Moskva va Kiyev o‘rtasida asirlarni ayirboshlash taslim bo‘lgan ukrain harbiy xizmatchilari ustidan sud o‘tkazilganidan keyingina muhokama qilinishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.

Asirga tushgan ukrain harbiylari. 2022-yil 17-may

Foto: “RIA Novosti”

“Asirlikka taslim bo‘lganlar tegishli ravishda sudlanganidan keyin hamma narsalarni ko‘rib chiqamiz, hukm chiqarilsagina boshqa qandaydir qadamlar bo‘lishi mumkin. Ungacha esa ayirboshlashuv haqidagi suhbatlarga erta”, — dedi Rudenko.

Shuningdek, tashqi ishlar o‘rinbosari Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Ukraina 24-fevraldan keyin Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan hududlarini qaytarib olganidan keyingina muzokaralarga qaytishga tayyorligi to‘g‘risidagi bayonotini nokonstruktiv deb atadi.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida asirlar bilan ayirboshlashuv masalasi may oyida Mariupoldagi “Azovstal” zavodida ikki oy mudofaani saqlab turgan ukrain harbiy xizmatchilari asirlikka taslim bo‘lganidan keyin faol muhokama qilina boshladi.

20-may kuni Rossiya Mudofaa vazirligi “Azovstal”dan 2439 nafar ukrainalik harbiy chiqqanini ma’lum qildi. Ular Rossiya va Donetsk hududidagi ozodlikdan mahrum qilish muassasalariga yetkazilayotgani xabar berildi.

DXR rahbari Denis Pushilin “Azovstal”dan keltirilgan asirlar respublikada “xalqaro tribunal”ga berilishini ma’lum qildi. Kiyev ular ayirboshlashuv natijasida Ukraina nazorati ostidagi hududga qaytishini ta’kidlagandi.