Yaponiyaning Asahi Kasei kompaniyasi Yokogamadagi ko‘rgazmada AKXY2 konseptual avtomobilini taqdim etdi, deb xabar beradi Motor. Ko‘plab avtomobil ishlab chiqaruvchilar kabi Asahi Kasei ham kelajak — elektr energiyada harakatlanuvchi va avtonom texnologiyalarniki deb hisoblaydi.

Foto: Asahi Kasei

AKXY2 ning pastki qismi ingichka yorug‘lik diodli optikaga ega harakatlanuvchi platforma va ochiladigan bortdan iborat bo‘lib, u tushadi va zinaga aylanadi. Yuqori qismi — suyri shishali qubba shaklida — shu bilan birga u ko‘tarilganida salonga kirish imkoniyati ochiladi. AKXY2 ning g‘ildirak diskalariga biologik xomashyo asosida yaratilgan butadienli shinalar “kiygizilgan”.

Foto: Asahi Kasei

Salonda ikkita to‘liq o‘lchamli o‘rindiq, yumshoq kreslo, yog‘och stulcha va old panel uchun minimalistik ekran joylashgan. Salonni qoplashda plastik idishlarni qayta ishlashdan olingan materillar ham, Mercedes-AMG’da foydalanilgan Dinamica mikrotolalari ham foydalanilgan. Boshqaruv organlarining yo‘qligi, konseptning to‘liq avtonomligidan dalolat beradi.

Foto: Asahi Kasei

Asahi Kasei ikkilamchi mahsulotlardan foydalanishdan tashqari, insonlar sog‘lig‘i haqida ham qayg‘uradi: bunga karbonat angidrit darajasining ortishini bildiruvchi antibakterial mato va datchiklar javob beradi.

Foto: Asahi Kasei

Foto: Asahi Kasei

AKXY2 da asosiy e’tibor dizayn, qulaylik va foydalaniladigan mahsulotlarga qaratilgani sabab unga o‘rnatiladigan motor haqida hech narsa deyilmagan. Shou-karni, shuningdek, Detroytdagi avtosalon va Las-Vegasdagi CES ko‘rgazmasiga olib borish rejalashtirilgan.

Foto: Asahi Kasei

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda “Xitoycha Google” deb ataluvchi Baidu texnologik kompaniyasi o‘zining birinchi mashinasini — Apollo robot-avtomobilini taqdim etgandi. U noodatiy kuzov konstruksiyasi va shishali tomga ega, boshqaruv organlari yo‘q, haydovchisiz boshqariladigan konsept-kar ko‘rinishini olgan.