Tarix — hayot takrorlardan iborat ekani haqida saboq beruvchi eng yaxshi ustoz; har kunlik bu saboqlardan doim ham vaqtida va to‘g‘ri xulosalar chiqarilmasa-da, tarix baribir eng yaxshi ustozligicha qolaveradi.

Ham O‘zbekistonning, ham jahonning bundan 90, 60 va 30 yil avvalgi manzarasiga o‘zbek matbuoti ko‘zi bilan imkon qadar nazar solish ham qiziq, ham foydali ko‘rindi. Bundan o‘n yillar avval aynan bugungi sanada nimalar bo‘lgan, davr matbuoti ular haqida nima deb yozgan, jamoatchilikning munosabati qanday edi — bularning barini “Kun matbuoti tarixi” rukni orqali kuzatib borish mumkin.

Rukn materiallari har kuni tong soat 7:30 da e’lon qilinadi.

90 yil avval. 19-may, payshanba

1932-yil 19-may kuni O‘zbekistonda markaziy gazetalar chop etilmagan.

60 yil avval. 19-may, shanba

1962-yil 19-may kuni SSSR pioner tashkiloti tashkil etilganiga 40 yil to‘lgan, shu bois markaziy gazetalar asosan shu yubiley bilan bog‘liq materiallar bilan to‘ldirilgan. Ora-sira “Tuxum tayyorlash yarim yillik plani bajarildi” kabi xabarchalar uchrab qoladi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 19-may sonidan lavha

O‘zbekiston 60 yil avval dinga qarshi kurashuvchi bir mamlakatning bir qismi edi, shu bois gazetalarda ateistlarni faolroq ishlashga chorlovchi mana bunday materiallar bemalol berilganiga hayron qolmasa ham bo‘ladi:

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 19-may sonidan lavha

Germaniya Federativ Respublikasida Ikkinchi Jahon urushidagi harbiy jinoyatchilar ustidan olib boriladigan sud jarayonlarini kuzatish va ularni sharhlash — sovet matbuotining sevimli mashg‘uloti. Bunda sovet propagandachilari nemis ma’murlarning har bir harakatini shubha ostiga oladi.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1962-yil 19-may sonidan lavha

30 yil avval. 19-may, seshanba

“Xalq so‘zi” gazetasining birinchi sahifasi 15-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan MDH sammiti yakunlariga bag‘ishlangan. Masalan, Rossiya prezidenti Boris Yelsindan olingan intervyu bor. Qisqa suhbatda Yelsin, jumladan, shunday degan: “Hech kutilmaganda, SSSRni qayta tiklash shiorini ko‘tarib chiqqan guruhlar paydo bo‘lib qoldi. Men ushbu safsatabozlarning urinishini nojiddiy, ahmoqona niyat deb hisoblayman. Nima, Rossiya SSSRni tiklashni istaydimi? Yoki Ukraina? Birortayam davlat buni xohlamaydi!”.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 19-may sonidan lavha

Sammit yakunlari bo‘yicha prezident Islom Karimov fikrlari:

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 19-may sonidan lavha

Ukraina bosh vaziri Vitold Fokin, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev va Belarus Oliy Kengashi raisi Stanislav Shushkevichdan qisqa iqtiboslar:

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 19-may sonidan lavha

Sammitdan so‘ng Islom Karimov va Boris Yelsin Samarqandga yo‘l olgan (internetda ushbu safarga doir videolavhalar ham bor). “Men Samarqandni ziyorat qilishga orzumand edim. Shu orzuim ushaldi”, — degan Rossiya prezidenti Samarqandda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 19-may sonidan lavha

Qashqadaryoda yana tabiiy ofat (O‘zbekistonning boshqa hududlarida bo‘lgani singari): “Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘, Dehqonobod, G‘uzor rayonlarida o‘tgan payshanba kuni uzluksiz yoqqan yomg‘ir va do‘l qishloq xo‘jaligi ekinlariga shikast yetkazdi. Talaygina chorva mollari nobud bo‘ldi. Tokzorlar va sabzavotzorlarni suv bosdi, bir qancha ko‘prik, markaziy yo‘llarni sel yuvib ketdi. Aholi uy-joylariga ham ziyon yetdi”.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 19-may sonidan lavha

Toshkentda, Yunusoboddagi “Mirza Yusuf” (Bodomzor) masjidida qorilar tanlov-musobaqasi bo‘lib o‘tgan. Xabar berishlaricha, tanlovni qashqadaryolik 2 yoshu 3 oylik Temirxon Abdujabbor o‘g‘lining “biyron tilovati” ochib bergan. “Andijonlik 15 yoshli Alisher Rajab, 11 yoshli Abdulmajid Abdullatif tilovatning hifz qismi bo‘yicha, buxorolik 10 yoshli Madina Abduhalil qizi ojizalar davrasi bo‘yicha birinchilikni egallab, tanlov musobaqasi g‘olibi bo‘ldilar va Haj safariga imtiyoz bilan borish huquqini qo‘lga kiritdilar”, — deyiladi xabarda.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasining 1992-yil 19-may sonidan lavha

Qiziq xabar: “Marg‘ilon shahri hududida fuqarolarga xizmat ko‘rsatuvchi barcha avtobuslar shu yil oxirigacha haftaning har juma kuni bepul xizmat ko‘rsatadigan bo‘ldi”.

“Xalq so‘zi” gazetasining 1992-yil 19-may sonidan lavha

Xorijda nima gap? Turkmaniston MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib o‘z Konstitutsiyasini qabul qildi, Gruziya esa sobiq SSSRning Qora dengiz floti nafaqat Rossiya va Ukraina, balki Gruziya bilan ham birga taqsimlanishi kerak, deb hisoblamoqda.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 19-may sonidan lavha

Somalining qochoq prezidenti Muhammad Siad Barre Nigeriyadan boshpana topgan, Mo‘g‘ulistonda Chingizxon mamlakat milliy qahramoni va faxri deb e’lon qilingan, Liviya yetakchisi Muammar Kaddafi esa bozor iqtisodiyotining liviyacha modelini ishlab chiqishga chaqirgan.

“Toshkent oqshomi” gazetasining 1992-yil 19-may sonidan lavha

Ushbu material huquqlari mualliflarida saqlangan holda e’lon qilish sharti bilan “Daryo” internet-nashriga taqdim etildi