Dam olish kunlari respublika bo‘yicha jala yomg‘ir yog‘ishi va shamolning kuchayishi kutilmoqda, deb xabar beradi “O‘zgidromet”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qayd etilishicha, 21-may, shanba kuni respublika hududlariga Kavkaz hududlaridan nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va kechga tomon Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida harorat 27-32 daraja atrofida bo‘lgan quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.

Yakshanba kuni nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. Ko‘pchilik viloyatlarda jala yomg‘ir yog‘adi, tog‘oldi va tog‘li hududlarda kuchli bo‘ladi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi, Buxoro, Navoiy viloyatlarida esa ertalab yomg‘ir to‘xtaydi. Havo harorati kunduz kuni 18-23 darajagacha pasayadi, bu me’yordan 4-6 darajaga pastdir.

20—22-mayda respublika bo‘yicha shamol 15-20 metr/sekundgacha kuchayishi kutilmoqda, 21-mayda shimolda va cho‘l hududlarida, 22-mayda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda 23-28 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.

23-may, dushanba kuni respublikaning deyarli barcha hududlarida kam bulutli va quruq ob-havo kuzatiladi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kechasi va ertalab ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Kechasi va ertalab havo harorati sezilarli darajada pasayadi va 10-13 daraja atrofida bo‘ladi, kunduz kuni esa quyosh nurlari havoni 23-28 darajagacha isitadi.

20—23-mayda rsepublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.