Yangi avlod DeLorean’ning taqdimotiga ikki haftaga yaqin vaqt qoldi. 31-may kuni Italdesign atelyesi dunyoga yangi mashhur modelni taqdim etadi. Vyetnamlik mashhur bloger Chiong Van Dao YouTube’dagi kanalida “Kelajakka qaytib” filmlar seriyasidagi afsonaviy avtomobilning yog‘och bo‘lagidan ishlangan nusxasini yasash jarayoni tasvirlangan videoni e’lon qildi.

Foto: Awesome Woodcraft

Usta mashina nusxasini yasashda odatdagidek yog‘och bo‘lagidan foydalangan bo‘lib, unga model shaklini berish uchun bir nechta qismga bo‘lgan. Shundan so‘ng Chiong Van Dao yog‘ochdan eksteryer elementlarini, jumladan, orqa fonarlari, g‘ildiraklari, shuningdek, “chag‘alay qanoti” uslubidagi eshiklarini hamda avtomobil saloni detallarini qirqqan. Keyin esa duradgor modelning orqa qismiga ikkita mitti reaktiv dvigatelni o‘rnatgan, mashinani himoya materiali bilan qayta ishlagan.

O‘yinchoq DeLorean ishning so‘nggi bosqichida kinodagi avtomobilga xos ko‘plab komponentlarga ega bo‘lgan. Xususan, nusxaning saloni va kuzovida turli kabellar va elektr qismlarining mulyajlari paydo bo‘lgan.

Avvalroq vyetnamlik duradgor Chiong Van Dao oddiy yog‘och bo‘laklaridan Ferrari 250 GTO nusxasini yaratish jarayoni tasvirlangan video bilan bo‘lishgandi.