Rossiyaning “AvtoVAZ” kompaniyasi Xray modeli ishlab chiqarishni to‘xtatishi mumkin, deb xabar berdi “Autonews.ru”.

Foto: Lada

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya Xray modelining yangi avlodini yaratish bilan shug‘ullanmaydi va joriy versiyasini yangilash ustida ishlamaydi.

Bundan tashqari, model tez orada konveyerni butunlay tark etishi mumkin. Sababi — Renault’ning Rossiyadan ketishi va butlovchi qismlarni yetkazib berishdagi qiyinchiliklar.

Xray “AvtoVAZ” birinchi bo‘lib mikrochip yetishmasligidan aziyat chekdi. 2021-yil iyul oyida zavod Lada EnjoY Pro multimedia tizimiga ega ushbu avtomobillarni ishlab chiqarishni to‘xtatib qo‘ygan edi. O‘sha vaqtdan beri bunday konfiguratsiyalarni yig‘ish qayta tiklanmadi, — deyiladi xabarda.

“AvtoVAZ” bunga izoh berishdan bosh tortdi.

O‘zbekistonda Xray SKD usulida ADM-Jizzakh avtomobil zavodida yig‘iladi. Narxlar 178,9 million so‘mdan boshlanadi.

Avvalroq O‘zbekistonda Lada avtomobillarini to‘liq ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgan edi.