozog‘iston fuqarolari bo‘lgan.

2020-yil 6-martga o‘tar kechasi Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida ag‘darilib ketgan avtobus

Foto: KazTAG

YTH Ekibastuz qishlog‘i yonida Qizilo‘rda—Pavlodar avtomobil yo‘lining 1160-kilometrida sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, Mercedes rusumli avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, Novosibirsk—Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan avtobusni ag‘darib yuborgan. Jarohatlanganlar va qurbonlar bo‘lmagan.

Viloyat politsiya departamenti matbuot xizmati avtobus Novosibirskdan Chimkentga ketayotganini ma’lum qilgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar ishlar vazirligi axborotida esa tekshiruvlardan so‘ng O‘zbekiston fuqarolari kasalxonaga yotqizishga muhtoj emasliklari aniqlangani, avtobus yo‘lovchilari o‘z safarlarini boshqa transport vositasida davom ettirgani aytilgan.

Rossiyada o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus “KamAZ”ga to‘qnashgan. Haydovchi halok bo‘lgan.

2021-yil 9-dekabr kuni Rossiyaning Nijegorod viloyatida o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus “KamAZ”ga to‘qnashgan.

Avtobusda jami 23 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ishchilar tashish bilan shug‘ullangan avtobus haydovchisi yo‘l sharoitiga mos bo‘lmagan tezlikda harakatlanishi oqibatida avtobus qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketib, “KamAZ”ga urilgan.

2021-yil 9-dekabr kuni Rossiyaning Nijegorod viloyatida “KamAZ”ga to‘qnashgan avtobus

Foto: Nijniy Novgorod prokuraturasi matbuot xizmati

Oqibatida haydovchi halok bo‘lgan, yo‘lovchilarning 11 nafari tan jarohati olgan. Qayd etilishicha, YTHda jabrlanganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.

Holat haqidagi xabarda hodisa yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan tekshiruv ishlari tashkil etilib, tergov harakatlari olib borilayotgani aytilgan.

10-dekabr kuni O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot bergan. Unga ko‘ra, avtobusda ketayotgan 22 yo‘lovchining 13 nafari Rossiyaga mustaqil ravishda ishga borgan O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Besh nafar O‘zbekiston fuqarosi Nijniy-Novgorod viloyati M.Vladimirskiy nomidagi shahar tez tibbiy yordam kasalxonasiga yotqizilgan.

YTHda tan jarohati olgan o‘zbekistonliklarning ahvoli qoniqarli bo‘lgani sababli tegishli tibbiy xizmat ko‘rsatilgandan so‘ng, shu kunning o‘zida ularga kasalxonadan javob berilgan.

Qozog‘istonda ichida 30 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus avariyaga uchragan

2021-yil 27-dekabr soat taxminan 21:40 larda Qozog‘istonning Olmaota viloyati hududidan o‘tgan Olmaota—Bishkek avtomobil yo‘lida 105-kilometrida ichida o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus va Mercedes avtomobili ishtirokida YTH sodir bo‘lgan.

2021-yil 27-dekabrida Qozog‘istonning Olmaota viloyatida avtobus va Mercedes to‘qnashuvi

Foto: “Zakon.kz”

Yo‘lning muzlashi oqibatida Mercedes-Benz E-Class va shaharlararo avtobus to‘qnashib ketgan. Yengil avtomobil sharqiy yo‘nalishda Olmaota tomon, avtobus esa g‘arbiy yo‘nalishda harakatlanayotgan bo‘lgan. To‘qnashuv oqibatida Mercedes jarlikka tushib ketgan, avtobus esa yon tomonga qulagan.

Guvohlar O‘zbekiston fuqarolari ketayotgan avtobus to‘la bo‘lgani, Mercedes’da esa 6 kishi bo‘lganini aytishgan. O‘zbekistonning Olmaotadagi Bosh konsulxonasi avtobusdagi 33 nafar yo‘lovchidan 30 nafari O‘zbekiston fuqarosi bo‘lganini haqida ma’lumot bergan.

YTH oqibatida Mercedes’da bo‘lgan uch kishi halok bo‘lgan. Jumladan, bir qiz avtobusning yengil mashina ustiga qulashi oqibatida qisilib qolgan. Uning jasadi avtobus ko‘tarilganidan so‘nggina chiqarib olingan. Keyinroq Mercedes mashinasida haydovchining rafiqasi va ikki yo‘lovchi halok bo‘lgani ma’lum bo‘lgan.

2021-yil 27-dekabrida Qozog‘istonning Olmaota viloyatida avtobus va Mercedes to‘qnashuvida Mercedes’ning holati

Foto: “Zakon.kz”

Jabrlanganlar orasida avtobus va mashina haydovchilari, shifoxonaga yotqizilgan Mercedes’ning ikki yo‘lovchisi ham bo‘lgan. Avtobus haydovchisi jiddiy jarohat olmagan, shifoxonada tibbiy yordam ko‘rsatilganidan so‘ng uyiga jo‘nab ketgan. Holat haqidagi dastlabki xabarda yengil avtomobil haydovchisi o‘ziga kelgani, ikki yo‘lovchining ahvoli esa og‘irligi aytilgan.

Voqea joyiga bir avtobus olib kelinib, barcha o‘zbekistonliklar xavfsiz tarzda Toshkentga jo‘natilgan va 28-dekabr kuni O‘zbekistonga qaytgan.

Qozog‘istonda ichida 47 nafar O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketdi. 3 kishi vafot etdi

2022-yilining 12-may kuni Qozog‘istonning Jambil viloyatida hududidan o‘tuvchi G‘arbiy Yevropa—G‘arbiy Xitoy avtomobil yo‘lida ichida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus YTHga uchradi.

Jambil viloyati Favqulodda vaziyatlar departamentining ma’lum qilishicha, hodisa Olmaota—Toshkent avtomobil yo‘lining 571-kilometrida, Jualinskiy tumani “Baurjon Momishuli” qishlog‘idagi yo‘lda sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l bo‘ylab harakatlanayotgan traktor tirkamasi bilan to‘qnashib ketgan.

YTH sodir bo‘lgan kuni taqdim etilgan xabarda avariya natijasida haydovchi yordamchisi va avtobus yo‘lovchisi voqea joyida halok bo‘lgani aytildi. 13-may kuni O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi esa ikki nafar vafot etganlarning O‘zbekiston fuqarosi ekanini qayd etdi.

2022-yilining 12-mayida Qozog‘istonning Jambil viloyatida YTHga uchragan avtobus

Foto: “Kazinform”

Dastlabki kungi xabarda Jualinskiy tuman shifoxonasiga avtobus ichida bo‘lgan 48 nafar O‘zbekiston fuqarosi murojaat qilgani, ularning 38 nafari erkak, to‘qqiz nafari ayol va bir nafar bola ekani, yo‘lovchilarning 16 nafari shifoxonaga yotqizilib, to‘rt nafari reanimatsiya, 12 nafari esa jarrohlik bo‘limida ekani aytildi.

13-may kuni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi jarrohlik bo‘limidagilarning sonini 12 emas, 13 nafar deya ma’lumot berdi.

Xuddi shu kuni Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili xabarida Nukus—Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha harakatlangan avtobusda 53 nafar yo‘lovchi bo‘lgani tasdiqlangan holda, dastlabki ma’lumotlarda keltirilganidek, ularning 48 emas, 47 nafari O‘zbekiston fuqarosi ekani aytildi.

13-may kuni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi O‘zbekistonning Olmaotadagi bosh konsulxonasi qoshida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilgani, huquqni muhofaza qilish organlar va tibbiyot muassasalari bilan doimiy aloqa o‘rnatilib, marhumlarning jasadlarini Vatanga olib kelish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar hal etilayotgani haqida ma’lumot berdi.

Holat yuzasidan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 345-moddasi 4-qismi (transport vositasini boshqarayotgan shaxs tomonidan ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga olib kelgan yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) bilan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan. Kerakli tekshiruvlar tayinlangan.

FVV matbuot xizmati bergan navbatdagi ma’lumotda 14-may kuni yana bir fuqaro vafot etgani, marhumni olib kelish yuzasidan zarur choralar ko‘rilayotgani aytilgan. Shu bilan ushbu halokatda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni uch nafar bo‘lgan.

2022-yilining 12-mayida Qozog‘istonning Jambil viloyatida YTHga uchragan avtobus

Foto: “Kazinform”

Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidentining tezkor topshirig‘i asosan hukumat qarori bilan Favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari A.Latifjonov boshchiligida ishchi guruh tashkil etilgan. Ishchi guruh 13-may kuni soat 18:05 da Jualin tumanining markaziy shifoxonasiga yetib borib, Qozog‘istonning mas’ul idoralari rahbarlari bilan uchrashgan va hamkorlik asosida tashkiliy hamda amaliy harakatlar olib borilgan.

Soat 23:40 da jabrlanganlar Jualin tuman markaziy shifoxonasidan yo‘lga chiqib, 14-may kuni soat 04:55 da O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasi “G‘ishtko‘prik” bojxona maskaniga yetib kelgan.

Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida ikki nafar vafot etgan fuqarolarning jasadlari yashash manzili – Buxoro va Xorazm viloyatlariga yuborilgan.

Olib kelingan 23 nafar fuqarodan 18 nafar jarohatlangani Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markaziga joylashtirilgan, 5 nafar fuqaroning ahvoli yaxshi bo‘lgani uchun uyiga javob berilgan.

Holat haqidagi ushbu xabarda markazga joylashtirilgan fuqarolarning ahvoli shifokorlarning qat’iy nazoratiga olinib, tegishli muolajalar o‘tkazilayotgani aytib o‘tilgan.