Aprel oyida eng ko‘p Diversity Visa’ni (DV) bergan AQSHning xorijdagi vakolatxonalari orasida mamlakatning Toshkentdagi elchixonasi 2-o‘rinni egalladi. Bu haqda AQSH Davlat statistika departamenti hisobotida keltirilgan. Oy davomida 281 nafar O‘zbekiston fuqarosiga bu turdagi viza berilgan.

Foto: “Daryo”

“Biz Green Card lotereyasini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Davlat statistika departamentining aprel oyidagi so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning Toshkentdagi elchixonasi turli millat vakillari uchun vizalar soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi”, — deyiladi elchixona xabarida.

AQSHning Toshkentdagi vakolatxonasi 2022-yil aprel oyida quyidagicha miqdorlarda immigratsion vizalar taqdim etgan:

  • DV — 281 ta;
  • FX — 221 ta;
  • IR1 — 19 ta, IR2 — 7 ta, IR5 — 35 ta;
  • F2A — 16 ta, F2B — 10 ta;
  • CR1 — 5 ta, CR2 — 1 ta;
  • SE — 4 ta, F1 — 7 ta.

Ma’lumot uchun, 2018-yilda O‘zbekistondan 2 114 446 kishi boshqa davlat fuqarolariga AQSHda yashash imkoniyatini beruvchi Green Card lotereyasini o‘ynash uchun ariza topshirgan. Bu ko‘rsatkich dunyo bo‘yicha Green Card o‘ynaganlarning 9 foizini tashkil etadi.