Bundan ikki yil oldin taqdim etilgan Maserati MC20 superkari tom qismi ochiq versiyaga ega bo‘ldi. Cielo nomini (italyanchada “osmon” degan ma’noni bildiradi) olgan modelga maydoni yarim metr kvadratga teng oynali yig‘iladigan tom o‘rnatilgan, deb xabar beradi Motor.

Foto: Maserati

Oynaning shaffofligi mediatizim orqali boshqariladi, uning yordamida mashinaning butun tom qismini ham boshqarish mumkin. U soatiga 50 kilometr tezlikda 12 soniya ichida ko‘tarilib-tushadi. Maserati’dagilarning ta’kidlashicha, u issiqlik va shovqindan eng yaxshi himoyani taqdim etadi.

Foto: Maserati

MC20 Cielo kupedan oynalar shaklining o‘zgartirilgani va o‘rindiqlar ortidagi bir juft suyri “suzgichlar” bilan farq qiladi. Kapalak qanoti kabi ochiluvchi eshiklar yopiq versiyadan olingan. Boshqa yangiliklari qatorida — kuzovga uch qatlam qilib sepilgan osmon kabi havorang Acquamarina bo‘yog‘i va olmos bilan ishlov berilgan quyma g‘ildirak diskalari. Ularning Rim raqamidagi ikkitalik “X” kabi ko‘rinishi Maserati brendi transformatsiyani boshlagan yil va nomga ishora hisoblanadi.

Foto: Maserati

MC20 Cielo kupe kabi uglerod tolali monokokdan yasalgan. Biroq qattiq tom olib tashlangani sabab uglerod tolaning joylashuvi biroz o‘rgartirilgan. Natijada Cielo og‘irligi 65 kilogrammga ortgan. Mashina uch litrli V6 Nettuno biturbomotori — Maserati tomonidan yaratilgan dvigatel bilan jihozlangan. Motor 630 ot kuchi va 730 Nm aylanuvchi momentni taqdim etishga qodir bo‘lib, u sakkiz pog‘onali robotlashtirilgan uzatmalar qutisi yordamida boshqariladi.

Foto: Maserati

Mashina og‘irligining ortishi uning dinamikasiga ta’sir ko‘rsatmagani aytilmoqda. Shu bilan birga, maksimal tezlik soatiga 325 kilometrdan 320 ga tushgan.

Foto: Maserati

MC20 Cielo cheklangan 60 nusxada bozorga chiqariladi. Ularning barchasi Acquamarina rangiga, maxsus yorqin charm bilan qoplangan salon va noyob g‘ildirak diskalariga ega bo‘ladi.

Foto: Maserati