Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2022-yil 1-choragi bo‘yicha “Banklar faollik indeksi” hisoblab chiqildi.

Foto: Yandex

Mazkur indeks O‘zbekistondagi 31 ta bankni qamrab olgan bo‘lib, bank tizimidagi islohotlar va transformatsiya jarayonlarining samaradorligi, raqobat muhiti o‘zgarishi hamda barqarorlik darajasini baholab borish maqsadida tuziladi.

Indeksni hisoblashda banklarning 7 ta yo‘nalish bo‘yicha 21 ta ko‘rsatkichlari: moliyaviy vositachilik, moliyaviy ommaboplik, kapital yetarliligi, aktivlar sifati, boshqaruv samaradorligi, daromad olish salohiyati hamda likvidlilik kabilar tahlil qilinadi.

2022-yil 1-aprel holatiga ko‘ra O‘zbekiston bank tizimi aktivlari 436,8 trln so‘m (2021-yil aprel holatiga nisbatan o‘sish – 19,3 foiz), majburiyatlari 365 trln so‘m (19 foiz), kreditlari 327,2 trln so‘m (16,8 foiz) hamda depozitlari 148,4 trln so‘mni (31,2 foiz) tashkil etdi. 

Hozirgi kunda bank tizimida 56,7 ming kishi faoliyat olib bormoqda.

Yirik banklar reytingi

Ushbu guruhda “Kapitalbank” 1-o‘rinni saqlab qolgan bo‘lsa, Trast bank 1 pog‘onaga ko‘tarilib, 2-o‘rinni egalladi. 

Davlat ulushi mavjud banklardan biri “Ipoteka bank” 6 pog‘onaga yuqorilab, 3-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, boshqa bir davlat banki “O‘zsanoatqurilishbank” 13-o‘rindan 10-o‘ringa ko‘tarildi. 

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

1-o‘rin. ‘‘Kapitalbank’’ moliyaviy vositachilik (1-o‘rin), moliyaviy ommaboplik (2-o‘rin), aktivlar sifati (1-o‘rin) va likvidlilik (3-o‘rin) ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchi banklardan biri bo‘lib kelayotgani mazkur bankning 1-o‘rinda saqlanib qolishiga yordam berdi. 

Bankning muddatli depozitlari hajmi 2021-yil 1-mart holatiga nisbatan 2,2 barobarga ko‘paydi va jami kreditlariga nisbati 94 foizni tashkil etdi.

Bankning majburiyatlari tarkibida boshqa banklar va moliya institutlari hamda hukumatdan olingan mablag‘lar ulushining kamligi “Kapitalbank”ning aholi va tadbirkorlar bilan faol ishlayotganidan dalolat bermoqda.

Mazkur moliya muassasasining har bir filialiga to‘g‘ri keluvchi kredit olgan jismoniy va yuridik shaxslar soni bank tizimi o‘rtacha ko‘rsatkichidan mos ravishda 1,2 va 1,4 barobar yuqori. 

2-o‘rin. Trast bankning daromad olish salohiyati (1-o‘rin), likvidlilik (1-o‘rin) hamda aktivlar sifati (3-o‘rin) bo‘yicha ko‘rsatgan natijalari mazkur bankning 2-o‘ringa ko‘tarilishini ta’minladi. 

Bankning aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlargacha bo‘lgan sof foizli daromadlarining jami aktivlariga nisbati 2 foiz, jami foizli xarajatlariga nisbati esa 2,8 barobarni tashkil etdi. 

3-o‘rin. ‘‘Ipoteka bank’’ davlat ulushi mavjud yirik banklar qatorida birinchi bo‘lib, top-3 banklar qatoriga qo‘shildi. 

Bunga bankning moliyaviy ommaboplik (1-o‘rin), boshqaruv samaradorligi (2-o‘rin) ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolayotgani hamda moliyaviy vositachilik (11-o‘rin), aktivlar sifati (8-o‘rin) bo‘yicha ko‘rsatkichlarida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar sabab bo‘ldi. 

Bankning muddatli depozitlari hajmi 2021-yil 1-mart holatiga nisbatan 1,6 baravarga ko‘paydi, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarining jami majburiyatlaridagi ulushi 50 foizdan 43 foizgacha kamaydi. 

Kichik banklar reytingi

Ushbu guruhda Davr bank (1-o‘rin) va Ziraat bank (2-o‘rin) o‘z o‘rnini saqlab qolgan bo‘lsa, “Poytaxt bank” 3-o‘ringa, Tenge bank 7-o‘ringa, “Madad invest bank” 9-o‘ringa ko‘tarildi.

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

1-o‘rin. ‘‘Davr bank’’ umumiy reytingda yetakchilikni saqlab qolishiga moliyaviy ommaboplik (1-o‘rin), aktivlar sifati (1-o‘rin), boshqaruv samaradorligi (4-o‘rin) hamda daromad olish salohiyati (4-o‘rin) ko‘rsatkichlari bo‘yicha top-5 kichik banklar qatorida barqaror qolayotgani sabab bo‘ldi. 

Ushbu bankning muammoli kreditlari 0,5 foizgacha kamaygan bo‘lsa, bankdan kredit olgan yuridik shaxslar soni 2021-yil 1-mart holatiga nisbatan 29 foizga, kredit olgan jismoniy shaxslar soni 59 foizga ko‘paydi.

2-o‘rin. Ziraat bank boshqaruv samaradorligi bo‘yicha 3-o‘rinni egallagani hamda moliyaviy ommaboplik (7-o‘rin), kapital yetarliligi (6-o‘rin) va daromad olish salohiyati (6-o‘rin) ko‘rsatkichlarining yaxshilangani bankning 2-o‘rinda saqlanib qolishiga yordam berdi. 

Bankdan kredit olgan yuridik shaxslar soni 43 foizga, jismoniy shaxslar soni 5 foizga ko‘paygan bo‘lsa, top-10 yirik mijozlarga berilgan kreditlarning kredit portfelidagi ulushi 46 foizdan 29 fozga tushdi. 

3-o‘rin. ‘‘Poytaxt bank’’ moliyaviy ommaboplik (2 pog‘onaga), aktivlar sifati (3 pog‘onaga) va likvidlilik (1 pog‘onaga) ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi bankning 3-o‘ringa ko‘tarilishiga yordam berdi. 

Bankning muddatli depozitlari 2021-yil 1-mart holatiga nisbatan 123 foizga oshdi. Muammoli kreditlari ulushi 2,4 foizgacha kamaygani hamda zararlarni qoplash zaxiralarining aktivlariga nisbatining kamligi bank aktivlar sifati yuqoriligini ko‘rsatmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda birinchi chorakda banklar tomonidan qariyb 700 mlrd so‘mlik soliq to‘langani haqida xabar berilgan edi.