Kiyevda sud rossiyalik harbiy Vadim Shishimarinni Sumi viloyatida qurolsiz fuqaro Aleksandr Shelipovni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga mahkum qildi, deb yozadi Meduza.

Foto: AP Photo

U qasddan qotillik bilan birga, urush qonunlari va taomillarini buzganlikda ayblanayotgan edi.

Shishimarin sudda o‘z aybiga iqror bo‘ldi va marhumning bevasidan kechirim so‘radi. U Shelipovni o‘ldirish niyati bo‘lmaganini va unga ofitserning talabi bilan o‘q uzganini aytdi. Advokat sudlanuvchini oqlashni so‘radi.

Sudda yangragan dalillarga ko‘ra, 28-fevral kuni Shishimarin bo‘lgan kolonna o‘q yomg‘iri ostida qolgan. U va yana bir nechta harbiy xizmatchi bekinishga urinib, yurib ketayotgan yengil mashinaning g‘ildiragini teshib, uni egallab olgan. Yo‘lda ular telefonda gaplashayotgan erkakni ko‘rib qolgan. U o‘zlari haqida ukrain harbiylariga xabar berishi mumkin deb hisoblab, boshqa harbiylar Shishimaringa uni o‘ldirishni buyurgan, u esa mashina oynasidan erkakni avtomat bilan o‘qqa tutgan.

Ayni vaqtda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva rossiyalik harbiy xizmatchi Vadim Shishimarin bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirda bo‘lib, uni himoya qilish variantlari qidirilishini ma’lum qildi.

“Shubhasiz, bizni o‘z fuqaromizning taqdiri xavotirga solmoqda. Afsuski, voqea joyida uning manfaatlarini himoya qilish imkoniyatiga ega emasmiz. Chunki Ukrainada muassasalarimiz faoliyat olib bormayapti. Ammo bu boshqa kanallar orqali urinishlarni davom ettirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmaymiz degani emas”, — dedi Peskov.

“Har bir Rossiya fuqarosining taqdiri biz uchun birlamchi ahamiyatga ega”, — deya ta’kidladi prezident matbuot kotibi.